Qo‘qon qadimdan o‘zining boy madaniy merosi, boqiy an’analari, amaliy san’ati bilan dong taratgan. Ayniqsa, hunarmandlarning ijod mahsullari hali-hanuz keng jamoatchilikni maftun etib kelmoqda. Ular orasida yog‘och o‘ymakorligi namunalari alohida ajralib turadi. Bu bejiz emas, albatta.
1950 yillarda arxeologik qazish ishlari asnosida Qo‘qon shahridan biroz janubda joylashgan Qorabuloq maskanidan o‘ymakor yog‘och ustunning chala kuygan bo‘laklari topilishi bu san’atning qadimiyligidan dalolatdir. Zero, arxeologlar mazkur san’at asari qoldiqlarini milodiy eraning III-IV asrlariga xos ekanligini e’tirof etdi.
Xo‘qandi Latif XIII asrning yigirmanchi yillarida mo‘g‘ullar tomonidan vayron qilingach, boshqa san’at sohalari qatori, yog‘och o‘ymakorligi san’ati ham tanazzulga uchradi. Qo‘qon xonligi tashkil topgandan so‘nggina qayta jonlandi. XVIII asrning ikkinchi yarmida bu san’at taraqqiy etib, Qo‘qon maktabi vujudga keldi. Bu maktabni o‘z davrida usta Akbarali Haydarali o‘g‘li, Usta Jamoliddin Shahobiddin o‘g‘li, Bahriddin Jamoliddin o‘g‘li kabi ustalar boshqarib keldi.
XIX asr oxirlarida maktabga "Haydar farang" taxallusiga ega bo‘lgan Haydarali Najmiddinov rahbarlik qildi. Uning ishini o‘g‘li – Qodirjon Haydarov davom ettirdi. Qo‘qon maktabi faoliyatining eng taraqqiy etgan davri ham Qodirjon Haydarov faoliyati bilan bog‘liqdir. Qodirjon Haydarov o‘z san’ati va ustozlik faoliyati bilan Qo‘qon yog‘och o‘ymakorligi san’atida katta maktab yaratdi. O‘ymakorlik san’atini chuqur egallagan usta o‘sha paytda o‘z ijodida mashhur bo‘lgan uch usul – bag‘dodi, islimiy va pargori naqshlarini keng qo‘llagan.
Yurtimiz mustaqillikka erishgach, ma’naviy qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Xususan, yog‘och o‘ymakorligi san’atini rivojlantirishga ham e’tibor kuchaydi. Yog‘och o‘ymakorligi san’ati Qo‘qon maktabi, Qodirjon Haydarov maktabi faoliyatini ustaning nabiralari – Mirzausmon, Mirzayunus, Hasanjon Umarovlar va ularning farzandlari va shogirdlari davom ettirib kelmoqda. Marhum O‘zbekiston Qahramoni Abdug‘ani Abdullayev ustaning haqiqiy shogirdi ekanligini namoyish etib, respublikamizdagi ko‘plab imoratlar va inshootlarni, jumladan, Imom Buxoriy me’moriy majmuasi hamda Toshkentdagi Xotira maydonini qurish va bezatish ishlarida sarkorlik va ustalik vazifasini ado etdi. Mirzausmon o‘z bobosining nomini abadiylashtirib, Qodirjon Haydarov nomli maktab-ustaxona tashkil etdi.
Hasanjon Umarov san’atkorning nabirasi ekanligini isbotlab, san’at borasidagi xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi yuksak unvoniga sazovor bo‘lgan. Bu sulola vakillari an’analarga sodiq bo‘lib, amaliy san’atni yanada rivojlantirmoqda. Bugungi kunda ustaning yettinchi avlodidan bo‘lgan Abdulhakim, Abdulaziz va Abdurahmon Umarovlar ushbu sharafli kasbni iftixor bilan davom ettirmoqda.
Yog‘och o‘ymakorligi o‘ta sinchkovlik, mahorat talab etadigan san’atdir. Abrorjon Qosimov ham mazkur san’atga yoshligidan qiziqib, uni qunt bilan o‘rgandi. Toshkentdagi Respublika rassomchilik kollejida aynan shu yo‘nalishda tahsil oldi. Qo‘qonlik ustalarga shogird tushib, uni mukammal egallashga harakat qildi. Yosh usta tomonidan tayyorlanayotgan yog‘och o‘ymakorligining namunalariga bugun xorijlik sayyohlarning ham qiziqishi katta.
– Xalqaro hunarmandchilik festivaliga ellik turdan ortiq ixcham va kichik ko‘rinishdagi mahsulotlarni tayyorlamoqdaman, – deydi A.Qosimov. – Naqsh solingan qutichalar, muhrlar, lavh va boshqa mahsulotlar shahrimizga tashrif buyuradigan mehmonlarga sovg‘a qilinadi.
Qo‘qonlik hunarmandlar yaratgan o‘ymakorlik durdonalari bugun xorijda ham mashhur. Ayni kunlarda mazkur san’at turini yanada rivojlantirish, bu maktabga xos qadimiy naqsh usullarini qayta tiklash yo‘lida ijodiy izlanishlar olib borilmoqda. Bu esa o‘zbek amaliy san’atining dunyoda yanada shuhrat qozonishida ayni muddao bo‘layotir. Xususan, xalqaro hunarmandchilik festivalida ham yog‘och o‘ymakorligining mohir ustalari o‘z ko‘rgazmalarini namoyish etadi.
Ma’sudjon SULAYMONOV,
O‘zA muxbiri.