Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlari ham O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Respublika yoshlarining onlayn forumi”da faol qatnashdi. Partiyaning “Yoshlar qanoti” faollari partiyaning dastur va loyihalarini takomillashtirishda, yangi tashabbuslarni ilgari surishda, ijtimoiy masalalarga yangicha yechimlar topish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Onlayn Forumdan so‘ng O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi tomonidan “Deputat va yoshlar” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov kirish so‘zi bilan ochdi va partiya kengashlari, deputatlar tomonidan olib borilayotgan ishlarga hamda partiyaning yoshlar bilan ishlash borasidagi faoliyatiga to‘xtab o‘tdi.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur sharoitlar va imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ko‘plab yangiliklar bo‘ldi. Mustahkam huquqiy baza va yangi tizim yaratildi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida zarur vazifalar belgilandi.
Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shu jumladan, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning o‘z tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining saylovoldi dasturida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha takliflar va g‘oyalarni olish maqsadida yoshlar bilan ochiq va erkin muloqot olib borildi. Uchrashuv davomida partiya safiga yangi qabul qilingan yoshlarga partiya guvohnomalari topshirildi.
Muloqot amaliy tadbir bilan davom etdi. “Yashil makon” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zolari, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi mas’ul xodimlari va partiyaning bir qator faol yoshlari ishtirokida yaxshi niyat bilan archa daraxti ko‘chatlari ekildi.