Oqdaryo tuman Kengashi sessiyasida dolzarb masalalar muhokama etildi
Oqdaryo tuman Kengashi sessiyasida dolzarb masalalar muhokama etildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona, Toshkent, Buxoro va Samarqand viloyatlariga tashriflari mobaynida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda belgilab berilgan keng ko‘lamli vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokidagi ishchi guruhlar joylarda bo‘lib, deputatlik va parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida qator o‘rganishlar olib bormoqda. Xalq deputatlari Kengashlarining sessiyalarida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi bilan bog‘liq masalalar atroflicha tahlil qilinib, zaruriy choralar belgilab olinmoqda.

Bugun xalq deputatlari Oqdaryo tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar tomonidan 2023 yil davomida yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash, yangi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, shu jumladan, energiyani tejovchi texnologiyalardan foydalanish, energiya samaradorligi ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish, tumanda tibbiyot birlashmasi tomonidan 2023-yil yarim yilligi yakuni bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Oqdaryo tuman hokimi, tuman prokurori, tuman ichki ishlar bo‘limi, tuman tibbiyot birlashmasi boshliqlarining hisobotlari tinglandi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar birinchi navbatda inson qadrini ulug‘lash, uning turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan eng chekka hududlarda ham qulay mehnat sharoitlarini yaratish, fuqarolarning salomatligini muhofaza qilish va asrash, yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.

Bu borada Oqdaryo tumanida ham qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2023 yilning o‘tgan davrida tumanni “ishsizlikdan va kambag‘allikdan holi hududga aylantirish” maqsadida 19101 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. Ishsiz fuqarolarni kasbga o‘qitish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida hokim yordamchilari ko‘magida 841 nafar ishsiz fuqarolar “Ishga marhamat” monomarkazi va boshqa nodavlat ta’lim muassasalarida kasbga o‘qitilmoqda.

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, noqonuniy foydalanishning oldini olish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish, shuningdek, 2023-2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, obyektlarda quyosh panellari va quyosh suv isitish kollektorlari o‘rnatish hamda iqtisod qilingan energiya resurslarini iste’molchilarga, birinchi navbatda, aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bugungi kunda tumandagi 36 mingta gazlashgan xonadonlarning 12 ming 300 tasi (34,2 foizi) tabiiy gaz va 23 ming 700 tasi (65,8 foizi) suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan. Ammo tabiiy gaz ta’minotida 1,0 mln. metr kub, elektr energiyasi ta’minotida 12,6 mln. kVt/soat defitsit mavjud.

Sessiyada yo‘l qo‘yilayotgan sustkashlik va kamchiliklar tahlil qilindi. Xususan, o‘tgan davr mobaynida tuman hududida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida bir qator tezkor profilaktik ishlar amalga oshirilishiga qaramasdan kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgan. Umumiy jinoyatlar 26,2 foizga oshgan. Sodir etilgan jinoyatlarning 20,8 foizini mahalla hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar tashkil qilmoqda. Jinoyatlarni kamaytirish va oldini olish uchun profilaktika inspektorlarining mas’uliyatini kuchaytirish, jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish borasidagi surishtiruvlar samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan bartaraf etish, gaz va elektr ta’minotidagi defitsitlarni qoplash uchun xonadonlarga zamonaviy gorelkalar o‘rnatish, ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gazdan ko‘mirga o‘tkazish ishlarini jadallashtirish masalalariga urg‘u berildi.

Sessiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov ishtirok etdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. 5 ta asosiy g‘oya bo‘yicha 100 ta maqsadni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi kelgusi 7 yil davomida amalga oshiriladigan aniq rejalar bilan ahamiyatli ekani ta’kidlandi.

Sessiyada muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish