“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ehtiyojmand aholiga imkoniyatlar va yangiliklar
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ehtiyojmand aholiga imkoniyatlar va yangiliklar

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi media-markazida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ehtiyojmand aholiga imkoniyatlar va yangiliklar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi hamda Navoiy viloyati kengashi ma’sullari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, partiya faollari, yoshlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishni O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Varisova kirish so‘zi bilan ochib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, xususan, davlat xizmatlarini takomillashtirish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, O‘zbekiston aholisini 2030 yilgacha ijtimoiy-himoya qilish strategiyasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilayotgani xususida gapirdi.



 

Ta’kidlanganidek, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahalla) darajasida aholining kam ta’minlangan qatlamlarini hisobga olish va manzilli qo‘llab-quvvatlashning yangi milliy modeli joriy etildi. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, davlat tomonidan ijtimoiy yordam ko‘rsatishni raqamlashtirish imkonini beruvchi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy etildi. Mahalla darajasida aholining alohida qatlamlari (ayollar, yoshlar, keksalar, nogironlar) bo‘yicha tabaqalashtirilgan holda eng muhtoj oilalarni xolisona baholash va ro‘yxatini shakllantirish amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi tizimi «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» ishlashini to‘g‘ri tashkil etish ijtimoiy himoya uchun ajratilayotgan mablag‘larning manzilli va maqsadli ishlatilishi ustidan deputatlik nazorati mahalliy Kengash deputatlari tomonidan o‘rganishlari yakunlari Navoiy viloyati misolida tahlil qilindi.

O‘rganishlarda aniqlanishicha, xonadonlar toifalarga ajratilib, yagona ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan. Moddiy yordamga muhtoj, ehtiyojmand, nogiron farzandlari bor oilalarga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilib, belgilangan nafaqalar to‘lab kelinmoqda. Ishsiz yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash uchun monomarkazlarda o‘qitilmoqda. Biroq, ijtimoiy nafaqalar avtomatik tarzda tayinlanishi tufayli ba’zi kamchiliklar ham ko‘zga tashlanayotgani aniqlangan. Ayrim hollarda ko‘chmas mulk va avtomashinalari yaqin qarindoshlari nomida bo‘lgan, yoki ishonchnoma asosida boshqarib yurgan o‘ziga to‘q oila vakillari tomonidan ham tizim orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordamlar tayinlanganlik holatlari mavjud ekanligi, bu esa o‘z navbatida boshqa haqiqiy muhtoj fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganligi ma’lum bo‘ldi. Ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar bo‘yicha bepul davolanish uchun beriladigan orderlar har doim ham reyestrda ro‘yxatga olingan ehtiyojmand fuqarolarga yetib bormayapti. Reyestrga olingan aholining yordamga muhtoj qismiga uy-joy ajratish, shuningdek, yolg‘iz keksalarni parvarishlash, doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish borasida ham kamchiliklar bor.

Deputatlar va soha mutaxassislari ishtirokida muhokama qilingan bu masalalar yechimi yuzasidan takliflar ham berildi. Ayrim hollarda oilalarda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘ta og‘ir ijtimoiy vaziyatlarda (og‘ir kasallik yoki boshqa holatlar) tizimga istisno tariqasida deputat xulosasi yoki mahalliy kengashlar qarori asosida arizani hisobga olish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish