Xalq demokratik partiyasi 32 yoshda!
Xalq demokratik partiyasi 32 yoshda!

 

Avvalo, partiyamiz tashkil etilganiga 32 yil to‘lishi bilan barcha partiyadoshlarimizni muborakbod etaman. O‘tgan davr mobaynida partiyamiz mamlakatimizda demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, kuchli fuqarolik jamiyatini qaror toptirishga munosib hissa qo‘shdi, deb bemalol ayta olaman. Ayni vaqtda elektoratimiz ijtimoiy manfaatlari va ehtiyojlari yo‘lida faol harakat qilib kelayotgan safdoshlarim bilan birga ekanligimdan, partiyamiz ichida turib, xalqimiz bilan yelkama-yelka turganimdan faxrlanaman.

Partiya hayotimni nafaqat o‘zgartirdi, balki ko‘pning duosini olishim uchun yordam berdi. Faoliyatimiz davomida deputatlarimiz bilan birga odamlarning og‘irini yengil qilib kelyapmiz, muammolarni hal qilyapmiz.

Yaqinda bir qiziq holat bo‘ldi. Fuqarolar bilan sayyor qabul vaqti bir ayol meni chetga imladi. Jon, deb ayolga yaqinlashib, unga quloq tutdim. Ayol 3 nafar farzandi borligini, turmush o‘rtog‘i ham ishsiz ekanligini aytdi. Ishsizlik, oiladagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar sabab turmushi buzilish ostonasida turganini ko‘zlarida yosh bilan so‘zlab berdi. Erkak kishi ishlamay uyda o‘tirsa, muammolar o‘z-o‘zidan yanada ko‘payadi, kamaymaydi, degan o‘y-fikrlar xayolimdan o‘tdi. Bir insonning, bir oilaning taqdiri butun jamiyatning taqdiri bilan bog‘liq, albatta.

Qabulda ishtirok etayotgan hamkor tashkilot rahbarlaridan biriga vaziyatni tushuntirdim. Sayyor qabuldan so‘ng ayol yashayotgan xonadonga bordik. Ne ko‘z bilan qarayki, oiladagi muhit ayolning ko‘zi yoshga to‘lib, dard bilan so‘zlab berganicha bor ekan. Farzandlarining kattasi nogiron to‘shakda yotar, keyingisi maktabga chiqqan, kichigi bog‘cha yoshida, uydagi shart-sharoitlar ham haminqadar ekaniga guvoh bo‘ldik.

Ayolning ishsiz o‘tirgan turmush o‘rtog‘i bilan uzoq gaplashdik. Ma’lum bo‘lishicha, u ilgari quruvchi sifatida ishlagan ekan. Hamkorimiz o‘sha yerda quruvchi ferma boshlig‘i bilan gaplashdi. Bir necha kunda masala hal bo‘lishini aytdi. Biz bu bilan cheklanmadik. Ayol bilan bir haftadan so‘ng yana gaplashdik. Turmush o‘rtog‘i qurilishga ishga qabul qilinibdi, ishni boshlab yuboribdi. Eshitib bizam xursand bo‘ldik.

Ba’zan katta yig‘inlarda, sayyor qabullarda ochiq murojaat qilishga tortinadigan, oriyati kuchli yoki vaziyati ochiqlikni ko‘tarmaydigan shu kabi holatlar ko‘p uchraydi. Bunday oilalarda muammolar bir emas, bir nechta bo‘ladi.

Inson shunday yaratilgan. Kimgadir yordami tegsa, yengillik his qiladi, shu narsa mengayam kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. Shuning uchun ham men Xalq demokratik partiyasi safida turganimdan, o‘z ishimdan katta zavq olaman, faoliyatimga ishtiyoq bilan yondashaman.

 

Zamira Tog‘ayeva,

O‘zXDP Navoiy viloyat kengashi bo‘lim boshlig‘i.

«O‘zbekiston ovozi», 1.11.2023, №43

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish