O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida Kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirish, mahalliy Kengashlarning sohadagi ijobiy yutuqlari, amalga oshirilayotgan ishlari bilan yaqindan tanishish hamda o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Xalq deputatlari Buxoro viloyati hamda tuman, shahar Kengashlarining bir guruh deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R. Saparbayev kutib oldi va Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mitalari va fraksiyalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari X. Yeshimbetov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan taqdimot qildi.
Deputatlar fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni olib chiqishda, deputatlik so‘rovlarining yuborilishi va ijobiy hal etilishiga erishish hamda boshqa masalalarda o‘zaro tajriba almashildi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Nukus shahridagi quyosh panellarini o‘rnatish va servis xizmat ko‘rsatish korxonasida hamda terini qayta ishlash korxonasida bo‘lib, tadbirkorlik subyektlarining ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘istondagi oliy o‘quv yurtlarida Buxorolik 100 dan ziyod yoshlar ta’lim olmoqda. Deputatlar Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida talaba yoshlar bilan uchrashdilar va yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, samimiy muloqot qildilar.
Shundan so‘ng, Nukus shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida bo‘lib, fuqarolarning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Tashrif davomida yurtimizning tarixi va madaniyati bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati muzeyida hamda Sahrodagi Luvr nomi bilan mashhur bo‘lgan I. V. Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyida bo‘lib, delegatsiya a’zolariga eksponatlar va ularning tarixi haqida ma’lumotlar berildi.
Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari Xo‘jayli tumanida bo‘lib, Xalq deputatlari Xo‘jayli tuman Kengashi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. So‘ng Xo‘jayli tumani hududidagi "Mizdaqxan" tarixiy kompleksiga sayohat tashkil etildi.
Delegatsiya a’zolarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.