Xalq demokratik partiyasi 32 yoshda!
Xalq demokratik partiyasi 32 yoshda!

 

Avvalambor, yaxshi, ulug‘ niyatlar uchun katta qadam tashlaganimiz hammamiz uchun muborak bo‘lsin. Biz erishgan davlatning boshqaruvi, siyosiy tuzilmalar, ichki va tashqi siyosiy muhitning barqarorligini ta’minlash aslida juda murakkab jarayon hisoblanadi. Yuqoridagilarga erishmasdan turib, keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish imkonsiz. Hozirgi o‘zgarish va yangilanishlar zamirida barqarorlik turibdi.

Men bir nuroniy, mamlakatning yetakchi partiyalaridan bo‘lgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zosi sifatida boshqaruv tizimida xalqchillikning ta’minlanayotgani, ya’ni “inson – jamiyat – davlat” tamoyilining ustuvorligidan quvonchdaman. Har bir davlat o‘z fuqarolarining tinchligi, farovonligi, munosib hayot kechirishi uchun sharoit yaratib berishi zarur. Bizda ham shu maqsadlar sari aniq, ilmiy tahlillar bilan asoslantirilgan, har bir yo‘nalishni alohida tizimga soluvchi strategik rejalar asosida ishlar olib borilmoqda. Eng asosiysi, bizning partiyaning bosh g‘oyasi hisoblangan ijtimoiy himoya masalasiga juda katta urg‘u berilmoqda.

Shu o‘rinda yana bir muhim jihatni esdan chiqarmasligimiz kerak, davlat bu – kompleks tushuncha. Uning bir sohasi rivojlanib, boshqasi ortda qolishi uning muvozanatiga, barqarorligiga putur yetkazishi mumkin. Bizda hamma sohani parallel ravishda rivojlantiradigan boshqaruv tizimining yaratilgani ham ulkan yutug‘imizdir. Olib borilayotgan tizimli islohotlarning samarasini O‘zbekistonning xalqaro maydonda nufuzi mustahkamlangani va biz bilan hamkorlik qilish istagida bo‘lganlarning soni va salmog‘i ham ko‘rsatib turibdi.

Ko‘zlangan maqsadlar aholining har bir qatlami, kerak bo‘lsa, har bir xonadonni qamrab olgan, aniq rejaga singdirilib, uni amalga oshiruvchi boshqaruv tizimi yaratilgan bo‘lsa, xalq va davlat o‘rtasidagi muvozanat mukammal bo‘ladi. O‘ylashimcha, bizda shu muvozanatga erishilmoqda.

Bilasizmi, bu yil oxirigacha YAIM 5,6 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu ayni jahonda bo‘layotgan vaziyatni hisobga olib qaraganda ancha yaxshi o‘sish, degani. Bularning barchasi tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.

Aytmoqchi bo‘lgan yana bir gapim bor. Kuni kecha tumanimiz markazidagi shifoxonaga bordim. U yerda ijtimoiy himoyaga muhtoj bir oilaning farzandi murakkab jarrohlik amaliyoti qilinayotganiga guvoh bo‘ldim. Bir muhtoj oilaning xursandchiligini ko‘rib, ochig‘i, ko‘zimga yosh keldi. Tibbiyot sohasida olib borilayotgan ishlar mislsiz, deb o‘ylayman. Dunyoning rivojlangan mamlakatlariga borib o‘tkazilgan murakkab amaliyotlar tumanlarimizning o‘zida qilinayotgani xalqini asrovchi, xalqini e’zozlovchi yurtda yashayotganimizdan dalolatdir.

84 yoshli, oqu qorani tanigan faxriy senator va iqtisodchi professor sifatida aytmoqchimanki, Xalq demokratik partiyasining potensiali juda katta, lekin bir masalada taklifim bor. Partiya faxriylarining tajribasi va bilimidan kengroq foydalanishni taklif qilaman. Ya’ni, hududlarda yashovchi partiya faxriylarini ijtimoiy himoya va ta’lim bo‘yicha o‘zi yashovchi hududdagi qaysidir bo‘g‘inga birlashtirib, vakolatli qilib qo‘yish kerak. Vakolatli qilib qo‘yish ertaga u qayergadir bir masalani o‘rganishga borganida siz qaysi tashkilotdansiz, nima qilib yuribsiz, degan savollarga javob berishi uchun kerak.

Barcha partiyadoshlarimizni yana bir bor tabriklayman.

 

Shukurjon Mamatqulov,

O‘zbekiston Qahramoni.

«O‘zbekiston ovozi», 1.11.2023, №43

 

 

 

 

Teglar

Faxriy
← Roʻyxatga qaytish