Tanzila Narbayeva: mahalliy Kengashlar yangi O‘zbekistonning asosi bo‘ladi
Tanzila Narbayeva: mahalliy Kengashlar yangi O‘zbekistonning asosi bo‘ladi

 

2020-yilning 20-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Senatning birinchi majlisida Oliy Majlis Senati Raisi etib saylangan Tanzila Narbayeva o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yuksak lavozimga tavsiya qilganliklari uchun minnatdorlik bildirar ekan, mamlakatimiz parlamentining Senati oldida turgan dolzarb vazifalariga to‘xtalib o‘tdi. 

“Bo‘lib o‘tgan saylovlarda parlamentning har ikkala palatasiga shunday insonlar saylandiki, ularning har biri xalq orasida obro‘ qozongan, katta salohiyatga va boy tajribaga ega. Ularning boy tajribasiga tayanib, o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarish qo‘limizdan keladi. Bunda, birinchi navbatda, mahalliy hokimliklar, ijro organlari va quyi palata bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishni maqsad qilib qo‘yaman”, - deb ta’kidladi Senat Raisi.

Tanzila Narbayeva mamlakat taraqqiyotining asosiy omillaridan biri bo‘lgan qonun hujjatlarini takomillashtirishga ham alohida to‘xtalib o‘tdi: “2019-yilda O‘zbekistonda 220 trillion so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilgan, O‘zbekiston tarixida bunday holat bo‘lmagan. Agar qonunchilik asoslari mukammal bo‘lmasa, ularning ijrosini biz nazoratga olmasak, investitsiyalar oqimi to‘xtab qolishi mumkin”.

Shuningdek, parlament yuqori palatasining rahbari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini takomillashtirish masalasi muhimligini ta’kidlab o‘tdi. 

“Prezidentimiz tomonidan oldimizga to‘g‘ri masala qo‘yildi, men va’da beraman, xotin-qizlar masalasini qanday qilib noldan boshlagan bo‘lsak, mahalliy Kengashlar faoliyatini takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratamiz. Mahalliy kengashlar yangi O‘zbekistonning asosi bo‘ladi”, - deya o‘z so‘zini yakunladi Tanzila Narbayeva.

 

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

← Roʻyxatga qaytish