Fikr, tajriba almashish maydoni
Fikr, tajriba almashish maydoni

 

“O‘zbekiston XDPning eng faol deputati” tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazildi

Hech kim deputatlikka o‘qitilmaydi. Qonunchilik me’yorlari, deputatlik faoliyatiga oid burch hamda vakolat, fikr almashish, hayotiy tajriba bu borada dasturulamal bo‘ladi.

Bugungi deputatni kechagisi bilan solishtirib bo‘lmaydi. Chunki ularning vakolati ham, zimmasidagi mas’uliyat ham, o‘z navbatida, tajriba ham ortgan. Bu, ayniqsa, amaliy ishlarda o‘z ifodasini topmoqda.

Xalq demokratik partiyasi deputatlarni yanada rag‘batlantirishga, ularning o‘zaro tajriba almashishiga alohida e’tibor qaratmoqda, turli tadbir va loyihalar amaliyotga joriy etilmoqda. “O‘zbekiston XDPning eng faol deputati” ko‘rik-tanlovi shunday loyihalardan biridir.

 

Mazkur tanlovning birinchi bosqichi dastlab shahar-tumanlarda bo‘lib o‘tdi. Saralangan faol deputatlar Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent shahri va viloyat bosqichlarida bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi. O‘tgan haftada tarixiy kent — Buxoro mezbonlik qilgan tadbirda esa 14 hududda kuchli, deb topilgan xalq vakillari respublika birinchiligi uchun bellashdi.

Tabiiyki, tanlov bor joyda shartlar va ularga qo‘yiladigan ballar bo‘ladi. Hakamlar hay’ati har bir shartni 5 ballik tizimda baholab bordi. Birinchi shart aholi muammosini hal etishning eng samarali yo‘li, deb nomlandi. Unda ishtirokchilar o‘zlarining amaliy ishlarini 5 daqiqalik videorolik orqali namoyish etdi. Xususan, ijtimoiy masalalarga huquqiy yechim, fuqaro manfaatlarini himoya qilish, partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosiga yangicha yondashuv masalalarida chora-tadbirlar haqida ma’lumotlar berildi. Buning uchun har bir ishtirokchiga 10 daqiqadan vaqt ajratildi.

Tanlovning ikkinchi sharti, siyosiy hozirjavoblik, deb nomlandi. Bu shartda oldindan tayyorlab qo‘yilgan savollarga og‘zaki javob berildi. Ishtirokchilar 7 ta savolning qanchasiga to‘g‘ri, qisqa, aniq va tezkor javob bera olganidan kelib chiqib baholandi.

Tanlovda deputatlarning qiziqishlari ham hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. Buning uchun uchinchi shartda belgilangan talablar asosida namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari, ijodiy chiqishlar asos bo‘ldi.

Shu tariqa eng faol deputatni aniqlashga qaratilgan tanlovning respublika bosqichi yakuniga yetdi. Unga ko‘ra, 3 ta uchinchi o‘rin, 2 ta ikkinchi o‘rin sohibi aniqlandi. Xalq demokratik partiyasining eng faol deputati nomiga esa bir kishi sazovor bo‘ldi.

Albatta, tanlovda g‘oliblik ramziy ma’no kasb etadi. Turli nominatsiyalarda taqdirlangan ishtirokchilar ham yangi tashabbuslar, reja va g‘oyalar, asosiysi, katta tajribaga ega bo‘lgan holda o‘z uylariga qaytishini ta’kidladi.

 

Maqsuda VORISOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi,

Markaziy Kengash raisi o‘rinbosari:

— Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilab qo‘yildi. Bu partiyamizning necha yillik orzusi edi. Endilikdagi harakatlarimiz O‘zbekistonni ijtimoiy davlatga aylantirishga qaratiladi.

Bosh qonunimizda inson birinchi o‘ringa chiqarildi. Har bir fuqaroning manfaati davlatning diqqat markazida bo‘lishi, huquqlari kafolatlanishi belgilandi. Ana shunda davlat ijtimoiy jihatdan rivojlanadi, taraqqiy topadi. Bunda xalq vakillari bo‘lgan deputatlarning, nodavlat institutlarning o‘rni va roli ahamiyatlidir.

O‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda ham ushbu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Deputatlar o‘zlariga va o‘z kasbdoshlarining faoliyatiga chetdan nazar tashlash imkoniga ega bo‘ldilar. Tajriba almashish, bilganlarini takrorlash, bilmaganlarini o‘rganishga erishdilar. Chunki tanlovga tayyorgarlik jarayoni bir kunda amalga oshmadi. Ishtirokchilarning nafaqat nazariy bilimi, balki okruglarda ishlash ko‘nikmasi ham oshganiga shubha yo‘q.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi, tanlov hakami:

— Aslida faol va tashabbuskor deputatlarimiz bitta sahnaga sig‘maydi. Chunki mahalliy kengashlarda 1600 nafardan ortiq deputatga ega bo‘lgan partiyamizning ishi ham shunga yarasha keng ko‘lamlidir.

Bilasiz, mahalliy Kengash deputatlari jamoatchilik asosida, oyliksiz ishlaydi. Kerak bo‘lsa, ularni vatanparvar, deb aytish kerak. Ana shunday kishilar orasida bo‘lish va tanlovda ishtirok etish, oxirgi bosqichga yetib kelish ham bir jasorat.

Lekin bilamizki, tanlovda shartlar bo‘ladi, shartlarning talablari bo‘ladi. Bizga esa shartlarning bajarilishini taqqoslash, ularni baholash mas’uliyati yuklandi. Xursand bo‘ladigan tarafi, hech kim chetda qolmadi, nominatsiyalar belgilandi, har bir ishtirokchi taqdirlandi.

Muhimi, tanlov natijasi olingan o‘rin bilan cheklanmaydi. Bunday tadbirlar har bir deputatga o‘z ustida ishlashi uchun imkoniyat va rag‘bat vazifasini o‘taydi, deb o‘ylayman.

 

Ergash ABDURAIMOV,

Olmaliq shahar Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi, tanlov g‘olibi:

— Bilamizki, deputatlik bu kasb ham, hunar ham, mansab ham emas. Bu xalq ishonchi bilan beriladigan katta mas’uliyat, deb hisoblayman. O‘tkazilgan ko‘rik-tanlov esa ana shu mas’uliyatimizni elakdan o‘tkazadigan, yanada charxlaydigan, o‘zaro tajriba orttirishimizga sabab bo‘lgan raqobat maydoni bo‘lib xizmat qildi, desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Tanlovda berilgan bahoga kelsak, u ramziy ma’noga ega bo‘lib, deputatlarga eng xolis va eng to‘g‘ri bahoni saylovchilar beradi, albatta. Baholash jarayonida faqatgina 3 ta shart inobatga olindi, deb o‘ylamayman. Saylovdan keyin o‘tgan 4 yil davomida qilingan amaliy ishlar, orttirilgan tajriba ham inobatga olingan bo‘lsa kerak. Deputatning butun faoliyatini birgina tanlovda ko‘rsatib berish qiyin masala. Tanlovda erishganlarim, avvalo, o‘z ustimda ko‘proq ishlashga undadi. Deputatlik mas’uliyatini yanada chuqur his etishimga turtki bo‘ldi.

 

Javlonbek ABDULLAYEV,

Kosonsoy tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi 2-o‘rin sohibi:

— Tanlov chinakam ma’noda partiyamizdan saylangan deputatlar uchun mahorat maktabi bo‘ldi. Uning ishtirokchisi sifatida katta tajriba oldim. Aholi murojaatlari bilan ishlash, partiya dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish, aholi roziligiga erishish yo‘lida safdosh deputatlar bilan tajriba almashdik.

Aslida tanlovda hamma g‘olib. Tanlovda ikkinchi o‘rinni egallashim esa menga katta motivatsiya berish bilan bir qatorda o‘z ustimda ko‘proq ishlashim kerakligini ko‘rsatib berdi. Siyosiy muhit, e’tibor, kuchli deputatlar bilan fikr va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

O‘zim haqimda gapirsam, oliy ta’limda avval bakalavr, so‘ng magistratura bosqichlarini iqtisodiyot sohasida bitirganman. Talabalik davrimdayoq Kosonsoy tuman Kengashi deputati bo‘lib saylanganim ilmiy ishimni ham ijtimoiy sohada yoqlashimga asos bo‘ldi.

Faoliyatimni deputat yordamchiligidan boshlaganman. Deputatlik ishimda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Anvarxon Temirov bilan doimo hammaslak bo‘lib ish yuritganim okrugimda ko‘plab ijtimoiy muammolar hal bo‘lishiga asos bo‘ldi.

Men kabi bir nogironligi bo‘lgan, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshni tarbiyalab, o‘z siyosiy pozitsiyasiga ega shaxs, insonlarga nafi tegadigan figura qilib shakllantira olgan partiyamizdan har doim minnatdorman. Muvaffaqiyatim menga bildirilgan ishonchning mevasi, deb o‘ylayman. Buning uchun ustozlarimga tashakkur.

 

Baxtiyorjon TO‘YCHIYEV,

Rishton tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi, 3-o‘rin sohibi:

— Tanlovning turli bosqichlarida qatnashish avvalo, meni deputat sifatida yaxshi tomonga o‘zgartirdi. Bu kabi tanlovlar davomli bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Sababi, ular orqali tajriba almashish imkoni mavjud va mazkur tashabbusni birinchilardan bo‘lib Xalq demokratik partiyasi olib chiqqani bizni quvontiradi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

O‘zbekiston XDP Axborot xizmati rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 13.12.2023, №49

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Men OʻzXDPni tanladim Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish