INSONPARVARLIKNING YANA BIR YORQIN NAMUNASI
INSONPARVARLIKNING YANA BIR YORQIN NAMUNASI

Bugun mamlakatimizda shiddat bilan olib borilayotgan tarixiy islohotlar orasida inson erki, huquqi, sha’nini himoya etish bo‘yicha naqadar muhim ishlar qilinayotganini ko‘rgan ko‘rib, bilgan bilib turibdi. Dunyo tan berib, e’tirof etmoqda. Oddiy odamlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar manfaatini ko‘zlab, beqiyos mehr-muruvvat ko‘rsatilmoqda. Yaqinda Suriyada himoyasiz, najotsiz darbadar bo‘lib ko‘chada qolgan bir guruh hamyurtlarimiz katta qiyinchiliklar bilan ona Vatanga qaytarildi. So‘ngra bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan, ammo qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan, qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tganlardan 4 mingga yaqini afv etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirligining Qo‘ng‘irot tumani, Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida 2019 yil 2 avgustda imzolagan qarori insonparvarlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.

Umuminsoniy qadriyatlarga daxldor bo‘lgan bu qaror butun dunyoga yoyildi. Davlat va siyosat arboblari bu yangilikka e’tibor qaratib, unga yuksak baho bera boshlashdi.

Birinchilardan bo‘lib munosabat bildirgan AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Pamela Spratlen shunday dedi:

— Juda ham ramziy ahamiyatga ega qaror! Modomiki, Jasliq to‘liq yopilar ekan, bu voqea o‘tmish bilan rishtalarni uzish uchun o‘ta kuchli va zarur ishora bo‘ldi. Yangi O‘zbekiston uchun unday maskanlar kerak emas va hukumat buni anglab yetgani nihoyatda muhimdir.

Human Rights Watch tashkiloti vakili Stiv Sverdlou bu qarorni “O‘zbekistondan fantastik yangilik” deb baholadi va “Prezident juda katta siyosiy jasorat namoyish etdi”, dedi.

Darhaqiqat, Qo‘ng‘irot tumani Jasliq qo‘rg‘oni hududida joylashgan bu qamoqxonaning yopilishi mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea bo‘ldi. Xalqimiz bu qarordan mamnun bo‘lib, o‘z minnatdorligini bildirmoqda. Buning bosh sababi nimada? Ko‘plab mamlakatlar davlat va siyosat arboblari bu voqeaga nega katta e’tibor bilan qaramoqda.

Birinchidan, 1999 yilda qurilgan bu qamoqxona haqida gap-so‘zlar ko‘p edi. Mahbuslarga munosabat masalasida turli mish-mishlar yurardi. To‘g‘risi, O‘zbekiston obro‘siga putur yetkazadigan har xil qarashlar bor edi. Odamlar orasida “borsa, kelmas”, deb nom olgan bu qamoqxona O‘zbekistondagi demokratik jarayonlarga, xalqimiz ruhiyatiga ham mos kelmas edi.

Ikkinchidan, bu hududda yozning jaziramasi, qishning ayoziga chidash osonmas. Buning ustiga, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar bor edi.

Yana bir muhim sabab — bu koloniya Nukus shahridan 300 km., Qo‘ng‘irot tumani markazidan 180 km. uzoqlikda joylashgani mahkumlarning oila a’zolari, qarindoshlari uchun katta qiyinchiliklar tug‘dirardi.

Shuning uchun ham bu qamoqxonaning yopilishi har jihatdan to‘g‘ri bo‘lib, odamlar manfaatiga mos keladi. Mahkumlarning huquqlarini kafolatlaydi, ularning saqlash sharoitlarini yaxshilaydi.

Kecha Milliy matbuot markazida ushbu voqeaga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida ham qarorning ahamiyati haqida atroflicha to‘xtalindi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Bahrombek Adilov bu qamoqxonada og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir qilgan va uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlar saqlanib kelinganini aytdi. Bu koloniyaning bugungi kundagi limiti 1100 o‘rinli bo‘lib, hozirgi kunda 395 nafar mahkum saqlanayotgani, ulardan atigi 10 foizi diniy-ekstremistik jinoyatlar uchun hukm qilinganlar ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, matbuot anjumanida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga nisbatan qiynoq va boshqa tazyiqlar o‘tkazish bilan bog‘liq holatlarning oldini olish, xavfsizlikni ta’minlash uchun bugungi koloniyalar hududi 2648 ta zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlanganiga e’tibor qaratildi. Matbuot anjumanida aytildiki, qarorda ko‘rsatilgan bir oy muddatda mahkumlar sud tomonidan belgilangan jazoni o‘tash tartibiga ko‘ra, sudlanganlar oilasi yashab turgan hududlarga yaqin joydagi koloniyalarga joylashtiriladi.

Jurnalistlardan biri Jasliqdagi koloniya o‘rnida kelgusida nima bo‘lishi bilan qiziqdi.

— Bu koloniya kelgusida boshqa biron ob’ektga aylantirilishi hozircha noma’lum, — dedi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshqarma boshlig‘i Jamshid Sultonov. – Lekin shuni aniq aytamanki, 19-son jazoni ijro etish koloniyasi o‘rnida endi boshqa koloniya tashkil etilmaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev faoliyatining, siyosatining o‘ziga xos jihati shundaki, u davlat rahbari sifatida ish boshlagan dastlabki kunlardanoq fuqarolarimiz erki, huquqlari, sha’ni, qadrini himoya qilishga qat’iy kirishdi. Bu ishlar osonlikcha amalga oshmayotganini ko‘rib turibmiz. Uzoq yillar davomida fuqarolar haq-huquqini, qonunlarni oyoqosti qilib kelgan idoralarning nopok, xudbin, odamlarni jazolashdan rohatlanadigan zolimlaridan tozalash uchun murosasiz kurash olib borilmoqda. Jasliqdagi koloniyani yopish to‘g‘risidagi qaror inson huquqi himoyasi, inson qadrini ulug‘lash bo‘yicha qilinayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Bu qaror mamlakatimizning uzoq bir chekkasidagi qamoqxonada yotgan mahkumlar manfaati va taqdiri to‘g‘risida qayg‘urishning amaliy ifodasi bo‘ldi. Adolatli ish bo‘ldi. Davlatimizning bugungi siyosatiga mos ish bo‘ldi. Xayrli va savobli amal bo‘ldi. Bu voqeaning ahamiyati va qadriga yetmoq kerak, albatta.

 

Safar OSTONOV

← Roʻyxatga qaytish