Pedagogning qadr-qimmati davlat himoyasida
Pedagogning qadr-qimmati davlat himoyasida

 

Maktab ta’limi va o‘qituvchilarga e’tiborni kuchaytirish masalasi bir necha yillardan beri muhokamalar mavzusiga aylandi. Aslida bu ham yutuq. Maktab ta’limining sifatini yaxshilamasdan, o‘qituvchining obro‘sini ko‘tarmasdan, uning yashash sharoitlarini yaxshilamasdan ta’lim sohasida katta o‘zgarishlar haqida gapirish befoyda. Zero, fundamenti nosoz binoning tepasiga har qancha zeb bermang, tagi qiyshiq va omonat bo‘lgani bois baribir mustahkam bo‘lmaydi.

Yaqinda qabul qilingan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi yangi Qonun tarixiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Qonunda pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy kafolatlari, mehnatiga yarasha haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilab qo‘yildi.

 

Jumladan, yangi qonunga ko‘ra, shu paytgacha o‘qituvchini, umuman, bu kasbni xo‘rlab kelayotgan bir qator amaliyotlar endi qonunan taqiqlanadi. Hech kimga sir emas, o‘qituvchilar hokimlik va idoralarning yugurdaklariga aylanib qolishgan edi. O‘qituvchilar turli hisobotlar tayyorlash bilan ovora bo‘lib, dars bir tomonda qolib ham ketdi.

Endilikda ushbu qonunga ko‘ra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etish taqiqlanadi.

Shuningdek, pedagoglardan ularning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni, shu jumladan, bitiruvchilarning bandligi ta’minlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirish va taqdim etishini talab qilish endi mumkin bo‘lmaydi.

Pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan, ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish kabi o‘qituvchi obro‘sini yerga uradigan amaliyotlar ham qonundan tashqari, deb e’lon qilinadi.

“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunda, shuningdek, pedagoglarning kasbiy faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish, rag‘batlantirish, imtiyozlar berish va dam olish masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratilgan.

Pedagoglarni ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham alohida urg‘u berilgan. Masalan, ular uchun qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi. Olis hududlarga borib dars beradigan o‘qituvchilarga bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joy ijarasi uchun har oyda kompensatsiya to‘lab beriladi.

Qonunda, shuningdek, pedagoglarning farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalariga imtiyozli asosda qabul qilish, yuqumli kasalliklarga qarshi bepul emlash va majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkazish kabi imtiyozlar berilgan.

Qonunda pedagoglarning ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchilarga munosabatini o‘zgartirish masalasiga ham keng o‘rin ajratilgan. Besh qo‘l barobar emas, ayrim pedagoglarning o‘z maqomlariga nomunosib ekanliklari, o‘z ustida ishlamasliklari, o‘quvchilarga qo‘l ko‘tarish va ularni haqorat qilish kabi pedagogik etikaga zid ishlarni o‘zlariga ep ko‘rishlari ham uchrab turadi. Yangi qonun mana shu jihatlarni ham tartibga soladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu hujjat o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish, qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Zulfiya TUYYEVA,

O‘zbekiston XDP Buxoro viloyat kengashi raisi,

Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati.

«O‘zbekiston ovozi», 28.02.2023, №8

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish