Aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlar “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtiriladi
Aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlar “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtiriladi

 

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish, ijtimoiy muammolarni adolatli hal etish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishi belgilangani ushbu sohani yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etmoqda.

Prezidentimiz raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida ko‘rsatish, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan buyon mahalla darajasida manzilli, shaffof va adolatli tashkil etiladi. Mahallada ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish elektron platformasi ishlab chiqilib, u orqali “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” platformalari o‘zaro integratsiya qilinadi.

Yangi tartibga ko‘ra, yordamga muhtoj aholi vakillarini ijtimoiy himoyalash tizimi mahalla darajasiga tushirilmoqda. “Muruvvat” uylari va Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida ijtimoiy xizmatlarni mobil va kunduzgi qatnov shaklida ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Kelgusi yildan 40 ta tumanda reabilitatsiya, sog‘lomlashtirish va nogironligi bor shaxslarga qaraydiganlarni o‘qitish bo‘yicha ko‘p tarmoqli ijtimoiy xizmatlar markazlari ish boshlаydi. Bu orqali yana 60 ming ehtiyojmand aholi ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi.

Bu jarayonda nafaqa olayotgan, lekin mehnat qilib, daromad olish istagida bo‘lgan 660 ming nafar aholi uchun zarur sharoitlar yaratilishi ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi yaxshilashga xizmat qiladi. Shuningdek, “Temir daftar”larni yuritish to‘liq Ijtimoiy himoya agentligiga o‘tkazilib, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan bir martalik yordam olish uchun oilalarni ushbu daftarga kiritish talabi bekor qilinadi.

Endilikda nafaqa oluvchilar ro‘yxatiga, birinchi navbatda, nogironligi bor, ota-onasi yo‘q, boquvchisini yo‘qotgan, kasalligi va boshqa sababga ko‘ra uzoq muddat ishlay olmaydigan oilalar kiritiladi. Boshqa fuqarolarni “ijtimoiy reyestr”ga kiritishda, ularning faqat daromadi emas, balki xarajatlari ham baholanadi.

Ijtimoiy himoya agentligiga viloyat hokimlari bilan 1-iyunga qadar barcha 9 ming 442 mingta mahallada ijtimoiy xodimlar faoliyatini tashkil qilinishi ham o‘z natijasini berishi aniq. Sababi ayni chog‘da ushbu masala 28 ta tumanda o‘zini to‘la oqladi.

O‘tgan qisqa davrda kam ta’minlangan, yordamga muhtoj, yolg‘iz, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi. Bu o‘zgarishlarni yurtdoshlarimiz o‘z hayotida sezayotganini, his etayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Endi yil yakunigacha odamlarga protez vositalarini berish, nafaqa va qarovsiz qolgan bolalarga vasiylikni rasmiylashtirish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalarni yolg‘iz, deb e’tirof etish kabi 49 ta ijtimoiy xizmat mahallagacha tushirilayotgani ming-minglab fuqarolarimizning ayni dilidagi gap bo‘ldi.

Bu yil 1-oktyabrdan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirilishi, “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar”, “Yoshlar” daftarlari jamg‘armalari, keyinchalik bosqichma-bosqich 74 turdagi ijtimoiy nafaqa va yordamlar o‘tkazilishi ham yurtdoshlarimizni harakatga keltirgani, faollikka chorlagani rost.

Umuman olganda, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi ijtimoiy himoya tizimida aniqlik, shaffoflik va adolatni ta’minlashga xizmat qiladi. Zotan, yordam olgan inson hayotga qaytishga intilsin, o‘zini jamiyatning haqiqiy a’zosi deb his qilsin.

 

Dilbar MAMAJОNOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish