O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari aholi bilan muloqot qilish, tizimli muammolarni hal etish hamda hududlar infratuzilmasi bilan bog‘liq dolzarb masalalarga e’tibor qaratish maqsadida o‘zlari saylangan hududlarda uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyachi a’zosi Anvarxon Temirov Kosonsoyda tumanida “2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” davlat dasturi ijrosini yaqindan o‘rganmoqda.
Bunda xalq noibi joylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi, xususan ijtimoiy soha ob’ektlarini, ayniqsa, tibbiyot va ta’lim muassasalarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar hamda bu borada ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga urg‘u qaratdi.
Qolaversa, ta’lim muassasalarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati bilan yaqindan tanishmoqda. Deputat, Prezidentning Kosonsoy tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Tohiraxon Muydinova bilan birgalikda tumandagi 5-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, kuz-qish mavsumi va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlikning bugungi kundagi holatini ko‘zdan kechirdi.
Ayrim muammolar shu joyning o‘zida muhokama etilib, ijobiy yechimiga ko‘maklashildi. Qayd etish joiz, mazkur bilimgoh rus tiliga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, yangi o‘quv yili uchun birinchi sinfga qabul yakuniga yetdi.
“Makro-hudud” bo‘yicha 550 nafarga yaqin bolaning hujjati ro‘yxatga olinib, imtihon asosida ularning 285 nafari o‘qishga qabul qilindi. Ota-onalardan kelib tushgan murojaatlarga asosan maktabning qabul imkoniyatlari tahlil etilib, qo‘shimcha sinflar tashkil etish yuzasidan mutasaddi idoralarga taklif kiritish rejalashtirildi.
Shuningdek, Anvarxon Temirov tumandagi 4- hamda 33-sonli sonli umumta’lim maktablarida ham bo‘lib, sinf xonalarining yangi o‘quv yiliga qanchalar shayligi, ko‘mir zaxirasi shakllantirilayotganligini ko‘zdan kechirdi. Ayni paytda yuqoridagi ikkala ilm maskanining issiqlik tizimi modernizatsiya qilish ko‘zda tutilib, bu borada tegishli takliflar berildi. Loyihadagi kamchiliklar loyiha mualliflari bilan muhokama etildi.
Mahallalarda aholi bilan tashkil etilgan muloqotlarda mamlakatimizni rivojlantirish, xalqimiz farovonligini ta’minlash borasidagi islohotlar hamda erishilayotgan natijalar, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari mohiyati saylovchilarga tushuntirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev,