SHIRKAT RAISI NAYRANGLARI NEGA JAZOSIZ QOLMOQDA?
SHIRKAT RAISI NAYRANGLARI NEGA JAZOSIZ QOLMOQDA?

Mamlakatimizda ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiladigan aholiga qulay sharoitlar yaratish, kommunal xo‘jaligini tartibga solish maqsadida 2006 yil 12 aprelda “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida” qonun qabul qilingan edi. Oradan 13 yildan ko‘proq vaqt o‘tibdiki, aholi ko‘p qavatli turar joylardagi muammolardan xalos bo‘la olmayapti.

2017 yil 18 aprelda Prezidentimizning «Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilinib, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tashkil etildi. Shu munosabat bilan Uy-joy kodeksi hamda «Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Qulay imkoniyatlar yaratildi.

Shirkatlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun kredit tizimi joriy etildi. Afsuski, yaratilgan imkoniyatlardan o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanayotganlar uchrab turibdi. Ayrim shirkat rahbarlari bankdan olgan million-million so‘m kreditlarni nomigagina, chala-chulpa bajarilgan ta’mirlash ishlari bilan yopib, uning badallari uy-joy mulkdorlari cho‘ntagi hisobidan to‘lanayotgan holatlar ham aniqlanmoqda.

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani, Humoyun mavzesida birinchidan oltinchigacha bo‘lgan ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolardan o‘ttiz nafarga yaqini imzo chekkan shikoyat xati tahririyatimizga kelib tushdi.

– 2016 yilning noyabr oyida bizlar yashayotgan ko‘p qavatli uyning tuppa-tuzuk asfalt qoplamali hovlisi «Humoyun g‘uncha kommunal» shirkat raisi Farhod Jabborov yollagan ishchilar tomonidan buzib tashlandi, – deydi shikoyatchilardan biri Aktam Jalolov. – «Nima gap?» deb so‘rasam, asfaltni olib tashlab, beton qoplama qilamiz, deyishdi. Shirkat raisini topib, qish paytida hovlidagi asfalt qo‘porib tashlansa, bu yerda yashayotgan aholi, ayniqsa bolalar qiynalib qolishini tushuntirdim. Lekin u gapimga quloq solmadi, «Ishingiz bo‘lmasin, bu topshiriqni tuman hokimi va prokurori bergan. Sizga hisobot berishim shart emas, nimaiki qilayotgan bo‘lsam, shu mahalla aholisi manfaatini o‘ylab qilayapman», dedi. «Buning to‘lovi qanday bo‘ladi»? — deb so‘rasam, «Sizning cho‘ntagingizdan bir so‘m ham ketmaydi», dedi.

Xullas, 2017 yilning yanvar oyida hovlini betonlash ishlari boshlandi. Hammayoq loy, balchiq, qish bo‘yi ko‘p qavatli uylarda yashayotgan aholi juda qiynaldi. Bu ishlar chala-chulpa yakunlanib, fevral oyida ishchilar hovlidagi 3 ta to‘qqiz qavatli, 3 ta besh qavatli uylarning fasad qismi hamda pod’ezdlarini zudlik bilan ta’mirlashni boshladilar. Mahalla ahli shirkat tomonidan qilinayotgan bunday «g‘amxo‘rliklar»dan hangu mang edi. Chunki yaqin 5-10 yil ichida shirkat tomonidan birorta arzirli ish qilinganini eslolmayman. Ishchilar bu ishlarni ham qo‘l uchida bajarib g‘oyib bo‘lishdi...

Shundan keyin aholi tomonidan shirkat ustidan qilingan shikoyatlar asosida mahallada tuman ichki ishlar bo‘limi mas’ullari hamda prokuratura xodimlari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘p qavatli uylarda yashayotgan aholining «Humoyun g‘uncha kommunal» shirkati raisiga nisbatan e’tirozlari to‘g‘ri deb topildi va chora ko‘rishga va’da berildi. Lekin yozib olingan e’tirozlar ham, berilgan va’dalar ham qumga singgan suvday izsiz ketdi.

Shu desangiz, qizig‘i keyinroq boshlandi. 2017 yilning birinchi yarim yilligidan boshlab «ta’mirdan» chiqarilgan uylar aholisi uchun badal to‘lovlari birdaniga 20 foizga oshirildi. Sababi, hovli beton qilingan, pod’ezdlar ta’mirlangan...

Ma’lum bo‘lishicha, shirkat rahbari Farhod Jabborov uy-joy mulkdorlari bilan kelishmasdan bankdan bir milliard so‘mdan ziyodroq kredit olgan, shuni yopish uchun zudlik bilan xo‘jako‘rsinga «ta’mirlash» ishlarini boshlagan ekan. Qishda, yog‘ingarchilik sharoitida amalga oshirilgan betonlash ishlari sifatsiz bajarilgani uchun maydoncha yaroqsiz ahvolga kelib qoldi. Hozir mahalla hovlisiga qarab bo‘lmaydi. Qishda to‘kilgan beton ko‘chib, hammayoq shag‘al, qum bo‘lib yotibdi, «ta’mirlangan» pod’ezdlar yana ta’mirtalab... Juda katta miqdordagi pulni o‘zlashtirgan shirkat raisi esa qo‘l ostida usta bo‘lib ishlayotgan Narimon Yusupovni o‘z o‘rniga qo‘yib, juftakni rostlabdi. Yangi «rais» ham bir muddat nima qilishni bilmay shirkat hujjatlarini hech kimga topshirmasdan g‘oyib bo‘ldi...

– Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati a’zolari ko‘p kvartirali uyda umumiy mol-mulkni saqlashga majburiy badallarni kiritadi, – deydi shu mahallada yashovchi Abduolim Qurbonov. –Ularning miqdorini umumiy yig‘ilish belgilaydi. Badal miqdori uy uchun zarur ishlarni bajarishga daromad va xarajatlar smetasida rejalashtirilgan xarajatlarga muvofiq kelishi kerak. Qayerni ta’mirlash va badal miqdori qancha bo‘lishi, shirkat raisining faoliyati uy-joy mulkdorlari tomonidan nazorat qilinmagan. Shirkat raisi mahalladagi ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash uchun olgan kreditdan ham hech kimning xabari yo‘q. Buning ustiga, olingan mablag‘ning uchdan biri ham ishlatilmagan.

Holbuki, o‘sha 6 ta ko‘p qavatli uyning xonadonlarida isitish tizimi yaxshi ishlamaydi, yerto‘lalar ahvoli nochor. Buning ustiga, havo almashtirgichlar ishlamaydi. Suv quvurlari xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan. Qorli-yomg‘irli paytlarda uylarning yuqori qismidagi xonadonlardan chakka o‘tadi. Olingan kredit mablag‘lari shunga ishlatilishi kerak emasmidi?

2019 yil 30 aprelda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining Toshkent shahar hududiy bo‘limi tomonidan Humoyun MFYda joylashgan «Humoyun g‘uncha kommunal» shirkati faoliyati tekshirilganida shikoyatchilar haqligi aniqlandi. Tekshiruvchilar tomonidan tuzilgan dalolatnoma asosida shirkat raisi Farhod Jabborov harakatlariga huquqiy baho berilishi kerak edi. Aholi uni jinoiy javobgarlikka tortishni so‘rab qator sud-huquq idoralariga murojaat qildi. Lekin natija bo‘lmayapti. Ularning shikoyatlari u tashkilotdan bu tashkilotga, Toshkent shahar prokuraturasidan Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasiga yuborilib, o‘z yechimini topmayapti.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerak, joriy yilning 25 iyul kuni Oliy Majlis Senatida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining 2019 yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilishi belgilangan maqsadli vazifalarni bajarish yuzasidan hisoboti tinglangan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil davomida bu vazirlikka 28 ta maqsadli vazifa yuklatilgan. Shu yilning birinchi yarim yilligida bajarilishi lozim bo‘lgan 8 ta topshiriqdan atigi bittasi bajarilibdi xolos. Katta arava qayerdan yursa, kichik arava ham o‘sha yerdan yuradi, deganlari shu bo‘lsa kerak.

Majlis yakunida uy-joy-kommunal xo‘jaligini yanada rivojlantirish maqsadida qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish, sohaga oid qonun hujjatlarini qayta ishlab chiqish va ularda ko‘p xonadonli uylarni boshqarishning zamonaviy innovatsion shakllari va usullarini mustahkamlash yuzasidan qaror qabul qilindi.

Albatta, qaror ijrosi bilan go‘zal. Lekin shirkatlar rahbariyati tomonidan qurilish va ta’mirlashdagi nuqsonlar to‘g‘risida hujjatlar va kelgusi davrga mo‘ljallangan smetalar tuzmasdan badallar miqdorlarini o‘zboshimchalik bilan belgilash holatlari hozirgacha davom etayotganini hech qanday bahona bilan oqlab bo‘lmaydi. Shirkat a’zolari tomonidan qaror qabul qilish tartibiga rioya qilmagan holda shirkatlarni kreditlash holatlari uchrab turibdi. Natijada shirkat mulkdorlari bundan aziyat chekmoqda, jabr ko‘rmoqda.

Shirkat rahbarlari tomonidan soxta bayonnomalar va boshqa hujjatlar tuzilishi, mablag‘lar sarflanishi to‘g‘risida kerakli hisobotlar yo‘qligi ham sir emas. O‘z navbatida, sohada olib borilayotgan ishlar sifati ustidan uy-joy egalari tomonidan samarali nazorat o‘rnatilmayapti. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining shirkat faoliyatiga asossiz aralashuvi ham sohada yechimini kutayotgan muammolardan biri hisoblanadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 6 avgust kuni «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Hujjatda uy-joy mulkdorlari shirkatlarining huquqiy maqomini belgilash, ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda davlat organlari bilan munosabatlar ko‘zda tutilgan.

Hozir shirkatlar faoliyatini billing tizimiga o‘tkazish ustida ish olib borilayotgan ekan. Bu yo‘nalishda ish boshlangach, hech bir shirkat o‘z hisobidagi mablag‘dan noqonuniy maqsadlarda foydalana olmaydi. Uning hisobidagi pullar vazirlik nazoratida bo‘ladi. Shunda shirkat aholidan yig‘ilgan badalni faqat o‘sha uyning moddiy-texnik holatini yaxshilashga sarflaydi.

Xo‘sh, «Humoyun g‘uncha kommunal» shirkat raisi Farhod Jabborov tomonidan qilingan nayranglarga kim huquqiy baho beradi? Yoki u bankdan kreditga olingan mablag‘ni tuya qilib, badal to‘lovini shirkat a’zolari bo‘yniga ilib, yallo qilib yuraveradimi? Aslida bunday holatlar oz emas. Nazorat bo‘lmagach, jazo ko‘rilmagach, nayranglar davom etaveradi-da.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

Teglar

Toshkent
← Roʻyxatga qaytish