Investitsiya va ish o‘rni
Investitsiya va ish o‘rni

 

2-3 may kunlari o‘tgan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 93 mamlakatdan kelgan 2,5 ming nafardan ortiq vakillar qatnashdi. O‘zbekiston poytaxti global muloqot va investitsiyaviy sohada ilg‘or tajriba almashish maydoniga aylandi.

Forumda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, bironta davlat mavjud muammolarini yolg‘iz o‘zi hal qila olmasligini, faqatgina o‘zaro ishonch doimiy ravishda hamkorlik qilishga asos bo‘la olishini, so‘nggi yetti yil mobaynida investitsion muhitni yaratish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilganligini ta’kidlab o‘tdi. Oldinda turgan ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratdi.

 

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabariga ko‘ra, tadbirning eng muhim voqealaridan biri O‘zbekiston va Qirg‘iziston Bosh vazirlari ishtirokida mintaqaviy energetika loyihalarining (Qambarota GES-1 va Yavon GESni qurish) xorijiy investorlarga taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Forum doirasida yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi zamonaviy yirik loyihalarga start berildi. Eng muhimi, shu orqali yangi biznes imkoniyatlar kashf etildi. Tadbir doirasida panel sessiyalari, muhokamalar, biznes nonushta va davra suhbatlari o‘tkazildi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda davlat, investorlar va tadbirkorlarning roli markaziy mavzulardan biriga aylandi.

Forum yakuniga ko‘ra, jami qiymati $26,6 mlrd.ga teng kelishuvlar imzolandi.

 

Katta kelishuvlar

Forumda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi:

— “Data Volt” kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) bilan hamkorlikda “Yangi Toshkent”da shahar infratuzilmasini qurish ($1 mlrd) va yashil texnologiyalarga asoslangan “ma’lumotlar markazlarini” qurish ($3 mlrd);

— “Acwa Power” kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 5 GVt shamol elektr stansiyasini hamda quvvati 2 GVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash qurilmalarini qurish ($6,2 mlrd);

— “Amea Power” kompaniyasi (BAA) bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish ($1,1 mlrd);

— “Saudi Tabrid” kompaniyasi bilan Nukus, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida issiqlik tizimini modernizatsiya qilish ($750 mln);

— “Nil Shugar” kompaniyasi (Misr) bilan Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish ($500 mln);

— “Shaynxay Knud Interneshnl” kompaniyasi (Xitoy) bilan Namangan viloyatida tekstil va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish ($205 mln);

— “Vilmar Interneshnl” kompaniyasi (Singapur) bilan Toshkent viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari va chorva uchun ozuqa ishlab chiqarish ($200 mln).

Shuningdek, forumda dunyoning bir qator yirik kompaniyalari hisoblangan Orascom Investment (Misr), Bonafarm Group (Vengriya), Sayar (AQSh), Goldwind, Sinoma (Xitoy), Sam Yapi (Turkiya), Pasha Development (Ozarbayjon), Lasselsberger (Avstriya), Petrosat Chexelsoton (Eron) kabi kompaniyalar bilan qiymati 6,6 mlrd dollarga teng yangi investitsiya loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

 

Hamkorlik namunasi

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari:

— Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi xalqimiz turmushini yaxshilash bo‘yicha O‘zbekiston dunyoga ochiq siyosat yuritayotganining yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.

Prezidentimiz forumdagi nutqida jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari so‘nggi uch yil davomida pasayib borayotgani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bilan bog‘liq tendensiyalar ham kutilgan umidlarni oqlamayotgani, 2023 yilda rivojlanayotgan davlatlarga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 9 foizga kamayganini qayd etdi. Bu fikr va raqamlar dunyoda ochiq, teng manfaatli hamkorlik bo‘yicha murakkab vaziyat yuzaga kelayotganini aniq tushunishimizga yordam berdi.

Haqli ravishda ta’kidlanganidek, hech bir mamlakat o‘tkir muammolarni yakka holda hal eta olmasligi haqidagi o‘zgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Barchamizni quvontiradigani O‘zbekiston o‘zaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyiliga qat’iy amal qilib, yuqori natijalarga erishmoqda.

Bunday yutuqlar keyingi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar o‘sgani, o‘tgan yilda umumiy o‘sish 6 foizni tashkil etgani, inflatsiya 9 foizgacha pasayganida, pirovardida, xalqimizning daromadi oshgani, oilalarning hayoti yaxshilangani, iqtisodiy faollik ortayotganida ko‘rinmoqda.

Dunyoda har kuni o‘zgarayotgan vaziyatda islohotlarni tizimli davom ettirish juda muhim. Shuning uchun mustahkam huquqiy asos yaratildi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi. Bu hujjatda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, ijtimoiy himoya va boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha keng aholi qatlamlari fikrlari asosida 100 ta vazifa belgilangani xalqimiz, davlatimiz dunyo davlatlari bilan ochiq, o‘zaro manfaatli hamkorlikka bundan keyin ham tayyor ekanini anglatadi.

2030 yilgacha aholi daromadlarini ikki barobar oshirish, bu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish maqsad qilingan. Faol ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik bilan albatta, bunga erishish mumkin.

Kezi kelganda ta’kidlash kerakki, xalq bilan bamaslahat, ular bilan kengashib qabul qilingan qaror va tashlanadigan qadamlar mamlakat uchun ham, uning taraqqiyoti, odamlarning roziligi uchun ham o‘ta muhim ekani oydinlashdi. bu borada O‘zbekiston tajribasi namuna bo‘lishi mumkinligi xalqaro darajada ham e’tirof etilmoqda.

Ichki siyosatdagi xalqona yondashuv, odamlarga yaqinlashish tashqi siyosatda ham o‘z samarasini bermoqda.

Oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu – katta natija. Sababi, bu orqali yuz minglab o‘zbekistonlik ishli bo‘ldi, oilasi va ro‘zg‘orini but qilishga erishdi, o‘z uyida, yaqinlari davrasida orzularini amalga oshirmoqda. Muhimi, xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

Nufuzli tadbirda bir qancha maqsadlar, manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. E’tibor bersangiz, ularning har birida yangi ish o‘rinlari, zamonaviy kasb va sohalarni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar o‘rin olgan.

Misol uchun, mamlakatning IT transformatsiyasi yo‘nalishida oxirgi bir yilda nimalarga erishilgani va kelgusi rejalar haqida so‘z bordi. Ta’kidlandiki, IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobar oshgan. Kelajakda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish reja qilinmoqda. IT-park rezidentlari soni o‘n barobar ko‘payadi, kelgusida 100 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.

Bunday istiqbolli tashabbuslar samarasi o‘laroq yaqin bir necha yil ichida O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarning kirib kelish ko‘lami yanada oshadi. O‘z navbatida, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar uchun sog‘lom raqobat muhiti shakllanadi. Ishlab chiqarish sifati hamda hajmining ortishi yangi ish o‘rinlari yaratish, iste’mol bozorini to‘ldirish bilan bir qatorda, aholining daromadi hamda turmush farovonligi oshishida ham muhim manba bo‘ladi.

 

«O‘zbekiston ovozi», 8.05.2023, №19

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish