Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish bevosita inson salomatligini asrash, hatto, hayotini saqlab qolishning muhim shartlaridan biri sifatida baholanadi. Ayniqsa, dunyoda epidemiologik xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgani kasalliklarga qarshi kurashishning yangicha tizimini joriy qilishni taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonda ham kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash maqsadida chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni hamda 2022 yil 25 aprelda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan edi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent shahar kengashi mas’ullari hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi deputatlik guruhi a’zolari tomonidan Shayxontohur, Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlaridagi bir qator oilaviy poliklinikalarda mazkur hujjatlar ijrosi yuzasidan manzilli o‘rganish olib borildi.
Aytish kerakki, bugun oilaviy poliklinikalarda ahvol ancha yaxshilangan. Ayrimlari kapital ta’mirdan chiqarilgan bo‘lsa, yana boshqalari zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Umuman, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargan. Ammo yechimini kutayotgan masalalar ham oz emas.
O‘rganishlar davomida ayrim poliklinikalar zamonaviy sanitariya talablariga javob bermasligi, ba’zilarining moddiy-texnik bazasi yetarlicha ta’minlanmaganligi va malakali kadrlarga ehtiyoj kattaligi ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, dori-darmon vositalari belgilangan tartib asosida saqlanmayotgani ham aniqlandi.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 5-sonli oilaviy poliklinika 7 ta mahallaga, jami 22273 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatadi. Birinchi navbatda, poliklinikada malakali kadrlar yetishmaydi. Shifokor va oliy ma’lumotli farmatsevtlar uchun jami 32,5 ta shtat birligi ajratilgan bo‘lib, shundan 26,25 tasi band, xolos. 23 mingga yaqin fuqaroga 22 nafar shifokor xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bu o‘z-o‘zidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning sifati va davriyligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.
O‘rta tibbiy va farmatsevt xodimlar uchun jami 72,5 ta shtat birligida ish o‘rinlari ajratilgan. Ammo shulardan 49,5 tasi band, xolos. Shulardan aholiga xizmat ko‘rsatayotgan hamshiralar soni 41 nafarni tashkil qiladi.
Bu masala atroflicha o‘rganilganda kadrlar qo‘nimsizligining asosiy sababi oylik maoshlarning kamligi, ish sharoitining qoniqarli emasligi, moddiy-texnik ta’minotning yetarli emasligi ekani ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun ko‘plab malakali tibbiyot xodimlari xususiy muassasalarda ishlashga majbur bo‘layotgani aniqlandi.
Shuningdek, mazkur poliklinika ko‘p yillardan buyon UTT (UZI) apparatiga muhtoj va raqamlashtirish tizimi joriy etilganiga qaramay, muassasada kompyuterlar yetishmaydi. Mavjudlari ham ma’nan eskirgan. Aniqlanishicha, aksar hollarda xodimlar o‘zlari bilan kompyuter olib kelib ishlashiga to‘g‘ri kelyapti.
22 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan poliklinika binosi ta’mirtalab ahvolda. Bino oxirgi marta 2020 yil mahalliy budjet hisobidan joriy ta’mirlangan. Xonalar yetishmasligi sababli poliklinika hisobidagi dori-darmon vositalari bosh hamshira xonasida saqlanishi ma’lum bo‘ldi.
Yunusobod tumanidagi 53-sonli oilaviy poliklinika faoliyati o‘rganilganda bosh shifokor tashabbusi va mahalla mas’ullari ko‘magi bilan “Ochiq budjet” loyihasida poliklinika binosini ta’mirlash uchun mablag‘ yutib olishganini aytishdi. Ammo poliklinika ta’mirlanishi uchun loyiha bo‘yicha mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, tegishli tashkilotlar tomonidan ish hanuzgacha ortga surilayotgan ekan. Mazkur masala partiya deputatlari tomonidan nazoratga olindi. Shuningdek, poliklinika bosh shifokori deputatlardan yana bir masala yuzasidan amaliy yordam so‘radi.
Gap shundaki, 53-sonli oilaviy poliklinika jami 23455 nafar fuqaroga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib keladi. E’tiborlisi, mazkur aholining deyarli 78 foizga yaqini keksa yoshdagi fuqarolarni tashkil qiladi. Shuni inobatga olgan holda, surunkali kasalliklar bilan nazoratda turadigan keksa yoshdagi fuqarolar salomatligini saqlash maqsadida davlat budjetidan ko‘proq mablag‘ ajratilishi bo‘yicha yordam so‘raldi. Deputatlar bu masalani atroflicha o‘rganib, asosli takliflar tayyorlashni o‘zlari uchun vazifa qilib olishdi.
Ta’kidlash lozimki, sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatining hamma uchun maqbulligi doimo partiyamiz diqqat markazida bo‘lib kelgan. Shu boisdan Xalq demokratik partiyasi mas’ullari respublikamizning bosh qa hududlarida ham bunday o‘rganishlarni davom ettirmoqda.
Sirojiddin SHONAZAROV,
O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari.
«O‘zbekiston ovozi», 20.12.2023, №50