Respublika yoshlari g‘oya va takliflar berdi
Respublika yoshlari g‘oya va takliflar berdi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashida “Respublika yoshlari onlayn forumi” o‘tkazildi. Partiyaning “Yoshlar qanoti” faollari, Yoshlar parlamenti a’zolari, yosh deputatlar hamda joylardagi faol yoshlar ishtirok etgan forumni O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi U.Inoyatov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish borasida ko‘p yangiliklar bo‘ldi. Mustahkam huquqiy baza yaratilib, yangicha tizim yaratildi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida muhim vazifalar belgilangani qayd etildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining huquqlar va imkoniyatlar tengligi, manzilli qo‘llab-quvvatlash va faollikni rag‘batlantirish kabi ustuvor g‘oyalari yoshlar manfaatlariga har tomonlama uyg‘undir.

Shuning uchun partiyaning dastur va loyihalarini takomillashtirishda, yangi tashabbuslarni ilgari surishda, ijtimoiy masalalarga yangicha yechimlar topishda yoshlarning fikr-mulohazalari, takliflari nihoyatda muhim ekaniga urg‘u berildi. Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish haqidagi eng yaxshi fikrlar ularning o‘zidan chiqadi, albatta.

Onlayn forumda 14 ta hududiy studiyadan ulangan yigit-qizlar turli mavzu va masalalar bo‘yicha taklif va tashabbuslarini bildirishdi. Siyosiy-huquqiy jarayonlarda yoshlarning faol ishtirokiga erishish, hayotga ochiq va to‘g‘ri munosabatni shakllantirish kabi masalalar bo‘yicha ham forum qatnashchilari taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.

Masalan, farg‘onalik yoshlar qator qonun hujjatlarini kodifikatsiyalab, yagona “Yoshlar kodeksi”ni qabul qilish taklifini bildirgan bo‘lsa, qoraqalpog‘istonlik yoshlar hududlarda ta’lim sifatini oshirish, buxoroliklar mediasavodxonlikni rivojlantirish va mediata’limni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, navoiylik yoshlar ekologik toza binolar qurish va chiqindilarni qayta ishlashni rivojlantirish, xorazmlik faollar esa iqtisodiyot tarmoqlarida tejamkor va yuqori samaraga ega innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish yo‘nalishlari yuzasidan taqdimotlarini asoslab berishdi.

Samarqand viloyati vakillarining harakatlanishda maxsus aravachalardan foydalanuvchilarni turizmga jalb qilish borasidagi aniq takliflari ham o‘ziga xosligi bilan ajralib turdi.

Umuman, forumda qiziq, asosli, optimistik g‘oya va takliflar berildi, turli hududlardan bitta platformaga yig‘ilgan yoshlar o‘zaro fikr almashish, savollariga birgalikda javob olish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi.

Forumda davomida ilgari surilgan har bir g‘oya va tashabbusga alohida e’tibor berilishi, ular partiyaning barcha hududlardagi deputatlik korpusi, turli darajadagi tashkilotlari faoliyatini kuchaytirishda dolzarb ahamiyatga bo‘lishi mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Men OʻzXDPni tanladim Yoshlar qanoti
← Roʻyxatga qaytish