Katta va muhim kuch
Katta va muhim kuch

 

Jamoatchilik nazorati jamiyatimizda chuqur tarixiy ildizlarga ega. Biz buni qadim-qadimdan shakllanib kelgan «Oqsoqollar kengashi» misolida ko‘rishimiz mumkin. Bunday kengashlar mahallalardagi obodonlashtirish, aholi muammolarini hal etish, o‘zini-o‘zi himoya qilish, hamisha ogoh va hushyor bo‘lish, farzandlar tarbiyasiga loqayd qaramaslik kabi umumjamoa manfaatlariga taalluqli vazifalarni samarali bajargan.

Bugungi kunda ham davlat boshqaruvi va hokimiyati organlarining mas’uliyatli faoliyat yuritishida jamoatchilik nazorati instituti juda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Jamoatchilik nazoratini amalga oshirish shunday jarayonki, unda barcha fuqarolarning, nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalarining o‘rni va roli sezilishi kerak. Mamlakatda kechayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga nisbatan mas’uliyat, tashabbuskorlik, daxldorlik hislari ko‘pchilikda shakllanishi, harakatga aylanishi muhim.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda jamoatchilik nazoratining ta’sir doirasi kuchaydi. Voqea-hodisalarga faol bildirilayotgan munosabatlar ko‘plab kamchilik va muammolar, qonunbuzilish holatlariga chek qo‘yilishiga asos bo‘lmoqda.

Biroq belgilangan me’yorlarga qaramay, davlat organlari huzurida tuzilgan jamoatchilik kengashlari faoliyati talab darajasida tashkil etilmayapti. Jamoatchilik ishlari aksariyat hollarda nomigagina, rasmiyatchilik uchun faqat qog‘ozda tashkil etilgani, real hayotda ularning o‘rni va roli deyarli sezilmayotgani kuzatilmoqda.

Uzoq yillar davomida davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlar, jamoatchilik muhokamasi, jamoatchilik fikrini o‘rganish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ijro etuvchi hokimiyat organlarining hisobotlarini eshitish kabi jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning shakllaridan yetarlicha darajada foydalanilmadi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 2019 yilgi parlament va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlardan so‘ng aholining ijtimoiy kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining majburiy jamoatchilik muhokamasi va ekspertizasi mexanizmini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratish g‘oyasini ilgari surgandi.

 

Huquqiy poydevor

Har bir demokratik mamlakatda jamoatchilik nazorati mexanizmiga fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi sifatida qaraladi. Yangi O‘zbekistonda ham jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich o‘tkazilmoqda. Buni, avvalo, Konstitutsiyamizda davlatning jamiyat oldidagi mas’ulligi mustahkamlab qo‘yilganida ko‘rishimiz mumkin. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasiga muvofiq davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekanligi belgilangan. Shuningdek, 36-moddada O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Bunday ishtirok etish, xususan, jamoatchilik nazorati vositasida amalga oshirilishi belgilangan. Bosh qomusimizda bunday me’yorlarning aks etishi jamoatchilik nazorati institutiga konstitutsiyaviy-huquqiy maqom berdi, zamin yaratdi.

Mutaxassislarning fikricha, jamoatchilik nazorati davlat va jamiyat boshqaruvida keng jamoatchilik ishtirokining zamonaviy, eng samarali shaklidir.

Respublikamizda jamoatchilik nazorati institutining izchil rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadigan qator qonunlar qabul qilindi.

«O‘zbekiston Respublikasi jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamiyat, fuqarolik institutlari nazoratini amalga oshirishning tizimli va samarali huquqiy mexanizmini yaratishda dasturulamal bo‘lmoqda.

Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish masalalari «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi»da alohida maqsad sifatida mustahkamlab qo‘yilgani bejiz emas.

Taraqqiyot strategiyasining 12-maqsadi «Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish» deb nomlanib, unda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, jamoaviy murojaatlar asosida hududiy, tarmoq va davlat dasturlari ijro sifatini tekshirish amaliyotini joriy etish, ayrim davlat funksiyalarini amalga oshirish jarayoniga jamoatchilik nazorati subyektlarini keng jalb qilish, ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish masalalari o‘z ifodasini topdi.

 

Jamoatchilik muhokamasi aslida nazoratdir

Keyingi yillarda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, ularni manfaatdor idoralar bilan kelishish hamda keng jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasidan o‘tkazish amaliyoti keng joriy etilmoqda. Avvallari O‘zbekistonda buni tasavvur qilish qiyin edi, to‘g‘risi.

Davlat organlari tomonidan ilgari surilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar Adliya vazirligi tasarrufidagi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmoqda.

Jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda yangi usul va vositalar, yondashuvlarning paydo bo‘lishi, zamonaviy texnologiyalarning bu jarayonga keng joriy etilishi jamoatchilik nazorati subyektlariga qulay imkoniyat yaratish barobarida mansabdor shaxslarning mas’uliyatini yanada kuchaytirishga hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Natijada jamoatchilik muhokamasini tashkil etishga qaratilgan bir nechta maxsus «maydon»lar yaratildi.

Xususan, «Mening fikrim» maxsus veb-portali tashkil qilinib, u orqali O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat qilish tartibi joriy etildi. Albatta, bu borada galdagi vazifalar ham turibdi.

Jamoatchilik muhokamasi natijalarini «Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamalari portali» (regulation.gov.uz) misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Bugungi kunda ushbu portalga 24 ming 438 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan bo‘lib, ulardan 24 ming 285 tasi bo‘yicha muhokamalar yakunlangan.

Yana bir yorqin misol, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi fuqarolarimiz fikr-mulohazalarini o‘rganish asosida tayyorlandi. Jumladan, umumxalq muhokamasi muddati 2 marta uzaytirildi va bu davrda fuqarolarimizdan jami 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushgani ham jamoatchilik muhokamasining qamrovini ko‘rsatib turibdi.

 

Eng ishonchli muhokama va nazorat

Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, budjet ma’lumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, ularning shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bu orqali davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga va korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga erishilmoqda.

Misol uchun, 2021 yildan boshlab «Ochiq budjet» axborot portali ishga tushirildi. Ushbu portal orqali har yili ikki marta (fevral, iyul) o‘tkaziladigan «Tashabbusli budjet» yo‘lga qo‘yildi. Bu umummanfaatli muammolarni bevosita fuqarolarning ko‘pchilik ovozi bilan hal etish imkoniyati bo‘lib, amaliyotda natijadorligi bilan o‘zini oqlamoqda. E’tiborli jihati, har bir tuman budjetining kamida 5 foizi yo‘naltiriladigan «Fuqarolar budjeti» dasturi doirasidagi mablag‘lar jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalari asosida eng dolzarb muammolarni yechishga sarflanmoqda.

Portalda jamoatchilik fikrini shakllantirish uchun shahar va tumanlar budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtirish taklif etilayotgan tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotlar joylanmoqda. Shu bilan birga, fuqarolar portal orqali budjet qonunchiligi buzilayotgan haqidagi xabarlarni, budjet jarayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni yuborishi mumkin.

Raqamli texnologiyalardan keng foydalanilgan holda data.gov.uz, my.gov.uz, regulation.gov.uz, d.xarid.uz va boshqa onlayn platformalarda ma’lumotlar ochiq e’lon qilinmoqda, bu esa davlat idoralarining jamoatchilik oldida hisobdorlikni his qilayotganini anglatmoqda.

Har bir vazirlik va idora ma’lumotlar ochiqligi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, o‘zining veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lumotlarni muntazam joylashtirishi va yangilab borishi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu islohotlar natijasida O‘zbekiston «Ochiq ma’lumotlarni kuzatish» xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarildi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, jamoatchilik muhokamasi, nazoratining qonun bilan kafolatlanishi yurtimizni tubdan yangilashda katta ta’sir ko‘rsatmoqda, energiya manbasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu birinchi navbatda hokimiyat va aholi orasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashida o‘z aksini topadi. Aholining hokimiyatga bo‘lgan kuchli ishonchi har qanday jamiyatga farovonlik olib keladi.

Shu asosga ko‘ra, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi davlat xalq oldida doim mas’ul bo‘lishini, jamoatchilik fikri katta va ta’sirchan kuchga aylanishini istaydi.

 

Abror Qurbonov,

O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

«O‘zbekiston ovozi», 24.04.2023, №17

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Saylov-2019 Saylov
← Roʻyxatga qaytish