JINOYAT SODIR BO‘LDI!..

Devor oshgan o‘g‘ri

Toshkent viloyatining Angren shahrida 2019 yil 30 iyul kuni noma’lum shaxs Chinniobod mahallasi Iltifot ko‘chasida yashovchi 54 yoshli M.X.ning uyiga devor oshish yo‘li bilan kirib, 3 500 AQSh dollari va 920 000 so‘m pulini o‘g‘irlab ketgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Angren shahar 8-mart mahallasida yashovchi 24 yoshli H.U. sodir etganligi aniqlanib, ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

 

Mastlikdagi janjal

2019 yil 1 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining 1-kichik tumanida yashovchi 58 yoshli Ye.K. mast holda Taxiatosh tumani N.Seytmuratov ko‘chasida o‘zaro janjal oqibatida mast holda bo‘lgan tanishi, Keneges ko‘chasida yashovchi 61 yoshli K.T.ni pichoq bilan jarohatlagan.

Natijada K.T. kasalxonaga yotqizilgan. Ye.K. ushlangan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Yuk avtomashinasi olib beraman deb...

2019 yil 1 iyul kuni Buxoro viloyatining Jondor tumanida yashovchi 39 yoshli J.Q. IIBga murojaat qilib, shu yil aprel oyida Olot tumanida yashovchi 47 yoshli N.D. unga Turkmaniston Respublikasidan «HOWO» rusumli yuk avtomashinasi olib berishini va’da qilib, Olot chegara bojxona kompleksi oldida 18 000 AQSh dollarini olganligi va bergan va’dasini bajarmasdan ushbu pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborganligini ma’lum qilgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Shaxsi aniqlandi

2019 yil 31 iyul kuni soat 02:00 larda noma’lum shaxs Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida yashovchi 25 yoshli G.M. ismli ayolning uyiga ochiq qolgan darvozasi orqali kirib, 8 million so‘m pulini o‘g‘irlab ketgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni To‘rtko‘l tumani Abay ko‘chasida yashovchi 42 yoshli U.A. sodir etganligi aniqlanib, ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

 

«Kaptiva» egasi qidirilmoqda

2019 yil 3 avgust kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumani Beltepa mahallasida yashovchi 43 yoshli M.A. ismli ayol IIBga murojaat qilib, shu yil 1 avgust kuni soat 22:00 larda o‘g‘li 19 yoshli Komilxon Usmonov o‘zining davlat raqam belgisi 01 Z 455 RA bo‘lgan «Kaptiva» rusumli avtomashinasida uyidan noma’lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo‘qolganligini ma’lum qilgan.

Hozirda K.Usmonovni qidirib topish choralari ko‘rilgan. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘z o‘rnida fuqarolarimizdan K.Usmonov yoki uning boshqaruvidagi «Kaptiva» avtomashinasi haqida biron bir ma’lumotga ega bo‘lsalar, ichki ishlar organlarining hududiy bo‘limlariga yoki ?02» telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishlarini so‘raymiz.

 

Nilufar TO‘RAXONOVA,

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi katta inspektori, leytenant.

← Roʻyxatga qaytish