Yangilangan Konstitutsiya bilan bir yil
Yangilangan Konstitutsiya bilan bir yil

 

O‘tgan yili Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda yana bir muhim tarixiy qadam tashlandi. Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilindi. O‘zbekiston o‘zini «ijtimoiy davlat», deb e’lon qildi. Davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari asosida amalga oshirishi belgilandi.

Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov kirish so‘zi bilan ochib berdi:

– O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qildi. Prezidentimiz konstitutsiyaviy islohotlarning ham tashabbuskori, ham ilhomlantiruvchisi bo‘ldi. Aytish kerakki, Bosh qomusimiz milliy davlatchilik taraqqiyotining hozirgi bosqichida jamiyat va davlatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlarini ro‘yobga chiqarishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib berdi.

Haqiqatan ham, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan O‘zbekistonda yangi ijtimoiy-siyosiy muhit shakllandi, davlat o‘ziga ulkan ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlarni oldi. Mamlakat o‘zini ijtimoiy davlat sifatida e’lon qildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etildi. Yana bir e’tiborga molik jihati, davlat hokimiyatini tashkil etishning samarali yangi modeli yaratildi.

Konstitutsiyamizda muayyan me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligidan yoki qabul qilinmaganligidan qat’i nazar, Konstitutsiya qoidalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash orqali demokratiya, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash mexanizmlari mustahkamlandi.

Shuningdek, inson huquqlari va erkinliklariga oid aniq normalar soni uch barobardan ziyod ko‘paydi. Fuqarolarning shaxsiy huquqlari keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan normalar bilan yanada mustahkamlandi. Atrof-muhit bilan bog‘liq huquqlar, sog‘liqni saqlash, gender tengligi, Internetdan foydalanish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, ommaviy axborot vositalari erkinligi, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, davlat xizmatlaridan foydalanishdagi tenglik, bank operatsiyalari va hisobvaraqlarining maxfiyligi Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi.

Fuqarolar qonun loyihasini to‘g‘ridan to‘g‘ri parlamentga kiritish huquqiga ega bo‘ldi. Ushbu yangi tashabbus fuqarolarning o‘z hayotiga, umuman, jamiyatga va davlatga ta’sir etuvchi qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini oshirishga qaratilgan. Xususiy mulk huquqi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va kapital harakati erkinligining kafolatlari mustahkamlandi.

O‘z navbatida, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan qoidalar soni uch barobar ko‘paydi.

Davlat tomonidan bolalar mehnatining har qanday ko‘rinishiga barham berish, mehnat bozorida ayollarga nisbatan kamsitishlarning, ishsizlikning oldini olish choralari ko‘rilishi, uzluksiz ta’lim tizimi konstitutsiyaviy jihatdan kafolatlandi.

Konferensiyada qayd etilishicha, Oliy Majlis palatalari tomonidan 38 ta banddan iborat Konstitutsiya mohiyatini tushuntirish bo‘yicha kompleks dastur qabul qilindi. «Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi» yagona milliy portali «konstitutsiya.gov.uz» va uning mobil ilovasi ishga tushirildi.

Hozir parlament, sud va ijro hokimiyati, joylarda hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari yangicha Konstitutsiyaviy sharoitda ish olib borayotgani alohida ta’kidlandi. Umuman, barcha davlat organlari Bosh qomusimizning har bir qoidasini to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishiga mas’ulligi, natijadorlik esa bosh mezon etib belgilangani qayd etildi.

 

Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev o‘z so‘zida shunday dedi:

– O‘tgan bir yil davomida biz joylarda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalarini o‘rganib chiqdik. Andijon, Farg‘ona, Namangan, Sirdaryo, Jizzax hamda Qashqadaryo viloyatlarida Senatning sayyor yig‘ilishlarini o‘tkazdik. Eng asosiysi, mahalliy Kengashlarga yordam berish, ularning muammolarini yechish maqsadida Kengash yig‘ilishlariga vazirlik va idoralar vakillarini ham jalb qildik. Muammolar bormi, ularning yechimini shu joyning o‘zida ko‘rib chiqdik.

Albatta, bu boradagi ishlarimiz davom etadi. Eng asosiysi, oldimizda katta vazifalar turibdi. Biz amaldagi qonunlarimizni Konstitutsiyaga moslashtirishimiz kerak. Bu borada ishlarimiz ko‘p, deb o‘ylayman. Hududlarda o‘tkazilgan uchrashuvlarimizda ko‘p muammoli masalalar borligi aniqlanmoqda.

Ayniqsa, Konstitutsiyamizda aniq belgilab berilganidek, O‘zbekiston hududi yagona iqtisodiy makon. Demak, moliyaviy resurslar, mehnat resurslari hamda tovar-xizmatlarning harakati hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov so‘zga chiqdi. Konstitutsiyaviy islohotlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi aholining, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha kafolatlarni mustahkamlaganini alohida ta’kidladi:

– Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada siyosiy partiyalarning g‘oyalari, o‘z oldiga qo‘ygan vazifalari huquqiy me’yor sifatida o‘z aksini topdi. Bizning partiyamizning ham uzoq yillardan beri ilgari surib kelgan g‘oyasi, ya’ni ijtimoiy davlat tamoyili Bosh qomusimizda aniq belgilab qo‘yilgani katta tarixiy yutuq bo‘ldi. Albatta, biz ham ana shu imkoniyatdan foydalangan holda, Konstitutsiyamizda belgilangan fuqarolarimizning huquqlarini ijtimoiy tenglik, adolat nuqtai nazaridan himoya qilishni o‘z oldimizga vazifa sifatida belgilab oldik.

Bu yil oldimizda katta siyosiy jarayon turibdi. Har bir siyosiy partiya Saylovoldi dasturini shakllantiradi va albatta, undagi g‘oya hamda maqsad-vazifalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga hamohang bo‘lishi kerak.

Bizning partiyamiz ham bu imkoniyatlardan foydalangan holda, bo‘lg‘usi saylovlar oldidan bunga alohida e’tiborini qaratadi. Buning uchun biz mahallalarda yurib, xalqimiz bilan muloqot qilib, aynan quyidan Konstitutsiyamizda belgilab berilgan huquqlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha 2 muhim masalada o‘z vazifalarimizni belgilab oldik.

Birinchidan, Saylovoldi dasturida qonun ijodkorligi orqali ushbu huquqlarni amalga oshirish mexanizmidan foydalanish, ikkinchidan, parlament nazorati orqali konstitutsion huquq va me’yorlarning amalda ta’minlanishini nazorat qilishni maqsad qilyapmiz.

Tadbirda Konstitutsiyani izchil amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Uning mazmuni har bir davlat xizmatchisining kundalik faoliyatida, insonlar hayotida aniq aks etishi zarurligi qayd etildi.

 

Laziza Sherova,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 1.05.2023, №18

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish