O‘zbekiston – Turkiya: Insonlar uchun ham, davlatlar uchun ham muhim tashrif
O‘zbekiston – Turkiya: Insonlar uchun ham, davlatlar uchun ham muhim tashrif

 

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik, do‘stlik mustahkam rishtalar bilan bog‘langan. Xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik uzoq o‘tmishdan, bir ildizdan suv ichadi.

Shundan bo‘lsa kerak, oxirgi yillarda iqtisodiy, savdo-investitsiyaviy va yana boshqa ko‘plab sohalarda hamkorligimiz tez rivojlanmoqda. Ulkan va xalqlarimiz uchun muhim loyihalar o‘zaro muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi har ikki davlat va xalqlarimiz uchun katta voqelikka aylandi.

Aminmizki, ikki mamlakatda ham keng jamoatchilik turli tadbirlar va davralarda, oilalardagi suhbatlarda bu tashrif haqida, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik, qondoshlik haqida ko‘pdan ko‘p iliq so‘zlar aytildi, aytilmoqda.

Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida o‘tgan Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi real natijalarga boy bo‘ldi. Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat, “yashil” energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi, davlat-xususiy sheriklik dasturi doirasida va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Bu nima degani? Bu turli sohalarda hamkorlik rivojlansa, ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasida bordi-keldi munosabatlari yanada mustahkam bo‘lishiga, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar samarali hal etilishiga, mintaqada va xalqaro maydonda bir-birini tushunish hamda qo‘llab-quvvatlash kengayishiga zaminni mustahkamlaydi.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish