Saylov okrugidagi o‘rganish tadbirlari doim fikrlar, taklif va mulohazalarga boy tarzda o‘tadi. Bu galgi uchrashuvlar ham qizg‘in va tig‘iz grafik asosida kechdi.
Dastlab saylov qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar targ‘iboti yuzasidan viloyat televideniyesida maxsus ko‘rsatuv tashkil etildi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati sodda va ravon tilda tomoshabinga yetkazildi.
So‘ng Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti majlislar zalida mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, adliya bo‘limi, tuman Kengashi deputatlari, siyosiy partiya raislari, yoshlar hamda OAV vakillari ishtirokida “Saylov qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmuni” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi. Mazkur tadbirda ham Konstitutsiyaviy qonun loyihasining ahamiyati haqida so‘z bordi. Uning mazmuni xalqchil tarzda hamda taqdimot slaydi vositasi yordamida yig‘ilganlarga tushuntirildi. Uchrashuvda berilgan savollarga targ‘ibot guruhi a’zolaridan javoblar olindi. Bildirilgan takliflar ishchi guruhga taqdim etish uchun qabul qilindi.
Navbatdagi manzil kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, ya’ni, Denov tuman gaz tashkiloti, shahar elektr tarmoqlari hamda tuman elektr tarmoqlari korxonalari bo‘ldi. U yerda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi. Mavsumni talafotlarsiz o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan jarayonlar, qo‘shimcha zaruriy jihozlar bilan ta’minlash ishlari ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, mahalla raislari bilan hududdagi muammolar haqida suhbat qilindi, fuqarolarning murojaatlari joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Asosan, MTT tashkil etish, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, uy-joyni ta’mirlash, mahalla fuqarolar yig‘ini raislarini moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha masalalar muhokama qilindi, yechim yuzasidan takliflar bildirildi.
O‘rganilgan masalalarni vakolat doirasida bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga vazifalar yuklandi, ijrosi yuzasidan nazorat o‘rnatildi.
Firdavs Sharipov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi