Ezgu tashabbuslar qamrovi kengaymoqda
Ezgu tashabbuslar qamrovi kengaymoqda

 

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining o‘zaro ishonchli munosabatlari ikki davlat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar, texnologik, ta’lim va tibbiyot sohalarida chuqur hamkorlik o‘rnatilishiga olib kelgani barchamizga ma’lum. Keyingi yillarda amalga oshirilgan yigirmaga yaqin oliy darajadagi tashriflar strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlariga mustahkam asos bo‘layotgani bilan ahamiyatlidir.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda tomonlar barcha soha qatori madaniy-gumanitar aloqalarga ham katta e’tibor qaratishmoqda va bu hamkorlikdagi ezgu tashabbuslar qamrovini kengaytirayotir.

Rossiya Prezidentining may oyining so‘nggi haftasida yurtimizga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida imzolangan qator hujjatlar orasida Ikki davlat hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi, 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasida hamkorlik dasturi, Birgalikda kino ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, “N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti” federal davlat budjet oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandumning ham borligi madaniy-gumanitar va ta’lim sohalarida mustahkam aloqalarni yanada kengaytirishi muqarrar.

Hamkorlikdagi bunday o‘sish dinamikasini turizm almashinuvida ham yaqqol ko‘rish mumkin. So‘nggi yillarda ushbu davlatdan yurtimizga sayyohlar oqimi bir necha barobarga ortgani, ularni, ayniqsa, yurtimizda rivojlanib borayotgan agroturizm, ekoturizm, madaniy turizm jalb qilayotganini ta’kidlab o‘tish kerak.

Rossiya Prezidentining bu galgi tashrifi O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi nufuzi va Rossiya tashqi siyosatida tutgan muhim o‘rnini yaqqol ko‘rsatdi. Chindan ham tashrif sermazmun uchrashuvlar va samarali natijalar bilan ikki tomonlama do‘stlikni, ishonchga asoslangan munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 29.05.2023, №22

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish