Prezidentlikka nomzod qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashdi
Prezidentlikka nomzod qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashdi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov Qarshi shahrida qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashdi. Unda nuroniylar, yoshlar, mahallalar faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya a’zolari qatnashdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi raisi Olim Ravshanov olib bordi. Nomzodning ishonchli vakili Firdavs Sharipov saylovchilarga nomzodning tarjimai holi bilan bog‘liq yaqindan tanishtirdi.

Prezidentlikka nomzod saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tar ekan, unda 9 ta yo‘nalishdagi 100 ga yaqin g‘oya hamda tashabbuslar ilgari surilayotganini qayd etdi.

Dasturda partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, ijtimoiy himoya va tenglikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Asosiy taklif va tashabbuslar elektorat vakillaridan “quyidan yuqoriga” tizimi asosida shakllantirilgani qayd etildi.

Xususan, dasturda ijtimoiy tenglik tushunchasiga urg‘u berilgan. Ya’ni, bu huquqlarning tengligi bo‘lib, ijtimoiy, mulkiy holati va daromad darajasidan qati nazar, qonun oldida barchaning tengligini ta’minlashni anglatadi.

Shu bilan birga, dasturda ijtimoiy himoyani kafolatlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish kabi jihatlarga ham keng o‘rin berilgan. Har bir insonning birlamchi hayotiy ehtiyojlariga yetadigan eng kam iste’mol xarajatlarini qonun darajasida belgilash esa ustuvor masala sanaladi. Dasturda bu borada alohida qonun qabul qilish taklifi ilgari surilgan.

Nomzod dasturidagi har bir taklifni atroflicha tushuntirib berdi.

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda Prezidentlikka nomzod saylovchilarning savollariga ham javob berdi. Uchrashuv davomida saylovchilar dastur, undagi taklif va tashabbuslar haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishga da’vat qilishdi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati

 

 

 

Teglar

Saylov
← Roʻyxatga qaytish