Senator va deputatlar xalq orasiga ko‘proq kirib borishi darkor…
Mana uch yildirki, Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasini katta e’tibor va hayajon bilan tinglayman. Har safar bu ma’ruzalarda e’tirof etilgan ulug‘vor yutuq va vazifalar eng avvalo shunday betakror yurtda tug‘ilib o‘sganim, qo‘limga qalam olib, Vatanga muhabbatim va sadoqatimni, xalqimning bag‘rikengligi, buyuk ajdodlarning avlodi ekanligimni o‘z ijodimda bayon eta bilganim, jurnalist, deputat, senator sifatida xalq koriga yaraganimdan faxrlanib, ko‘nglim to‘lib-toshib ketadi.
Bu so‘zlar kimgadir shunchaki balandparvoz so‘zlarday tuyulishi mumkin. Lekin bu haqiqat.
Prezidentimizning Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi “Senator – bu avvalo xalq va davlat ishonchini qozongan inson. U chuqur bilim, boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, tinimsiz mehnat qilib, tashabbus ko‘rsatib yashaydigan, xalq manfaatlarini doimo birinchi o‘ringa qo‘yib, o‘z taqdirini el-yurt taqdiri bilan chambarchas bog‘liq holda ko‘radigan shaxsdir” degan ta’kidlari ayni haqiqatdir. Shu narsani yanada chuqurroq anglab tushunayapmizki, biz endi kechagi deputat, kechagi senator emasmiz. Xalq ishonchi, Prezidentimiz ishonchi biz uchun katta fidoiylik, mas’uliyat, shijoat, sadoqat vatanparvarlik, xalq bilan birga bo‘lish, ularning og‘irini yengil qilishga ko‘maklashishdir. Biz endi faoliyatimizni faqat shu yo‘nalishda olib borishimiz kerak.
Murojaatnoma barchamizga yangi qanot berdi. Ayniqsa yig‘ilishda “Jamiyat-islohotlar tashabbuskori” degan so‘zlar jaranglaganda yurtimizdagi buyuk o‘zgarishlar hammamizning ko‘z oldimizdan o‘tdi. Keyingi uch yilda xalqimizni rozi qilish yo‘lida ijtimoiy iqtisodiy sohalarda olib borilgan islohotlar samarasini poytaxtimiz Toshkentdan boshlab barcha viloyat, tuman, shahar qishloq va uzoq ovullarida ham ko‘rishimiz mumkin.
Albatta men Qoraqalpog‘istonimizda bu boradagi yangilanishlardan, bunyodkorlik ishlaridan faxrlanayotganligimni ro‘y-rost aytishim kerak. Qoraqalpog‘istonda Prezidentimiz tashabbuslari bilan yer osti, yer usti boyliklari farovonlik uchun xizmat qilayapti. Qadim yaylovlar tiklanayapti. Yaylovlarga suv kelib cho‘ponlar hayoti yangilanayapti.
Nukusdagi I.Yusupov nomidagi iste’dodlar maktab o‘quvchilari yangi asarlar yoza boshladi. Ular hatto ingliz, rus tillarida ijod qilmoqda. Bunday yoshlar ijodini “Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasi sahifalarida e’lon qilinayotgan she’r, hikoyalar isbotlab turibdi.
Dunyoviy bilimlarni yoshlarga xalqaro tajribalardan kelib chiqib yangi uslubda o‘kita boshlagan Prezident maktabi qoraqalpoq yoshlari iste’dodlarini yuzaga chiqarmoqda.
“Birgina Mo‘ynoq tumani misolida olib qarasak, “Mo‘ynoq porloq tekstil”, “Mo‘ynoq akva sanoat” korxonalarining ishga tushishi, madaniyat saroyining ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etgani, futbol stadioni, Ochiq teatr, “Orol dengizi tarixi” muzeyi, davlat xizmatlari agentligi tuman bo‘limining yangi binosi, ko‘p qavatli turar joylarning foydanishga topshirilgani qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.
Yana bir muhim jihati shuki, Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan Orol dengizi atrofida ekologik holatni yaxshilash maqsadida o‘tgan mavsumda 1 million 125 ming gektarga yaqin yer maydoni tayyorlanib, 500 ming gektarga cho‘lga chidamli o‘simliklar ekilgan bo‘lsa, joriy mavsumda 700 ming gektarga ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bu boradagi ezgu ishlar yurtimizning barcha hududlaridan kelgan mexanizator va ishchilar ishtirokida qizg‘in olib borilmoqda.
Bunday yirik ko‘lamdagi o‘zgarish va yangilanishlar Nukus shahri, Qonliko‘l, Bo‘zatov, Amudaryo, Chimboy va boshqa tumanlarda ham yangi hayot bardavomligini isbotlamoqda.
Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida Qoraqalpog‘iston yoshlarining tashabbuskorligini alohida tilga oldi.
“Sharq donishmandlari aytganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak”, deb ta’kidladi Davlatimiz rahbari.
Haqiqatan ham ilm fanni ravnaq toptirish, yoshlarimizning dunyoviy ilmlarni chuqur egallagan bo‘lishlari ularni barkamol inson bo‘lib yetishishlarida yordam beradi. Bu esa respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojida yoshlarning ishtirokini kengaytiradi. Iqtisodiyomiz raqobotbardosh sohaga aylanadi. Aynan shularni hisobga olib Prezidentimiz yangi 2020 yilga –“Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” yili deb nom berdi. Yurtimizga maktabgacha ta’lim, o‘rta ta’limga katta e’tibor qaratildi. Ayniqsa pedagoglar mahoratini orttirish bu boradagi yutuqlar asosi ekanligi ta’kidlandi.
Men Murojaatnomani tinglar ekanman, Prezidentimizning oldingi yillarda Parlamentimizga yo‘llagan Murojaatnomalarini esladim. Shu o‘rinda alohida, aytib o‘tishim lozimki Prezidentimiz Murojaatnomalarda ayni haqiqatni – ya’ni xalq dilidagi orzu maqsadlari, xalq tilga olayotgan muommalarni ro‘y rost ko‘rsatib beradi va ularni bartaraf qilish bo‘yicha ustuvor vazifalarni ham belgilaydi.
Murojaatnomada oliygohga kirib o‘qiyman degan yoshlarimiz uchun 2020 yilda Oliy ta’limga qamrab olish 25 foizga yetkazilishi, davlat grantlari 2 barovar ko‘paytirilishini eshitgan xalqimizning ko‘ngillari tog‘dek o‘sdi.
Ayniqsa kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash ham diqqat markazida bo‘ldi.
“Mening eng katta niyatim shuki,-dedi Davlatimiz rahbari, –Vatanimiz ichra har bir inson o‘zining “Kichik Vatani” –uy-joyiga ega bo‘lsa, bizdan xalqimiz ham, yaratgan ham rozi bo‘ladi”. Bu kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlashning eng yorqin ko‘rinishidir. 16 ming oilaga uy-joyga ega bo‘lishi uchun boshlang‘ich badal,–kredit foizini qoplashga budjetdan 1 trillion so‘m subsidiya ajratilishini eshitgan fuqarolarimiz albatta bunday g‘amxo‘rlikdan quvonmoqda, boshlari osmonga yetmoqda.
Davlatimiz rahbari Murojaatnomada “Birinchi navbatda aholi farovonligii oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish – biz uchun bosh vazifalardan biri bo‘lib qoladi”,– deb ta’kidlab o‘tdi.
Ayniqsa yurtimizda kambag‘allikni kamaytirishga yo‘naltirilgan ustivor vazifalarga ham to‘xtaldi.
Prezidentimiz “Kambag‘allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir” deb mamlakatimizda ham ijtimoiy, ham iqtisodiy sohada juda katta ustuvor vazifalar belgilanayotganligini aniq rejalar asosida ko‘rsatib berdilar.
Xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat, san’at, kinomatografiya, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini o‘rganish singari ma’naviyatimizni yuksaltirishga doir masalalar ham keng o‘rin oldiki, bularning hammasi Milliy tiklanishdan – Milliy yuksalish sari olib borilayotgan islohotlar samaradorligini orttirishga xizmat qiladi.
Shuningdek Murojaatnoma har bir xalq deputatini yana bir marta sergak torttirdi. Negaki endi, xalq deputatlarining eng quyi bo‘g‘ini tuman-shahar Kengashlari vakolatlari kengayib, statusi ko‘tariladi, ularning xalq oldida ham obro‘si, ham mas’uliyati ortadi.
Prezidentimiz parlament oldiga qo‘yayotgan har bir vazifa biz Senatorlarni deputatlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz lozimligini talab qiladi.. Xalq orasida bo‘lish, har bir oilaning tinchlik osoyishtaligi, farzandlar tarbiyasi, har bir fuqaroning murojaatlarini chuqur o‘rganish, har bir deputatning eng dolzarb va muhim vazifasidir.
Murojaatnoma yuzasidan o‘z fikrlarimni yakunlar ekanman Davlatimiz rahbarining ushbu so‘zlarini keltirib o‘tmaslikning hech iloji yo‘q “Amaliy natija bilan mustahkamlangan, o‘z mevasi, hosilini berayotgan islohot odamlarning qalbiga, yuragiga tez kirib boradi. Va bunday islohotni, bunday shiddatli jarayonni hech kim, hech qanday kuch, to‘xtata olmaydi...”
Vatan ravnaqi, xalq farovonligi uchun oldimizda qo‘yilayotgan bunday sharafli vazifalarni bajarishda albatta biz Senatorlar, deputatlar Prezidentimizga qamarbasta bo‘lib xalq orasiga ko‘proq kirib borishimiz kerak. Har bir mahallaga, har bir oilaga tashrifimiz, saylovchilar bilan har bir uchrashuvimiz samarasida albatta Prezidentimiz ta’kidlaganidek xalqimiz roziligi uchun xizmat qilishga erishamiz, barcha reja va dasturlarimizni anna shunday ezgu ishlar uchun safarbar qilamiz.
Guliston ANNAQILIChEVA,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi,
OʻzXDP a’zosi,
“Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasi Bosh muharriri