«GULSHAN» ISTIROHAT BOG‘I OBOD BO‘LADIMI?
«GULSHAN» ISTIROHAT BOG‘I OBOD BO‘LADIMI?

Bu savol ochiq qolayotganga o‘xshaydi

Gazetaning 2019 yil 4 iyun sonida e’lon qilingan tanqidiy maqolada mazkur dam olish maskani qarovsiz ahvolda qolgani yaqin atrofda yashayotgan aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgani haqida fikrlar bildirilgan edi.

Mazkur maqolada ko‘tarilgan masala bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasidan 2019 yil 24 iyun va Toshkent shahar hokimligi madaniyat bosh boshqarmasidan 28 iyun sanasi bilan javob xati olindi.

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan berilgan javob xatida shunday deyiladi:

“Maqola Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tegishli soha mutaxassislari bilan birga ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, Toshkent shahar hokimining 13.07.2018 yildagi 1043-sonli qarori “Toshkent shahar hududidan oqib o‘tuvchi kanal va kollektorlarning qirg‘oqbo‘yi mintaqalarini belgilash haqida” chiqarilgan bo‘lib, qarorda maqolada qayd qilingan holatlar, ya’ni “Gulshan” madaniyat va istirohat bog‘ini qaytadan rekonstruksiya qilish va ishga tushirish masalasi ko‘rsatilmagan.

 O‘rganishda shahar hokimligi tomonidan 2018-2019 yillarda “Gulshan” madaniyat va istirohat bog‘ini qaytadan rekonstruksiya qilish va ishga tushirish masalasi bo‘yicha alohida qarori qabul qilinmagani aniqlandi.

Shuningdek, Madaniyat vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 01.08.2018 yildagi Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Gulshan” madaniyat va istirohat bog‘ini fuqarolarning ko‘ngilli dam olishlari uchun xususiy sheriklik asosida tadbirkor-investorlarga berilishi belgilangan.

 Toshkent shahar hokimligining ma’lumotiga ko‘ra, bog‘ni zamonaviy ko‘rinishga keltirish, dam oluvchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish uchun tashabbus ko‘rsatayotgan tashkilot va investorlarning loyihalari ko‘rib chiqilayotgan bo‘lib, “Investorlar kuni” doirasida tashabbuskor tadbirkorlarning loyihasi ma’qullangan taqdirda, belgilangan tartibda davlat xususiy sherikchilik asosida uzoq muddatli ijara shartnomasi tuzilib, tez orada bog‘ faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari A.R. Pulatov”

 

Toshkent shahar hokimligi madaniyat bosh boshqarmasi boshlig‘i M.Yunusov imzosi bilan berilgan javob xati kishi ko‘nglini g‘ash qiladi. Boshqarma boshlig‘i “Gulshan” istirohat bog‘i bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha qiziqqan barcha tashkilotlarga birato‘la javob yozganga o‘xshaydi. Xat shunday boshlangan: “Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga, “Pravda Vostoka” gazetasi tahririyatiga, “Golos Uzbekistana” gazetasi tahririyatiga, nusxasi Toshkent shahar hokimligiga”.

“Golos Uzbekistana” gazetasi tahririyatiga” deb yozilgan javobdan keyin, to‘g‘risi, Toshkent shahar hokimligi Madaniyat bosh boshqarmasi boshlig‘i M.Yunusov “O‘zbekiston ovozi” gazetasida chop etilgan maqolani o‘qigan-o‘qimaganini ham bilmay qoldik. Agar o‘qigan bo‘lsa, eslatamiz, maqola “Golos Uzbekistana”da emas, balki ”O‘zbekiston ovozi”da chop etilgan. Toshkent shahar hokimligiga xat ham “O‘zbekiston ovozi”dan yuborilgan edi. Demak, M.Yunusov maqolani o‘qib ham ko‘rmaganga o‘xshaydi.

 Javob xatida ilgari ko‘p aytilgan gaplar takrorlangan. “Gulshan” istirohat bog‘i bo‘yicha tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan taqdim etilgan loyihalar ko‘rib chiqilayotgani, agar ulardan birortasi ma’qul deb topilsa, bog‘ o‘shanga tegishli qaror asosida berilishi aytilgan. “Qolaversa, Toshkent shahar hokimligida investorlar va tadbirkorlar tomonidan Toshkent shahrida amalga oshirilishi kutilayotgan ishlar yuzasidan takliflar ko‘rib chiqish bo‘yicha investorlar kuni belgilangan va mazkur kunlarda tashabbuskorlar loyihalari ko‘rib chiqilishi yuzasidan tavsiya berilgan”, deyiladi javob xatida.

– Istirohat bog‘i yon-atrofida istiqomat qilayotgan aholi murojaatiga ham ikki yildan buyon ana shunday, bir xil mazmundagi javob xati berib kelinmoqda, – deydi Shukur Burhonov mahallasida yashovchi otaxon Ibrohim Abdug‘aniyev. – Har safar “Bog‘ 2013-2014 yillarda Toshkent shahar hokimligi tomonidan kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi”, deyiladi. “Kapital rekonstruksiya qilindi”, deganda, nimani tushunish kerak? Bog‘dagi mayda-chuyda ishlarni bajarib, nomiga bitta arka o‘rnatish kapital rekonstruksiya qilishga kiradimi?

Gazetada tanqidiy maqola chop etilganidan keyin yolg‘on bo‘lmasin, tuman obodonlashtirish tashkiloti tomonidan uncha-muncha chiqindilar olib ketildi. Lekin bu muammoning yechimi emas-ku! Yana qaytarib aytaman, agar bog‘ni ta’mirlash va tasarruf qilish masalasi kun tartibiga qo‘yilsa, allaqachon o‘z egasini topgan bo‘lardi. Xatda har safar “mazkur kunlarda loyihalar ko‘rib chiqilayapti”, deb yoziladi. Lekin “mazkur kunlar” qachon natija beradi?

Bog‘ga yangi direktor tayinlangan, lekin mablag‘ yo‘qligi uchun u ham nima qilishini bilmay hayron. Hatto bog‘ qorovulligiga shtat birligi bo‘lmaganidan keyin ahvol qanchalik tashvishli ekanini tasavvur qilish qiyin emas. Yaqinda bog‘ ichidagi choyxona binosi yonib ketdi. Qarov bo‘lmaganidan keyin ahvol bundan ham battar bo‘lishi tabiiy.

Xullas, tashlandiq holda yotgan “Gulshan” madaniyat va istirohat bog‘i obod bo‘ladimi, degan savol ochiqligicha qolmoqda.

 

Nurulloh DOSTON,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

TAHRIRIYATDAN:

Ushbu maqola chop etilayotgan kuni “Gulshan” madaniyat va istirohat bog‘i atrofida joylashgan “Nodirabegim”, “Sho‘rtepa”, “Bahor”, “Alisher Navoiy”, “Katta Qorasuv”, “Shukur Burxonov” mahalla ahlining bir guruhi tahririyatga yana qayta murojaat bilan kelishdi. Ular bog‘ o‘rnidagi hudud boshqa maqsadlarda ishlatish uchun mo‘ljallanayotgani haqidagi gap-so‘zlar ko‘payib borayotgani va bundan xavotirda ekanliklarini bildirishdi. Bu gap-so‘zlar asossiz bo‘lishi ham mumkin. Lekin, shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi, deb bejiz aytilmaydi.

“Gulshan” madaniyat va istirohat bog‘i atrofidagi 5-6 mahallada aholi sonining 3-4 mingdan ziyodligini, bundan tashqari, shu atrofdagi o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida o‘qiydigan o‘quvchi va talabalar sonini hisobga oladigan bo‘lsak, bu bog‘ning faoliyat ko‘rsatishi qanchalik muhimligi ayon bo‘ladi.

Shu o‘rinda yana bir masala ustida to‘xtalishga to‘g‘ri keladi. Matbuotning vazifasi davlat siyosatidan xalqni xabardor qilish, xalqning muammolari, taklif va istaklarini davlat organlariga yetkazish. Tanqidiy maqoladagi masala matbuotning emas, odamlarning masalasi. Shu bois davlat idoralari, xususan, hokimliklarning matbuotga munosabatini xalqqa munosabat, deb baholash to‘g‘ri bo‘ladi. Matbuotdagi tanqidiy maqolalarga e’tiborsiz qarash, tahririyat nomiga javob xati yo‘llash odamlarga bo‘lgan hurmatsizlikning ko‘rinishi, deb qabul qilamiz va bunday holatlar bilan kelisha olmasligimizni ma’lum qilamiz.

Kerak bo‘lsa, yanada achchiqroq gaplarni aytish huquqi va imkoniyatiga egamiz. Matbuotga mas’uliyat va hurmat bilan qarash xalqqa bo‘lgan munosabatni bildiradi.

← Roʻyxatga qaytish