O‘ZBEKISTON VA BELARUS ISHBILARMONLARI HAMKORLIKNI KENGAYTIRMOQDA

Minsk, 29 iyul. O‘zA maxsus muxbiri Matnazar ELMURODOV xabar qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy tashrifi arafasida Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus hududlararo forumi boshlandi. Unda ikki mamlakat hududlari vakillari qatorida parlamentlar a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, ishbilarmonlar ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston — Belarus hamkorligini kengaytirishda muhim muloqot maydoni, deb baholanayotgan ushbu forumda yetakchi tarmoqlar va hududlar vakillarini bir davraga jamlash, shu tariqa qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish amaliyotini kengaytirish, umuman, har bir manfaatli sohada o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Forumning dastlabki kuni sessiya yig‘ilishlari shaklida o‘tdi.

Sanoat kooperatsiyasi masalalariga bag‘ishlangan birinchi sessiyada qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika kabi sohalarda sheriklik aloqalarini kengaytirish xususida so‘z bordi.

Ikkinchi sessiya agrar sohaga bag‘ishlandi. Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash, o‘simlikshunoslik, seleksiya, chorvachilik, veterinariya sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Gumanitar, axborot-kommunikatsiya, ilm-fan sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda texnoparklarni takomillashtirishda tajriba almashish, hududlararo innovatsion hamkorlikni kengaytirish, turizm, ta’limni raqamlashtirish kabi istiqbolli yo‘nalishlar haqida fikr almashildi.

Forum 30 iyul kuni o‘z ishini davom ettiradi.

Umuman, rasmiy tashrif arafasida hududlar va ishbilarmonlar doirasidagi hamkorlik faollashayotganini ta’kidlash joiz. Bugun Minskdagi "Bel-Ekspo" milliy ko‘rgazmalar markazida O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi ham ochildi.

Ushbu tadbir Belarusga O‘zbekiston sanoati mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish, ushbu mamlakat biznesi vakillarini yurtimizning eksport va sarmoyaviy salohiyati bilan keng tanishtirish maqsadida tashkil etildi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Elyor G‘aniyev ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanib borayotganini, yaqin istiqbolda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud ekanini ta’kidladi.

Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Vladimir Dvornik ushbu tadbir 2018 yili Toshkentda o‘tkazilgan Belarus milliy ko‘rgazmasi doirasida boshlangan ishbilarmonlik muloqotining mantiqiy davomi ekanini qayd etdi.

Ko‘rgazmada mamlakatimizning barcha hududlaridan mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish, tibbiyot va farmatsevtika, neft kimyosi, yengil sanoat, axborot texnologiyalari kabi sohalarga ixtisoslashgan 80 korxona mingdan ortiq turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. O‘zbekistonning turizm borasidagi imkoniyatlari targ‘ibotiga keng o‘rin berilgan.

O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi 2 avgustga qadar mehmonlarni qabul qiladi.

 

O‘zA

← Roʻyxatga qaytish