Xalqning barakasi harakatdadir
Xalqning barakasi harakatdadir

 

Butun borliq uyg‘onayotgan, harakatda baraka bo‘ladigan pallada, muborak oyda yaxshiliklarga intilgan yaxshi. Ezgu maqsad bilan o‘zgarish va yangilanishlarga undash, holatni ochiq tahlil qilish, real vaziyatdan kelib chiqib vazifa belgilash – katta fazilat.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 14 mart kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, xalqimiz tetikligi, ro‘zg‘ori uchun o‘ta muhim bo‘lgan masalada yig‘ilish o‘tkazdi.

Partiyamiz faollari va deputatlar yig‘ilishda bildirilgan fikrlar, tanqidiy xulosalar, kelgusi rejalar haqida o‘z mulohazalarini yuborishdi.

 

Sherali MAMADETSOYEV,

O‘zXDP Sirdaryo viloyat kengashi raisi:

– Viloyatimizga tashrifi davomida davlatimiz rahbari Sayxunobod tumanida viloyat faollari bilan uchrashib, eng qaynoq va dolzarb sohalarning ichiga kirib, yechimini kutayotgan har bir masala yuzasidan ochiq-oydin muhokamalar o‘tkazdi, oldinda turgan eng muhim vazifalarni belgilab berdi. Aytilgan har bir fikr, berilgan topshiriq, tavsiyalar zamirida inson manfaati ustuvorligi, turmush sharoitini yaxshilash maqsadlari mujassam, albatta.

Yig‘ilishda qayd etildiki, o‘tgan yili mahalladagi tadbirkorlik uchun Sayxunobodga 120 milliard so‘m berilgan. Tuman tadbirkorlari o‘tgan yil soliqdan 85 milliard so‘mlik imtiyoz olgan.

Lekin bu mablag‘lar ish o‘rinlariga aylanmayotgani, kambag‘allikni qisqartirishga ta’siri sezilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Xususiy sektorda yaratilgan rasmiy ish o‘rni bor-yo‘g‘i 968 taga ko‘paygani aytildi. «Men ham tadbirkor bo‘lay, mahallada ish o‘rni yaratay», degan oddiy odamlar chetda qolib ketayotgani tanqid qilindi.

Haqiqatan ham, hozir mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash masalasiga ustuvor vazifa sifatida qaralayotgani, tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani natijasida faqat viloyat markazidagina emas, tumanlarda ham katta o‘zgarish, o‘sish kuzatilyapti. Imtiyozlar ko‘lami ham keng. Ishlayman, degan kishini qo‘llab-quvvatlab, yonida tursak, u nafaqat o‘zini ish bilan ta’minlaydi, balki oila a’zolarini, atrofidagilarni ham ishga jalb qiladi.

Prezidentimiz aytilgan muammolarning yechimlarini ham belgilab berdi. Xususan, Sayxunobodda 17 mingta xonadonda tomorqani ishga solish, kichik sanoat va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish orqali aholini daromadli qilish vazifasi qo‘yildi. Mas’ullar 19 ta mahalla va 794 ta ko‘chani nomma-nom bo‘lib olib, bu yil tadbirkorlik uchun beriladigan 200 milliard so‘m hisobidan ularni har biriga texnik iqtisodiy asos ishlab chiqadi. Bunda, mahallaning «drayver» yo‘nalishidan kelib chiqib, tumandagi 17 mingta xonadon kesimida tomorqada qancha, sanoatda qancha, savdo va xizmatlarda qancha aholi band bo‘lishi aniq ko‘rsatiladi.

Bular nimadan dalolat beradi? Tabiiyki, tadbirkorlik subyektlari tashkil etilishi, borlari o‘z faoliyatini kengaytirishi, raqobat muhiti yuzaga kelishini bildiradi. Biz ham jarayonni chetdan turib kuzatishga haqimiz yo‘q, ushbu katta islohotlarga ishtirokchi bo‘lishimiz kerak.

O‘z ishini, biznesini yo‘lga qo‘ygan fuqarolarga turli byurokratik to‘siqlar qo‘yilishini nazorat qilish, aholining ijtimoiy himoyasi masalasidagi vazifalar ijrosini doimiy ravishda o‘rganib borish, umuman, xalq ichida bo‘lishimiz zarur.

Partiyamizdan saylangan 84 nafar deputatdan fidoyilik va qat’iylik talab etiladi. Barcha ishlarda faol ishtirok etamiz hamda o‘z vazifamizga mas’uliyat bilan yondashamiz. Kimki ishonch bilan harakat qilsa, u vijdoni oldida ham, saylovchilar oldida ham boshini baland tuta oladi.

 

Hayotxon ORTIQBOYEVA,

Sirdaryo viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi, senator:

– Sirdaryo ko‘pincha katta voqealar, muhim tajribalar markazida turadi. Chunki, bu hududning unikal jihatlari bor. O‘tgan haftadagi tashrif sirdaryoliklarni yangi marralar sari ruhlantirdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbarining olib borayotgan siyosatida bir tushuncha mujassam. Hududlarda ishlab chiqarishning kengayishi, bandlikning ta’minlanishi, avvalo, har bir insonning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qiladi. Oilalar daromadi oshadi. Biror bir korxona ishga tushirilsa ham, bu nafaqat o‘sha hududning infratuzilmasini yaxshilash, iqtisodini oshirish, balki ish o‘rni yaratish demakdir. Odamlarda boqimandalik kayfiyatini bartaraf etish ishsizlarga imkon berishga keng yo‘l ochildi, degani. Band odamning hayotida mazmun bo‘lishini hammamiz yaxshi bilamiz.

Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Sayxunoboddagi 17 mingta xonadondagi tomorqani ishga solish, kichik sanoat va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish orqali aholini daromadli qilish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun banklar hokim yordamchilari bilan birga 19 ta mahalla va 794 ta ko‘chani nomma-nom bo‘lib olib, «drayver» yo‘nalishlardan kelib chiqib, har biriga texnik iqtisodiy asos ishlab chiqadi. Bu tashabbus tumanda ishsizlikni qisqartirish, oilalar daromadini oshirish, ish boshlash niyatida yurgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashda ayni muddaodir.

Har doim davlat rahbari hududlarda uchrashuvlar o‘tkazganda deputatlar kerakli xulosalarni oladi, shuningdek, islohotlar ishtirokchisi bo‘lish uchun o‘z vazifalarini belgilaydi. Davlatimiz rahbari tashrifidan so‘ng biz ham partiyamiz vakillari bilan bu jarayonlarda faol ishtirok etish maqsadida reja ishlab chiqdik. Chunki jamiyat rivojlanishi, hududlardagi uyg‘oq muhit deputatlar, siyosiy partiyalar faollariga ham bog‘liq masaladir.

Birinchi navbatda kuchli jamoatchilik va deputatlik nazoratini o‘rnatishimiz kerak, deb o‘ylayman. Belgilangan vazifalar aniq, ularning ijrosi uchun javobgarlik, mas’uliyat avvalo elning oldida bo‘lishi kerak. Tuman hokimi, boshqa mutasaddilar tuman ahliga hisobdorligi, odamlarning nazarida ekanini bilib, sezib tursa, har doim yaxshi natijalar yo‘lidan oqsamaydi. Bunday hisobdorlik muhitini deputatlar, siyosiy partiyalar faollari yuzaga keltira oladi. Biz ham amaliy harakatlarimiz bilan namuna bo‘lishimiz zarur.

Sayxunobodda ilk bor yangi tajriba qilinib, 19 ta mahallaning har biriga bittadan mini traktor, 4 tadan motokultivator olib beriladigan bo‘ldi. Endilikda hokim yordamchilari «1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million so‘m daromad» degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqadi. Mahalladagi agronomlar bilan birga tomorqa yerlarini haydash va ekin ekish xizmatlarini ko‘rsatadi. Bu tajriba butun respublikada ommalashtiriladi.

Tomorqada yetishtirilgan mahsulotni sotib olish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida tumanda eksportga ko‘maklashuvchi korxona ochilib, ustaviga 1 milliard so‘m kiritiladi. Bu korxona 4 ming xonadonga serhosil qovoq, mosh, loviya, rozmarin, brokkoli, timyan urug‘larini yetkazadi, yetishtirilgan mahsulotni sotib olib, eksport qiladi. Bundan tashqari, mahallada sotib olishni yo‘lga qo‘ygan eksportchi, ilg‘or tadbirkorlarga 300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha grant beriladi.

Ko‘rinib turibdiki, raqamlar rejalarga yarasha katta. Bu rejalar bir hudud uchun ishlab chiqilgan. Eng muhimi, Sayxunobodning iqtisodiy salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish uchun katta tizim yaratiladi. Bu tizimning har bir mahalla, har bir qishloqda samarali ishlashi xalqimizning turmushi, minglab ro‘zg‘orlarga ta’sir qiladi. Kuchli deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali jarayonda faol ishtirok etish burchimiz, deb bilamiz.

 

Bahodir MAMATOV,

O‘zXDP Sayxunobod tuman kengashi raisi:

– Davlatimiz rahbari tumanimizni rivojlantirish masalasi haqida takliflar berdi. Bular mamlakat yetakchisining tumanimizga bo‘lgan juda katta e’tiboridan, har bir hudud, har bir inson haqida qayg‘urishidan dalolat beradi.

Sayxunoboddagi xonadonlarda kichik ishlab chiqarishni tashkil qilishga ko‘maklashish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tumandagi bir necha yillardan buyon bo‘sh turgan 21 ta obyektga investorlarni jalb qilishning yangi mexanizmi joriy etilishi aytildi. Kamida 100 million dollarlik sanoat loyihalari boshlanib, «Farovon» mahallasida uzoq vaqt tashlandiq bo‘lib turgan 35 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil qilinadigan bo‘ldi. Bu vazifalar butun sayxunobodliklarni ruhlantirib yubordi, desam adashmayman.

«Farovon» mahallasi tuman markazidan 17 km uzoqlikda joylashgan. Bu yerda 3633 nafar aholi istiqomat qiladi. Ancha paytdan buyon tashlandiq va bo‘sh turgan 35 gektar maydonda kichik sanoat zonasining tashkil etilishi tumanimizda ishlab chiqarish kengayishi, aholining bandlik darajasi oshishi uchun xizmat qiladi.

Bandlik, yangi ish o‘rinlari, barqaror daromad manbai kabi muhim masalalar partiyamiz tashkilotlari va deputatlar uchun kun tartibida har doim oldingi o‘rinlarda turishi zarur. Chunki bu dasturiy maqsadlarimizga hamohangdir.

Har chorakda deputatlarimiz xalq deputatlari viloyat, shahar, tuman Kengashlarning sessiyalarida aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq dolzarb masalalar bo‘yicha o‘rganishlar asosidagi xulosalari, takliflarini berib borishyapti. Doimiy komissiyalar faoliyatida ham faol qatnashib, aynan yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, aholi bandligini ta’minlash faoliyati bo‘yicha tashkilotlar rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitish, muammoli masalalarni hal qilishda tashabbuskor bo‘lmoqda.

Lekin hali partiya tashkilotlarimiz, deputatlar oldida vazifalar ko‘p. Tumanimizda 2023 yilda ishlab chiqarish hajmi deyarli o‘smagani, 19 ta mahalladan 16 tasida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan birorta ishlab chiqarish yo‘qligi, vaholanki, tumandagi tayyor infratuzilmasi bor 16 ta bino va inshoot qimmatligi uchun bir yildan buyon sotilmay tashlandiq yotgani qattiq tanqid ostiga olindi.

Faoliyatimizda kamchiliklar ko‘p. Davlatimiz rahbari o‘tkazgan yig‘ilishda o‘tirib nimani o‘yladim, bilasizmi? Imkoniyatlar katta, imtiyozlar ko‘lami keng, ammo, shunga yarasha intilishimiz kamligidan hijolat bo‘ldim, to‘g‘risi. Islohotlar shiddatiga mos ravishda faol ishlaydigan davrimiz kelganini tushunib yetdim.

Tumanimizda shuncha tayyor binolar turgani, ammo ishlab chiqarish hajmi deyarli o‘smagani hammamizning xatomiz, aslida. Odamlarimiz orasida qo‘lida hunari, kasbu-kori borlar juda ko‘p. Faqat ularni qo‘llab-quvvatlash, ish boshlashi uchun ko‘maklashish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish kerak. Ko‘pchilik imkoniyat va imtiyozlardan bexabar bo‘lib, qayerdan ish topsam ekan degan o‘y bilan yuraveradi. Bino yo‘qligi uchun o‘z ishini boshlay olmayotganlar ham bor. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda bu masalada tez-tez murojaatlar bo‘ladi.

Demak, targ‘ibot-tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirishimiz, biznesini yo‘lga qo‘yish istagida yurgan fuqarolarimizni ish boshlashidan tortib, toki uni rivojlantirishigacha bo‘lgan barcha bosqichlarda qo‘llab-quvvatlashimiz, yonida turishimiz kerak. Kredit olishda, bino bilan ta’minlashda bosh-qosh bo‘lsak, bu orqali qanchadan-qancha ishlab chiqarish tarmoqlari ochiladi, yuzlab ish o‘rni yaratiladi. Chunki imkoniyat va imtiyozlar keragicha taqdim etilmoqda.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Laziza SHEROVA yozib oldi.

«O‘zbekiston ovozi», 20.03.2023, №11-12

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish