Qishloq xo‘jaligida yangi zaxiralarni ishga solish har qachongidan muhim
Qishloq xo‘jaligida yangi zaxiralarni ishga solish har qachongidan muhim

 

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi bo‘yicha katta salohiyatga ega. Binobarin, yalpi ichki mahsulotning to‘rtdan biri aynan mazkur sohaga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, respublika bo‘yicha band bo‘lgan aholining qariyb 25 foizi qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga tegishli bo‘lib, bu ko‘rsatkich 3,5 mln. kishini tashkil etmoqda. Bu esa, nafaqat iqtisodiyotning barqarorligini taʼminlash, aholi farovonligini oshirishda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining o‘rni nihoyatda muhim ekanligini, balki bevosita sohada amalga oshiriladigan islohotlarga ham bog‘liqligini ko‘rsatmoqda.

Boz ustiga, tobora kuchayib borayotgan iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining tanqisligi, yerlarning melorativ holati buzilishi kabi muammolar sabab O‘zbekistonda mazkur soha qator muammo va tahdidlar girdobida qoldi.

Bundan tashqari, yillar davomida ushbu sohada to‘laqonli bozor munosabatlariga asoslangan islohotlarning amalga oshirilmagani, yaʼni davlat tomonidan eng ko‘p tartibga solinadigan soha bo‘lgani, davlat buyurtmasi, yerdan foydalanishga bo‘lgan huquqlarning cheklangani va himoyalanmagani ushbu tarmoqdagi samaradorlik, unumdorlik ko‘rsatkichlarining pasayishiga sabab bo‘ldi.

Aynan shu jihatdan mamlakatimizda 2017-yildan boshlab, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishga oid qator agrar islohotlar olib borildi. 2019-yilda Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilindi. 2020-yildan paxta va g‘allani yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini joriy etish orqali davlat monopoliyasiga barham berildi.

Shuningdek, 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravarga oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish ustuvor maqsad sifatida belgilandi. Umuman olganda, so‘nggi yetti yilda ushbu sohada olib borilgan ishlar natijasida qishloq xo‘jaligi yalpi ishlab chiqarishning yillik barqaror o‘sish surʼatlari qayd etildi. Suv resurslarining tobora kamayib borayotganligi bois, mazkur sohada qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yurtimizda ekin maydonlarini optimallashtirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini hududlashtirish siyosati, klaster tizimi, zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini yaratish, tomorqa xo‘jaligi amaliyotini kengaytirish qishloqda aholining turmush darajasini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.

Ammo bu sohada muammolar yo‘q, degani emas. Gap shundaki, aholi soni kun sayin oshib boryapti. Shunga yarasha oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish mahsuldorligini ham oshirish kun tartibidagi eng muhim vazifalardan biriga aylandi.

Yaqinda Prezidentimiz raisligida qishloq xo‘jaligida yangi zaxiralarni ishga solish hamda 2024-yilgi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida asosiy eʼtibor qishloq xo‘jaligida unumdorlikni oshirish, tannarxni kamaytirish, suvni tejashga qaratilib, galdagi vazifalar belgilandi.

Yer va suv resurslari cheklangan sharoitda yangicha ishlab, mahsulotni ko‘paytirish, sohaga sanoat muhitini olib kirish zarurligi taʼkidlandi. Masalan, yurtimizda bir gektar maydondan olinadigan o‘rtacha hosil ilg‘or mamlakatlardagiga qaraganda kam. Lekin o‘g‘it ham, yoqilg‘i ham, suv ham 2 karra ko‘p ishlatiladi.

Shu bois, xorijdan serunum chigit va urug‘lar olib kelib, dehqonlarni yangi agrotexnologiyalarga o‘qitib, hosildorlikni paxtada 50 sentner, g‘allada 100 sentnerga yetkazish mumkinligi aytildi. Respublikamiz jami sug‘oriladigan maydoni 4,3 million gektarni tashkil etadi. Afsuski, ularning salkam yarmi turli darajada sho‘rlangan.

Yig‘ilishda sohaga doir yana ko‘plab masalalar ko‘tarildi. Xususan, fermerlar manfaatdorligiga alohida eʼtibor qaratildi. Manfaatdorlikni yanada oshirish uchun bu yil paxtachilikda bo‘lgani kabi g‘alla yetishtirishda ham imtiyozli kreditni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerga berish tizimi joriy qilinishi aytildi. Bundan tashqari, davlat resursi uchun xarid qilingan bug‘doyni daladan tashib kelish va saqlash xarajati ham to‘liq byudjetdan qoplanadi.

Shu bilan birga, mineral o‘g‘it sifati va ustamasi alohida nazoratga olinadi. Fermerlarga o‘z hisobidan o‘g‘it sotib olish bo‘yicha qulaylik yaratiladi. Endilikda oldingi qarzini 1-aprelgacha to‘liq to‘lamagan klaster bilan fyuchers shartnomasi bekor qilinadi va fermerga paxtani birjada sotishga ruxsat beriladi. Maʼlumotni elektron platformaga kiritgan va fyuchers shartnoma imzolagan fermerga kredit ko‘pi bilan uch kun ichida ajratilishi shart etib belgilandi. Chorvachilik, ipakchilik va baliqchilik tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash choralari ham qayd etib o‘tildi. Investitsiyalarni faol jalb etish orqali sohada ishlab chiqarish hajmini oshirish choralari ko‘rsatildi. Bular esa oldinda qilinajak ishlar hali ko‘p ekanini anglatadi.

Alohida taʼkidlash joizki, aholi bandligi va oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini taʼminlovchi soha — qishloq xo‘jaligi davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida. Bundan bir muddat oldin, yaʼni joriy yilning 16-yanvar kuni 2024-yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida agrar sohadagi o‘zgarishlarga ham alohida to‘xtalib, mutasaddi idoralar zimmasiga qo‘shimcha vazifa va ko‘rsatmalar berilgan edi.

Shu bois, qishloq xo‘jaligi sohasini tubdan raqamlashtirish, eng so‘nggi ilg‘or dasturiy yechimlarni keng tatbiq etish, xodimlar, ayniqsa, yosh kadrlar ilmiy salohiyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilayotir. Raqamlashtirishning qulayligi shundaki, u hosilni yig‘ib olgandan keyin ham mahsulotni qayta ishlash, qadoqlash, tozalash, saralash va yetkazib berish jarayonida qo‘llaniladi. Aqlli dehkonchilik texnologiyalari yuqori mahsuldorlik va sifatga erishish, suv sarfi va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, ekinlarni rejalashtirish va prognoz qilishda ham muhim rol o‘ynaydi.

Umuman olganda, Prezidentimizning ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratayotgani bejiz emas. Zero, tabiiy ofatlar oqibatlari, iqlim o‘zgarishi, yer degradatsiyasi, qishloq xo‘jaligidagi muammolar va boshqa shu kabi salbiy omillar dunyoda keng ko‘lamli ocharchilik xavfini yuzaga keltirmoqda. Pirovard maqsad mana shunday sharoitda xalqimizning qiynalishiga yo‘l qo‘ymaslik, aholini sifatli, arzon va turli oziq-ovqatlar bilan uzluksiz taʼminlashga erishishdir.

 

Dilorom IMOMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish