Jamiyat, davlat rivojlangani sari uning qonunlari ham takomillashib borishi lozim bo‘ladi. Sababi, taraqqiyot hayotimizga yangidan-yangi tushunchalarni, ijtimoiy munosabatlarni olib kiradi. Ularni muntazam tartibga solish va moslashtirib borish jamiyatni ortiqcha muammolardan xalos qiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida amaldagi qonunchiligimizni takomillashtirishga xizmat qiladigan bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Kun tartibida birinchi bo‘lib, «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Loyihada nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanish, saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish, shuningdek, multimedia vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yordamida ta’lim olish huquqlarini ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy infratuzilma obyektlariga to‘siqsiz kirishi uchun moslashtirishni ko‘zda tutuvchi me’yorlar bilan to‘ldirilmoqda.
Muhokamalar yakunida deputatlar loyiha bo‘yicha o‘zlarining takliflarini, tahririy tuzatishlarini bildirib, qonunning ahamiyatini yuqori baholashdi. Shu tariqa qonun bir ovozdan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Yig‘ilishda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan hollarda transport vositasining mulkdori to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lmasa, shuningdek, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxsga 48 soat ichida yuborilmagan bo‘lsa, ishni ko‘rib chiqishni tugatish belgilanmoqda. Qaror chiqarishga vakolatli shaxs esa 15 kun ichida javobgarlikka tortish bo‘yicha qaror chiqarishi lozim bo‘ladi. Aks holda, haydovchi javobgarlikka tortilmaydi.
Bundan shu xulosaga kelish mumkinki, mazkur qonun kuchga kirgan kundan boshlab, haydovchilarga qoida buzganlik haqida kelgan qaror loyihasi 17 kundan avval sodir bo‘lgan bo‘lsa, bunday holda haydovchi javobgarlikka tortilmaydi.
Darhaqiqat, amaldagi qonunchilik javobgarlikka tortish bo‘yicha qaror loyihalari haydovchilarga bir necha oydan keyin ham yuborilishiga yo‘l ochib bermoqda. Bu o‘z-o‘zidan haydovchilarning o‘rinli e’tirozlariga sabab bo‘layotgandi.
Ma’ruzachi loyihani o‘qib eshittirganidan so‘ng, navbat muhokamalarga keldi. Quyi palata vakillari o‘zlarining takliflarini bildirishi bilan birgalikda e’tirozlarini ham aytib o‘tishdi. Jumladan, mazkur loyihada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK)ning 138-moddasi birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Unga ko‘ra, «Piyodalarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ularning yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishi, piyodalar yo‘lning qatnov qismida, shu jumladan, piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotganda telefondan foydalanishi, kitoblarni yoki davriy nashrlarni o‘qishi, videomateriallarni tomosha qilishi hamda audiomateriallarni eshitishi, shuningdek, e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishi, shuningdek, skuter, moped va velosiped haydovchilarining, individual harakatlanish vositalarini, ulovli aravani boshqarib boruvchi va yo‘ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi, – bazaviy hisoblash miqdorining uchdan ikki qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Loyihaning ushbu qismida piyodalarga nisbatan jarima miqdori ham oshirib yuborilayotganiga e’tibor qaratildi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, yuqoridagi qonunbuzarliklarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Deputatlar tashabbuskorlardan fuqarolarga nisbatan jarima miqdorining oshirilishiga asos keltirishni so‘rashdi. Agar ikkinchi o‘qishda ham bunga asos taqdim etilmasa, fuqarolarga nisbatan jarima miqdorini o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘ri bo‘lishini ta’kidlashdi.
Shu kuni majlisda qonun loyihalari bilan birga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Transport vaziri I.Mahkamovning «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qulay va xavfsiz transport orqali chet davlatlarga yetib borishida shart-sharoitlarni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axborotini eshitish haqidagi taklifi ham muhokama qilindi.
Taklif deputatlarning qarshi ovozisiz muhokamadan o‘tdi va Transport vazirining axborotini eshitish haqida palata qarori qabul qilindi.
Qonunchilik palatasining faoliyatini kuzata turib, qonun qabul qilish jarayoni nechog‘lik katta mas’uliyat talab qilishiga amin bo‘lasiz. Jarayonlarda har doim faol bo‘ladigan jonkuyar deputatlar ma’qullab turgan loyihalar haqiqatda yaxshi ishlab chiqilgan ekanda, deb turganingizda, avval hech ko‘zga tashlanmaydigan yana bir xalq vakili so‘z olib, qolganlar e’tibor bermayotgan jihatlarga diqqatingizni tortadi. O‘ylab qarasangiz, uning fikrida ham jon borligiga iqror bo‘lasiz. Ochiq muhokamalarda hech bir jihat nazardan chetda qolmaydi.
Shunda kuchli jamiyat uchun kuchli parlament qanchalik zarur ekaniga yana bir amin bo‘lasan kishi.
Ahmad Qurbonov,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 24.04.2023, №17