QADIM KENTDA DUNYO NAVOLARI YANGRAMOQDA
QADIM KENTDA DUNYO NAVOLARI YANGRAMOQDA

Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligi arafasida Samarqand yana bir nufuzli xalqaro tadbirga mezbonlik qilmoqda. Dunyo e’tirofidagi nufuzli tantana – «Sharq taronalari» XII xalqaro musiqa festivali munosabati bilan shahar bayramona bezatilgan.

Keng va ozoda ko‘chalarda rang-barang bayroqlar hilpiraydi. So‘lim bog‘ va xiyobonlar tarovati, odamlar yuzidagi mamnunlik katta bayram ruhini aks ettirgan.

«Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali dunyo xalqlari o‘rtasida madaniy hamkorlikni mustahkamlash, musiqa san’ati an’analarini asrash va rivojlantirish maqsadida 1997 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Har ikki yilda bir nishonlanadigan festival jahon ahlining o‘zaro madaniy muloqotga bo‘lgan hayotiy ehtiyojini ro‘yobga chiqarishda beqiyos vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

YuNESKO shafeligida o‘tkaziladigan yirik madaniy tadbir bugungi murakkab davrda insonlarni tinchlik, hamkorlikka chorlovchi va buni amalda namoyon etuvchi ezgulik minbariga aylanib ulgurdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 26 fevraldagi qaroriga muvofiq, «Sharq taronalari» XII xalqaro musiqa festivaliga har qachongidan katta hozirlik ko‘rildi. Tarix zarvaraqlarida azim shahar deya ta’rif beriladigan Samarqandda keng ko‘lamda qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Yurtimizda turizmni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar natijasida Samarqandda ham yangi mehmonxonalar, restoran va boshqa ko‘plab turistik ob’ektlar bunyod etildi.

Birgina misol. O‘tgan yigirma yildan ortiq vaqt davomida xalqaro musiqa kechasi mehmonlarini qabul qilish uchun sanoqli mehmonxonalar hozirlangan bo‘lsa, joriy yilning o‘zida 20 dan ortiq ana shunday xizmat ko‘rsatish ob’ektlari san’at ahli uchun shay qilindi.

Samarqand, Registon maydoni. 26 avgust, soat 19.00.


Quyosh ufqqa bosh qo‘yadi. Muhtasham madrasalar gulgun shafaq va rango-rang chiroqlar yog‘dusida yanada go‘zal va salobatli ko‘rinadi. Uch muhtasham madrasa o‘rtasida qurilgan, festival ruhiga mos bezatilgan amfiteatrga minglab, millionlab nigohlar qadalgan. Tomoshagoh «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimiga yig‘ilgan odamlar bilan to‘lgan. Ular orasida anjuman qatnashchilari va mehmonlari, san’at ixlosmandlari, musiqashunos olimlar, chet ellik va mahalliy jurnalistlar, sayyohlar bor.

Festival ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oladi.

Karnay-surnay, nog‘ora sadolari yangraydi.

So‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga beriladi.

Davlatimiz rahbari «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarni samimiy qutlab, jahonda tinchlik va millatlararo totuvlikni ta’minlashda mazkur san’at anjumanining ahamiyati beqiyos ekanini ta’kidladi, festival ishtirokchilariga ijodiy muvaffaqiyatlar tiladi.

Marosimda so‘zga chiqqan YuNESKO Bosh direktori Odri Azule xonim O‘zbekistonda madaniyat va san’atni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, «Sharq taronalari» festivali ana shu e’tiborning yuksak namunasi ekanini qayd etdi.

«Sharq taronalari» madhiyasi sadolari ostida sahnaga festival qatnashchilari – 75 mamlakat bayrog‘i olib chiqildi.

Maydon uzra yoqimli kuy taraldi. Bu ohang qalblarga kirib, ko‘ngilning nozik torlarini chertadi. Yuraklarga hayajon, hayrat soladi. Bu kuy sehri, ohang zavqi, musiqa qudratining amaldagi ifodasidir.

San’at odamlarning orzu-havasi, quvonchu shodligi, armon va iztiroblari, ichki kechinmalarini ifodalovchi vositadir. So‘zda yoki suratda tasvirlab berish imkoni bo‘lmagan his-tuyg‘ular musiqada namoyon bo‘ladi, yuraklarda aks-sado beradi. Musiqa xalqlarni, turli millat va elatlarni bir-biriga tanitadi, qalban yaqinlashtiradi.

Dunyo sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ allomalarimiz ham musiqa, qo‘shiq haqida falsafiy-estetik qarashlarni ilgari surib, bu haqda asarlar bitgan. Xususan, Abu Nasr Forobiy «Musiqa haqida katta kitob» asarida tovushlarning vujudga kelishi, kuylar uyg‘unligi, marom va ular turlarini sharhlagan. Abu Ali ibn Sino «Tib qonunlari» kitobida yurak, asab kasalliklarini musiqa vositasida davolash yo‘llari haqida yozgan.

Sohibqiron Amir Temur davrida Samarqandda ilm-fan va san’atning barcha sohalari qatori musiqa va qo‘shiqchilik ham rivojlangan. Bu yerga dunyoning turli o‘lkalaridan mohir sozanda va xonandalar jam bo‘lgan. Buyuk jahongirning shavkatli yurishlaridan so‘ng katta musiqa kechalari o‘tkazilgan, rasmiy qabullar, tantana va marosimlar kuy-qo‘shiqlarsiz o‘tmagan.

Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy «Zafarnoma» asarida Amir Temur saroyida o‘tkazilgan musiqiy anjumanlar haqida to‘xtalib, «Yaxshi ovozli xonandalar kuylashni boshlab, g‘azalu naqsh aytur erdilar. Va turku mo‘g‘ul, xitoyu arab va ajamdin har kim o‘z rasmi bilan nag‘ma aytur erdi», deb yozgan.

Bugun mamlakatimizda musiqa va san’atni rivojlantirish, mazkur soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning bu boradagi iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining mazkur yo‘nalishda bir qator farmon va qarorlari qabul qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 17 noyabrdagi «O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori milliy mumtoz san’atimiz rivojida yangi istiqbollarni ochdi. Mazkur hujjat asosida mamlakatimiz poytaxtida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi, hududlarda namunali maqom ansambllari tashkil etildi. Bolalar musiqa va san’at maktablarida maqom alifbosi fani o‘qitilishi yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakatimizda ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan besh muhim tashabbusdan biri ham yosh avlodning musiqa va san’atga ishtiyoqini oshirish, xalqimizning betakror madaniyati va san’atini o‘rganishga e’tiborni kuchaytirishga qaratilgan.

...Marosimdagi mumtoz ashulalar, folklor namunalari, jahon musiqa va qo‘shiqchilik san’atining nodir durdonalari, zavqli raqslar dillarni jo‘sh urdiradi. Tomoshabinlar yurakka yaqin qo‘shiqlarga jo‘r bo‘ladi, sho‘x kuy-qo‘shiqlardan zavqlanib, raqsga tushadi. Til va tarjimon tanlamas bu ohanglar dillarga kirib boradi. Har bir insonni, u qaysi yurt, qaysi millat, qaysi din vakili bo‘lishidan qat’iy nazar, san’at orqali bir-biriga yaqinlashtiradi, do‘st qiladi.

«Sharq taronalari» ana shu jihatlarni o‘zida mujassam etgani uchun ham o‘tgan davr mobaynida nufuzli madaniy tadbirga aylandi. Negaki, xalqaro darajadagi boshqa musiqa festivallari musiqa san’atining muayyan turlariga ixtisoslashgan. Ayrimlarida faqat qo‘shiq kuylansa, ba’zilarida musiqa ijro etiladi yoki raqs tushiladi. «Sharq taronalari» esa san’atning barcha ko‘rinishlarini o‘zida mujassam etgan. Shuning uchun ham dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri – Xalqaro folklor san’ati tashkiloti yaqinda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini a’zolikka qabul qildi.

Mamlakatimizda shu kunga qadar o‘n bir marta o‘tkazilgan festivalda dunyoning 114 davlatidan vakillar qatnashgan. 1997 yildagi birinchi festival 31 mamlakat vakillari ishtirokida o‘tkazilgan bo‘lsa, bu yilgi qatnashchi davlatlar soni 75 tani tashkil etmoqda.

Festival doirasida Sharq xalqlari musiqa san’ati an’analarini o‘rganish va targ‘ib etishga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazish an’anaga aylangan. Bu yil festival davomida «Sharq xalqlari an’anaviy musiqa san’atini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.

Festivalning yangilangan nizomiga ko‘ra, bu yil tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikki yo‘nalish – professional tarzdagi xalq musiqa va qo‘shiqlari hamda an’anaviy ijod namunalari – zamonaviy musiqa yoki qo‘shiq yo‘nalishlarida baholanadi.

Festival ishtirokchilari tanlov dasturidan boshqa vaqtlarda Samarqand shahrida, shuningdek, Oqdaryo, Samarqand, Pastdarg‘om, Tayloq, Urgut va Jomboy tumanlaridagi istirohat bog‘lari, madaniyat muassasalarida ijodiy uchrashuvlar, konsertlarda qatnashadi.

Tantanali marosim yurtimiz san’at ustalari, yosh ijrochilarining sho‘x va diltor qo‘shiqlari bilan davom etdi. Samarqand osmoni uzra porlagan mushaklar, «Sharq taronalari» musiqa festivali navolari olis-olislarda aks sado berdi.


Ziyodulla JONIBEKOV,

G‘olib HASANOV,

O‘zA maxsus muxbirlari.

← Roʻyxatga qaytish