Iqtidorli yoshlar bellashuvi
Iqtidorli yoshlar bellashuvi

 

Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan. Asosiysi, bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, 2024 yilning Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilinishi ham bunga misol bo‘la oladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham yoshlar bilan ishlash, ularning bilim va salohiyatini oshirishda o‘ziga xos yondashuv va tajribaga ega bo‘lib, bir qator samarali loyihalarni o‘tkazib kelmoqda. Maqsad partiyaning asosiy g‘oya va maqsadlarini targ‘ib qilgan holda yoshlarni siyosiy jarayonlarga ko‘proq jalb etish, a’zolar orasida yoshlarning salmog‘ini oshirishdan iboratdir.

Iqtidorli yoshlarning mantiqiy fikrlash darajasini hamda intellektual salohiyatini rivojlantirish maqsadida partiya Markaziy Kengashi Yoshlar sektori tashabbusi bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Unda Respublikamizdagi 13 ta eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarining talabalari ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinab ko‘rishdi.

Bellashuvga “Zakovat” klubi xodimlari taklif qilinib, ishtirokchilar aynan klub xodimlari tomonidan tayyorlangan savollarga javob berishdi. O‘yin davomida yoshlarga xos shijoat, topqirlik, g‘alabaga bo‘lgan intilish sezilib turdi. Har bir savol muhokamasi uchun 1 daqiqa vaqt ajratilib, ochkolar savollarning murakkabligiga qarab belgilandi.

Qizg‘in va qiziqarli kechgan o‘yin natijalariga binoan 3-o‘rin Toshkent davlat yuridik universiteti talabalaridan tarkib topgan jamoaga nasib qildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining zukko yigit-qizlari faxrli 2-o‘ringa loyiq topildi. Savollarning deyarli barchasiga to‘g‘ri javob bergan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari esa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bilimga chanqoq, teran fikrlaydigan, o‘z so‘zi va qiziqishlariga ega yoshlarni taqdirlash uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi, partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Firdavs Sharipov so‘z olib, avvalambor barchani yaqinlashib kelayotgan Navro‘z ayyomi bilan samimiy tabrikladi. U bellashuvga kelgan har bir yigit qiz aslida g‘olib ekanini qayd etdi. O‘zXDP ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilish bilan birga, kelajagimiz bo‘lmish yoshlarni ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Boisi yurt kelajagi aynan yoshlar qo‘lidadir.

Yakunda g‘olib va sovrindorlarga eng ko‘p o‘qiluvchi badiiy kitoblar jamlamasi, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Xalq demokratik partiyasi talabalar ishtirokidagi “Zakovat” intellektual o‘yinlarini kelgusida an’anaviy tarzda o‘tkazishni rejalashtirgan.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Jamoatchilik qabulxonasi Men OʻzXDPni tanladim Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Yoshlar qanoti
← Roʻyxatga qaytish