“O‘zbekiston-2030” Strategiyasi aholi farovonligini ta’minlovchi dastur
“O‘zbekiston-2030” Strategiyasi aholi farovonligini ta’minlovchi dastur

 

Mamlakatimizda 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendum yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini yangilash va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishni talab etmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 11 sentabrdagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, ijtimoiy himoyani kafolatlash, yaqin kelajakda amalga oshiriladigan islohotlarning tub maqsadlarini qamragan ustuvor yo‘nalishlar o‘rin olgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu hujjat mamlakatimiz va xalqimiz tarixining o‘ziga xos yangi davrini boshlab beradi.

“O‘zbekiston-2030” Strategiyasida 5 ta yo‘nalish va 100 ta ustuvor maqsadlar belgilangan bo‘lib, unda har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlik kafolatini ta’minlash kabi ustuvor yo‘nalish va maqsadlar ko‘zlangan.

Strategiyaning e’tiborli jihati, undagi 5 ta asosiy g‘oyaning 4 tasi aholi, fuqarolar manfaatlari bilan bog‘liq. Barqaror o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish borasidagi strategik maqsad, vazifalar xalqimiz manfaatlari bilan chambarchas bog‘liqdir.

Strategiyadagi ustuvor yo‘nalishlardan biri har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish masalasidir. Buning zamirida katta ezgu maqsadlar mujassamlashgan.

Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” yo‘nalishida aholi farovonligini ta’minlash va hududlarda kundalik masalalarni hal etishda mahallani jamoatchilik hamda davlat organlari o‘rtasidagi “tayanch ko‘prik”ka aylantirish maqsadini amalga oshirish orqali mahallaning mablag‘larini aholining ovoziga ko‘ra, infratuzilma loyihalariga yo‘naltirish amaliyotini joriy qilish va mahallalardagi muammolarni hal etish uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdorini kamida 3 barobar ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, aholi tashabbusi bilan infratuzilmani yaxshilashga ajratiladigan mablag‘larni 24 trillion so‘mga yetkazish esa, muammolarni mahallalarimizning o‘zida bartaraf etilishiga va eng asosiysi mazkur muammolarni aniqlash va uni barataraf etish fuqarolarimiz hamda jamoatchilikning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini va faolligini oshiradi.

Mahallaning mablag‘larini aholining o‘z ovoziga ko‘ra, mahallalardagi muhim masalalar-yo‘l, ichimlik suvi, elektr tarmoqlari va gaz ta’minotini yaxshilash kabi infratuzilma loyihalariga yo‘naltirish amaliyotini joriy qilish, mahallalar uchun “Ochiq budjet” imkoniyatlarini kengaytirib, unga ajratiladigan mablag‘lar bosqichma-bosqich 3 barobarga oshiriladi.

Mahallalarda Tadbirkorlik kengashlarini tashkil etish va ular tomonidan mahalla hududida tadbirkorlik faoliyatini, shu jumladan oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish tartib-taomillarini joriy etish esa, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilma masalalarini hal etishda mahallaning rolini oshiradi.

Mahallalarda 100 dan ortiq davlat xizmatlarini “bir qadam”da ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish va mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni 100 foiz raqamlashtirib, har bir mahallada “elektron xizmat nuqtalari”ni ishga tushirish esa mahalladan turib barcha davlat idoralari rahbarlariga onlayn tarzda shaxsan murojaat qilish imkoniyatini beradi. Bu xalqimizning uzog‘ini yengil qilish bilan birga, ularning vaqtini tejashga zamin yaratadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkin-ki, Strategiya doirasida amalga oshiriladigan islohotlar natijasida mahallarimiz obod va ko‘rkam makonga aylanadi.

 

Dilbar Mamadjanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish