Prezidentlikka nomzod Toshkent viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashdi
Prezidentlikka nomzod Toshkent viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashdi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning saylovchilar huzuridagi navbatdagi uchrashuvi Qibray tumanida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda viloyat yoshlari, jamoat tashkilotlari a’zolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari va ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkenti viloyat kengashi raisi Akmal Umaraliyev olib bordi. Ishonchli vakil saylovchilarga nomzodning tarjimai holini o‘qib berganidan so‘ng, nomzod so‘zga chiqib dasturidan o‘rin olgan taklif va tashabbuslar mazmuni saylovchilarga tushintirib berdi.

Xususan, nomzod tomonidan mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Fuqarolik jamiyati institutlari mamlakatda demokratiya, huquqiy davlat va shaxs erkinliklarini ta’minlashning muhim kafolati bo‘lib xizmat qilishini inobatga olib, dasturda davlat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining bevosita ishtirokini kengaytirishga, jamoatchilik nazoratini yanada mustahkamlashga qaratilgan bir qator takliflar o‘z aksini topganligi ta’kidlandi.

Dasturda taklif etilayotgan davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga berib borish orqali ularning ijtimoiy faolligini oshirish, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy sheriklik asosida xizmat ko‘rsatishga o‘tish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy hamda davlat-xususiy sheriklik amaliyotini keng rivojlantirish tashabbusi nodavlat notijorat tashkilotlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligi va faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, fuqarolik jamiyatining muhim elementi sifatida mahalla tizimini rivojlantirish, ma’muriy, ijtimoiy, ekologik, madaniy va boshqa muammolarni hal etishda uning to‘liq ishtirokini ta’minlash bo‘yicha taklif ham mahallalarning aholi muammolarini hal etishning eng samarali va adolatli shakli sifatidagi maqomini yanada mustahkamlaydi.

Dasturda fuqarolik jamiyati institutlarini mahalliy miqyosda qo‘llab-quvvatlash, tumanlardagi nodavlat notijorat tashkilotlarini faoliyatini kengaytirish masalasi ham o‘z aksini topgan. Bu borada salohiyatli yoshlarga siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tizimida ishlashni rag‘batlantirish bo‘yicha taklif yoshlarning mamlakat siyosiy hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.

Yoki bo‘lmasa, davlat ulushi bo‘lgan yirik ishlab chiqarish korxonalari kuzatuv kengashlari tarkibiga jamoatchilik vakillarini ham kiritish to‘g‘risidagi tashabbus, ularning shaffofligini yanada oshiradi, iqtisodiyotda ijtimoiy muloqot va jamoat nazorati mexanizmini joriy etishga xizmat qiladi.

Dasturda fuqarolik jamiyati rivojining asosiy omili sifatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, uchrashuvda ushbu ta’sirchan institutdan ijtimoiy hayotning turli sohalarida faol foydalanish uchun zarur shart-sharoit yaratib berish ochiqlik va oshkoralik muhitini yanada mustahkamlashga, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishga xizmat qilishi qayd etib o‘tildi. Jamoatchilik nazorati xalqning fikri bilan hisoblashishning samarali vosita bo‘lib, uchrashuvda uni yanada mustahkamlash bo‘yicha nomzodning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan bir qator takliflar yangradi.

Xususan, ehtiyojmand shaxslarga ajratilayotgan moddiy-ijtimoiy yordam mablag‘larining manzilli va maqsadli yetib borishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalasi partiyaning maqsadi va uning elektorati manfaatlaridan kelib chiqib taklif etilayotganligi ta’kidlandi.

Dasturda kommunal xizmatlar tariflari, ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlarning narxlarini shakllantirish, fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash bo‘yicha aniq takliflar ilgari surilgan bo‘lib, bu fuqarolarning ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligini oshirishga hamda ushbu sohalarda qonuniylik, oshkoralikni ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Nomzod tomonidan, shuningdek, shaharlarda noqonuniy qurilishlarga qarshi kurashishning eng samarali usuli sifatida jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish zarurati ham ta’kidlab o‘tildi.

Shu bilan birga yangilangan Konstitutsiyada belgilangan mamlakatimizning ijtimoiy davlat maqomi va u bilan bog‘liq ijtimoiy majburiyatni to‘laqonli bajarish uchun Davlat budjeti xarajatlari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish to‘g‘risidagi taklif ham saylovchilar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

Umuman, nomzod dasturida barcha insonlarning yoshi, jinsi, nogironligi, millati, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotda faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash ustuvor g‘oyalardan biri sifatida belgilangan.

Uchrashuvda samimiy va ko‘tarinki muhit hukmron bo‘ldi. Saylovchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildi va o‘zlarining fikr-mulohazalarini ham bildirishdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishga da’vat qilishdi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish