Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublikamizda sog‘liqni saqlash hamda jismoniy tarbiya va sport sohalarini isloh qilish yuzasidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda ushbu tizimlarni takomillashtirish barobarida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga mazkur sohada davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ahamiyat qaratilmoqda.

Jumladan, 2025 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, 2022 yilga qadar yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish konsepsiyalari hamda sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlandi va ijroga qaratildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, jismoniy faollik hamda ovqatlanish me’yor va qoidalariga amal qilmaslik, tarkibida tuz, qand, yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan taom va shirinliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish, shuningdek, yetarli darajada vitamin va minerallar iste’mol qilmaslik oqibatida yoshlarda ratsional o‘sish va aqliy rivojlanishda ortda qolish, kattalarda esa yurak qon-tomir, endokrin, xavfli o‘sma kabi insonning erta o‘limiga olib keluvchi qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi oqibatlaridan olingan saboqlar kasallikning og‘irligi va o‘lim holatlarining katta qismi noto‘g‘ri turmush tarzi tufayli kelib chiqadigan yo‘ldosh kasalliklar bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatdi.

Aholining sog‘lom ovqatlanishi va jismoniy faolligini ta’minlashda davlat siyosatini yanada mustahkamlash, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish, har bir fuqaroda sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik madaniyatini shakllantirish maqsadida:

1. Aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

a) 2021 yil 1 iyundan boshlab:

6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;

6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar “A” vitamini bilan;

2-10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlanadi;

b) 2022 yil 1 iyuldan boshlab:

homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3-15 yoshdagi bolalar yod preparati bilan;

35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollar temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul ta’minlanadi;

v) 2021 yil 1 apreldan boshlab birinchi nav bug‘doy uni bilan bir qatorda oliy nav bug‘doy uni mikronutriyentlar bilan boyitilgan taqdirda respublika hududida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.

2. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan aholini sog‘lom turmush tarziga undovchi “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi ishlab chiqilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mazkur platformani ishlab chiqishda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda unda, jumladan, insonning tana vazni indeksini hisoblash, uning hayot tarzini hisobga olgan holda kunlik ovqatlanish me’yorini tavsiya etish hamda iste’mol qilinayotgan taom, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarning kaloriyasini hisoblash imkonini beruvchi to‘g‘ri ovqatlanish bo‘limini yaratsin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (E.I.Basitxanova, B.T.Odilova, O‘.X.Adilov) “Sog‘lom turmush tarzi” platformasining to‘g‘ri ovqatlanish bo‘limini ilmiy asoslangan ma’lumotlar bilan doimiy ravishda to‘ldirib borish uchun mas’ul etib belgilansin.

3. Bolalarning 5 yoshgacha bo‘lgan davrda optimal rivojlanishi va o‘sishini ta’minlash maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi patronajning universal-progressiv modeli 2022 yil 1 yanvarga qadar bosqichma-bosqich joriy etilsin:

homilador va tug‘ruqdan keyingi davrdagi ayollar hamda 5 yoshgacha bolalari mavjud oilalar uchun amaldagi shtatlar doirasida alohida patronaj hamshirasini biriktirish;

ushbu patronaj hamshirasi tomonidan umumiy holati qoniqarli va xavf guruhidagi aholini aniqlash hamda ular sog‘lig‘ining umumiy holatini differensiallashgan yondashuv asosida kuzatib borish;

umumiy holati qoniqarli bo‘lgan barcha homilador va tug‘ruqdan keyingi davrdagi ayollar hamda 5 yoshgacha bolalari mavjud oilalarni yagona me’yor asosida bevosita kuzatish;

ruhiy tushkunlik holati, bolaning to‘g‘ri ovqatlanishi va rivojlanishi uchun sog‘lom muhitni ta’minlashda qiyinchiliklari mavjud xavf guruhidagi homilador va tug‘ruqdan keyingi davrdagi ayollar hamda 5 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarning har biriga individual reja asosida kengaytirilgan yordam ko‘rsatish.

4. Sirdaryo viloyatining tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida 2021 yil 1 yanvardan boshlab eksperiment tariqasida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini yuritish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” xonalari tashkil etilsin.

Belgilansinki, “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” xonalari:

aholiga to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollik masalalarida yakka tartibda profilaktik tadbirlarni olib boradi;

respublika byudjetidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan zarur moddiy-texnik vositalar bilan jihozlanadi;

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazining (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tuman (shahar) bo‘linmalari shtatlarini qayta ko‘rib chiqish hisobiga shakllantiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (E.I.Basitxanova) Moliya vazirligi (J.I.Abruyev) bilan birgalikda 2022 yil 1 iyulga qadar eksperiment natijalarini tanqidiy tahlil qilib, uni respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tatbiq etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

5. Markaz, Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi hamda tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiy xodimlari uchun diyetologiya bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini, aholi uchun ovqatlanish bo‘yicha maslahatchi tayyorlash kurslarini tashkil etish vakolati berilsin.

6. Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutiga qo‘shimcha ravishda sog‘lom va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari xomashyosining asosiy turlarini kengaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini mikronutriyentlar bilan boyitish, aholining yoshi, jinsi, fiziologik holati, kasbi va kasalliklaridan kelib chiqqan holda sog‘lom va parhezli ovqatlanish hamda profilaktik tibbiyot masalalari bo‘yicha canitariya qoidalari va me’yorlarini tayyorlash, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va ilmiy tadqiqotlar olib borish vazifalari yuklatilsin.

Ilmiy-tadqiqot instituti (O‘.X.Adilov):

2021 yil 1 fevralga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida diyetolog mutaxassislar va ovqatlanish bo‘yicha maslahatchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlarini tayyorlasin;

2021 yil 1 mayga qadar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy-tadqiqotlar instituti bilan birgalikda aholining yoshi, jinsi, fiziologik holati va kasbiga ko‘ra guruhlari uchun tavsiya etiladigan o‘rtacha kunlik ovqatlanish me’yorlari hamda jismoniy mashqlar kompleksini ishlab chiqsin.

7. Markaz (B.T.Odilova) targ‘ibot ishlarini taniqli madaniyat vakillari va sportchilarni jalb qilgan holda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda videorolik shaklida, aholi orasida infografik tarqatma materiallardan foydalangan holda olib borish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin. Bunda, ayniqsa, noto‘g‘ri ovqatlanish va kam harakatlanishning inson salomatligiga salbiy ta’siri, xususan buning oqibatida yuzaga keladigan kasalliklar va ularning asoratlari hamda kasalliklar profilaktikasi va uni davolashda meva va sabzavotlarning xususiyatlari, jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanishning inson salomatligiga foydasini yoritishga alohida e’tibor qaratsin.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D.X.Nabiyev), Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) ushbu bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni tizimli amalga oshirishda Markazga yaqindan ko‘maklashsin.

8. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov, J.I.Abruyev) 2021 yildan boshlab to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini yuritish bo‘yicha keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini, jumladan, aholi va tibbiyot xodimlari uchun tarqatma materiallarni tayyorlash hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlarni moliyalashtirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra Davlat byudjetidan mablag‘lar ajratsin.

Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abduraxmonov) ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, xususan sog‘lom ovqatlanish masalalari bo‘yicha muammolarning yechimiga qaratilgan ilmiy loyihalarning tanlovlar asosida shakllantirilishini ta’minlasin.

9. Belgilansinki, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:

maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Shaxsiy gigiyena va jismoniy tarbiya asoslari” mashg‘ulotlari o‘tkaziladi;

respublika umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv darslarini qayta ko‘rib chiqqan holda 1-4-sinflar uchun “Tarbiya” va “Atrofimizdagi olam” fanlari, yuqori sinflar uchun “Biologiya” fani tarkibida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha “Salomatlik saboqlari” mavzulari kiritiladi;

akademik litsey, professional va oliy ta’lim muassasalarining “Jismoniy tarbiya” fani doirasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi;

tibbiyot texnikumlarida valeolog, diyetolog, nutritsiolog mutaxassisliklarini tayyorlash, nutritsiolog va diyetolog magistratura (internatura, klinik ordinatura) mutaxassisliklarini 1 yillik o‘quv dasturlari asosida tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;

tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat, klinik ordinatura, magistratura, tibbiyot kollejlari va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarining barcha yo‘nalishlarida to‘g‘ri ovqatlanish mavzulari alohida siklda o‘qitiladi;

barcha mutaxassisliklar bo‘yicha vrach va o‘rta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, qayta tayyorlash kurslari bo‘yicha fan dasturlariga “Sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish mezonlari” mavzulari kiritiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Sh.Inoyatov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan o‘quv mashg‘ulotlarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida ishlab chiqsin.

10. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Sh.Inoyatov) hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (R.S.Irmatov):

a) uch oy muddatda malaka oshirish va seminar-mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan joy hamda ularni moliyalashtirish manbalarini aniq ko‘rsatgan holda quyidagi dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, jumladan, ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlarida faoliyat yurituvchi vrach va o‘rta tibbiyot xodimlarini diyetologiyani chuqurlashtirib o‘rgatgan holda valeologiya bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish;

umumiy amaliyot shifokorlari va o‘rta tibbiyot xodimlarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga asosan yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha katta yoshdagi aholiga maslahatlar berish yuzasidan o‘qitish;

davlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga xodimlari hamda dekretiv guruh vakillari uchun to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzi va sanitar-gigiyenik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha seminar-mashg‘ulotlar o‘tkazish;

Salomatlik yo‘laklari”da davlat organlari va tashkilotlarining xodimlarini jalb etgan holda piyoda va velosipedda yurish bo‘yicha marafonlar va sport musobaqalarini o‘tkazish;

b) 2021 yil 1 oktyabrga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini yuritish bo‘yicha tavsiyalari asosida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga oid diagnostika (davolash) standartlari va klinik protokol (qo‘llanma)larni qayta tasdiqlasin;

v) 2022 yil 1 yanvarga qadar mahallalar kesimida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha “aholining salomatlik profili”ni yaratsin va uni o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qilib borsin. Bunda, aholining ovqatlanish xarakteri, tana vazni indeksi, alkogolli ichimlik va tamakiga qaramlilikning mavjudligi, arterial bosim, qondagi qand miqdori va xolesterin darajasi kabi ko‘rsatkichlarning qamrab olinishini nazarda tutsin.

11. Belgilansinki, oziq-ovqat mahsulotlarini tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori inson sog‘lig‘i uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini ko‘rsatuvchi belgilar bilan tamg‘alash quyidagi tartibda ikki bosqichda joriy etiladi:

a) 2021 yil 1 iyuldan boshlab:

oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi;

xavfsizlik belgisi bilan tamg‘alangan oziq-ovqat mahsulotlarining reklamasi imtiyozli tariflar asosida tarqatiladi (joylashtiriladi);

ta’lim, sport va tibbiyot muassasalarida xavfsizlik belgisi bilan tamg‘alanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotishga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bunday mahsulotlarni realizatsiya qilish savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi;

b) 2025 yil 1 yanvardan boshlab respublika hududida realizatsiya qilish uchun olib kiriladigan va mahalliy ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlari ularning inson sog‘lig‘i uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini ko‘rsatuvchi belgilar bilan majburiy tartibda tamg‘alanadi.

Bunda, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdorini hisobga olgan holda oziq-ovqat mahsulotlarining inson sog‘lig‘i uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini belgilash davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

12. Quyidagilar:

2020-2025 yillarda aholida sog‘lom ovqatlanish odatini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

2020-2025 yillarda aholida sog‘lom ovqatlanish odatini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish samaradorligini aniqlash indikatorlari 2-ilovaga muvofiq;

2021-2023 yillarda qabul qilinadigan oziq-ovqat sanoati sohasidagi xalqaro standartlar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;

2021-2023 yillarda qayta ko‘rib chiqiladigan oziq-ovqat xavfsizligiga oid canitariya qoidalari va me’yorlari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;

mazkur qarorning alohida bandlari ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha harakatlar rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

14. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi:

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvardan boshlab oziq-ovqat mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari milliy standart va me’yorlarga muvofiqligini hamda mahsulot o‘ramidagi ma’lumotlarning to‘g‘riligini xolis o‘rganuvchi “Sifat nazorati” televizion ko‘rsatuvi namoyish etib borilishini ta’minlasin;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, “O‘zstandart” agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda “Oziq-ovqat mahsulotlari sifat haftaligi” тaдbirini 2021 yildan boshlab har yili noyabr oyida o‘tkazishni yo‘lga qo‘ysin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3818-son qaroriga 1-ilovaning rus tilidagi matni quyidagi mazmundagi “2106 90 980 3” pozitsiya bilan to‘ldirilsin:

2106 90 980 3 Mikronutriyentы dlya obogoeniya muki

0

”.

16. Sog‘liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.M.Xadjibayev, vazir o‘rinbosari E.I.Basitxanova, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i B.Q.Yusupaliyev va Markaz direktori B.T.Odilova belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2020 yil 10 noyabr

 
← Roʻyxatga qaytish