Munosib maqom
Munosib maqom

 

Keyingi yillarda yurtimizda yangicha, ilg‘or jamiyat qurish g‘oyasi chuqur ildiz otdi. Bu yo‘lda inson kapitalini rivojlantirish, uni ulug‘lashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ya’ni «inson» fenomeni Yangi O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga olib chiqildi. Har bir taraqqiyotning, sivilizatsiyaning bunyodkori inson ekanligini inobatga olsak, jamiyatimizdagi bu yondashuv biz uchun muvaffaqiyatlar kaliti vazifasini o‘tashiga ishonch hosil qilamiz. Shu tariqa «inson»ni ulug‘lash tamoyili keng jamoatchilik orasida tezda ommalashib ketdi. Buni siyosiy partiyalarning dasturiy maqsadlarida ham ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Xalq demokratik partiyasi 2019 yilgi Parlament saylovlaridan so‘ng o‘qituvchi va shifokorlarning ijtimoiy mavqeini mustahkamlash g‘oyasini ilgari surgan edi. Maqsad chuqur o‘ylangan. Sababi, biz yillar davomida o‘qituvchi va shifokorlarni mavsumiy ishlarga majburan jalb qildik. Natijada o‘qituvchi ham, shifokor ham jamiyatda obro‘siz qatlam vakillariga aylanib qoldi.

Zero, ilg‘or jamiyatlarga yetuk shaxslar asos solib kelgan. Inson dunyoga kelib yetuk shaxs bo‘lib shakllanishi uchun u bir qancha bosqichlardan o‘tadi. Uning birinchi sharti ruhiy barkamollik bo‘lsa, ikkinchisi jismoniy sog‘lomlikdir. Buni ta’minlash o‘qituvchi va shifokor zimmasidagi ma’suliyatdir. Demak, ular o‘z vazifasini sidqidildan, vijdonan bajarishi uchun ularning maqomini oshirish, mavqeini mustahkamlash va zarur shart-sharoitlarni yaratish hayotiy masala edi.

 

Pedagog maqomining mustahkamlanishi

Oxirgi 6-7 yilda olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi o‘laroq o‘qituvchilarning hayoti ham, mehnat faoliyati ham yaxshi tomonga siljiy boshladi. Bu qonunchilik orqali mustahkamlandi. Jumladan, Yangilangan Konstitutsiyaning 52-moddasida o‘qituvchining maqomiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.

Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.

2024 yilning 1 fevral kuni «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonun bilan pedagog xodimlarning huquq va majburiyatlari, faoliyatining asosiy kafolatlari, mehnatiga haq to‘lash va ularni ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilab berildi. Tom ma’noda qonunning ruhi Xalq demokratik partiyasining g‘oya va maqsadlariga to‘liq mos keladi.

Jumladan, qonunda:

– o‘qituvchini kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, jumladan, obodonlashtirish, qishloq xo‘jaligi ishlariga, ishsiz va o‘qimagan voyaga yetmaganlarni hisobga olishga jalb etish;

– o‘qituvchining o‘quvchilar bilimini baholashiga ta’sir ko‘rsatish;

– o‘qituvchidan soliqlar, kommunal to‘lovlar, kreditlar va aholining boshqa qarzlari to‘g‘risidagi hisobot va ma’lumotlarni, bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha hisobotlarni talab qilish;

– uning yozma roziligisiz tovarlar va xizmatlar sotib olishga majburlash, tovar va xizmatlar uchun maoshidan mablag‘ ushlab qolish taqiqlandi.

Endi o‘qituvchini siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarga jalb qilish (saylovni tashkil etish va o‘tkazish jarayonlarida ishtirok etish, test sinovlarida auditoriya kuzatuvchisi funksiyasini bajarish, aholini ro‘yxatga olishda yordam berish, ta’lim tashkilotlarini tekshirish va attestatsiyadan o‘tkazishda ishtirok etish va boshqalar) uning roziligi va u bilan tuzilgan shartnoma asosida, qo‘shimcha haq evaziga, ishdan bo‘sh vaqtida yoki ish joyidagi o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda ruxsat etiladi.

Qonunda pedagogik xodimlar o‘z sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish to‘g‘risida sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilganda, shuningdek, davlat organlarining o‘z huquqlarini buzayotgan qarorlari va xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilganda davlat boji to‘lashdan ozod qilingani belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga o‘qituvchilarning ish vaqtini qisqartirish, 56 kungacha uzaytirilgan ta’til, O‘zbekistonning chekka hududlarida ijara uchun har oy tovon puli to‘lash, bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tish ko‘zda tutilgan. Pedagoglarning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga imtiyozli shartlarda o‘qishga qabul qilinishi ham ko‘zda tutilgan.

 

Shifokor maqomining mustahkamlanishi

Eng katta ne’matimiz ham, boyligimiz ham salomatligimizdir. Yurtimizda keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, uni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani sababi ham shunda.

Olib borilgan tizimli islohotlar endi shifokor maqomini huquqiy tomondan ham mustahkamlab qo‘yish davr talabi ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. chunki, bemor o‘limi yoki sog‘lig‘i yomonlashishida biror aybi bo‘lmasa-da, shifokorni ayblash va unga noqonuniy tajovuz qilish holatlari ko‘payib borayotgan edi. Bundan tashqari, tez yordamni asossiz chaqirish, muolaja qilib qo‘yish yoki chaqiriqqa kelgan shifokordan boshqa oila a’zolarini ham ko‘rib qo‘yishni talab qilish, xodimlarga ko‘rsatmalar berib, xalaqit qilish, to‘sqinlik qilish holatlari tez-tez quloqqa chalinayotgan edi. Statistik raqamlarda keltirilishicha, 2019-2022 yillarda 285 dan ortiq holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shaklda tajovuz qilingan.

Vaziyatning o‘zi jamiyatimizda ko‘payib ketayotgan bunday illatga qarshi turish, xususan, bunday xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish kerakligini ko‘rsatib turgandi. Zero, tibbiyot xodimiga qo‘l ko‘targan shaxs o‘z nojo‘ya xatti-harakatlari bilan jamoat tartibini buzib, jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilgan bo‘ladi. Amaldagi qonunchiligimizda xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga nisbatan tajovuz qilganlik, tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatga to‘sqinlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlik belgilanmagan. Natijada tibbiyot hodimlariga nisbatan yuz berayotgan tajovuzlar soni kamaymadi.

Bunday illatning oldini olishda eng asosiy va samarali yo‘llardan biri sifatida yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish kun tartibiga chiqdi.

Davlatimiz rahbari 2022 yil 18 mart kuni sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda shifokor kasbining maqomi va nufuzini oshirish, ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish vazifasini qo‘ydi. Uning ijrosini ta’minlash maqsadida tibbiyot xodimlari faoliyatiga to‘sqinlik qilish va ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.

2023 yil 27 mart kuni «Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqidagi»gi qonun imzolandi. Mazkur qonun soha vakillari maqomini himoya qilishga, ularga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning yana bir namunasi bo‘ldi.

Qonun bilan «tibbiy faoliyat», «tibbiy yordam», «tibbiy xizmat» kabi tushunchalar mazmun-mohiyati aniq qilib ochib berildi. Shuningdek, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq holatlarda javobgarlikni, mazkur ishning taalluqliligi va uni ko‘rib chiqish muddatlarini belgilash nazarda tutildi.

Hujjatda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq holatlarda javobgarlik, mazkur ishning taalluqliligi va uni ko‘rib chiqish muddatlari o‘z aksini topgan.

Xususan, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazganlik uchun ma’muriy javobgarlik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish belgilandi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qonun tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilish va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olish, shifokor kasbining maqomi va nufuzini oshirish, fuqarolarga o‘z vaqtida sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga xizmat qiladi.

Bu ikki sharafli kasb egalarining huquqlari himoya qilinishi, mavqei mustahkamlanishi mamlakatimizdagi ta’lim va tibbiy xizmat sifatining oshishiga xizmat qiladi. Aynan shu Xalq demokratik partiyasining eng ustuvor dasturiy maqsad va tashabbuslari bilan hamohangdir.

 

Ahmad Qurbonov.

«O‘zbekiston ovozi», 10.04.2023, №15

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish