Seysmik xavfsizlik borasida javobgarlik kuchayishi muhim
Seysmik xavfsizlik borasida javobgarlik kuchayishi muhim

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Gap shundaki, xorijiy mamlakatlarda sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar oqibatida yuzaga kelgan turli xil talafotlar mamlakatimizda seysmik xavfsizlikni ta’minlash, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amaliyotga tatbiq etish lozim bo‘lmoqda.

Xususan, respublikamizda barpo etilayotgan va qayta ta’mirlanayotgan bino-inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishda tashkilotlarning mas’uliyatini kuchaytirish, shaharsozlik qonunchiligida belgilangan talablarga qat’iy rioya etish borasida nazoratni takomillashtirish hamda sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatga jazo muqarrarligini oshirish zarurati yuzaga kelgan. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasida shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilgan.

Deputatlar tashabbuskorlarning takliflarini tinglar ekan, shaharsozlik faoliyati sohasida ko‘payib borayotgan noqonuniy qurilishlarning oldini olish, tasdiqlangan bosh rejalarga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan me’yorni ijobiy baholadi. Shuningdek, aholining sog‘ligi, hayoti va xavfsizligini ta’minlash, qurilish sifatini oshirish, sodir etilgan huquqbuzarliklarni kamaytirib, yanada ta’sirchan jazo choralarini qo‘llash maqsad qilinmoqda.

Muhokamada jarayonida deputatlar ijtimoiy obyektlardagi seysmik xavfsizlikka oid savol bilan murojaat qildi. Mutaxassisning bu masalalar investitsiya dasturlari orqali ta’minlanadi, degan javobidan qoniqmagan deputat o‘z fikrini qayta izohladi.

— Bilamizki, maktab, bog‘chalarni ta’mirlashda investitsiya dasturiga asosiy bino kiritiladi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Shohista Turg‘unova. – Ammo o‘sha muassasaning to‘garaklar o‘tadigan yoki boshqa maqsadlarda foydalanadigan binolari ham bor. Afsuski, ularning ko‘pi avariya holatida. Quvvati yetmagani bois asosiy bino ta’mirlanib, qolgan qism qolib ketyapti. Mana shu masalani monitoringi yuritiladimi? Taklif etilayotgan loyihada belgilangan talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanadimi? Yuritilmayotgan bo‘lsa, ushbu jihatga ham e’tibor qaratilishini so‘rar edik.

Fraksiya a’zolari joylardagi holatlar hamda aholi murojaatlaridan kelib chiqib, o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Ovozga qo‘yilgan loyiha birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullandi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish