Qarindoshlar sudlanganligi davlat fuqarolik xizmatiga ishga kirishga to‘siq bo‘lmaydi
Qarindoshlar sudlanganligi davlat fuqarolik xizmatiga ishga kirishga to‘siq bo‘lmaydi

 

Umumxalq referendumi asosida  yangi tahriridagi Bosh qomusimiz qabul qilindi. Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi. Xususan, 37-moddada O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega ekanligi belgilandi, 28-moddada esa «Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas» degan qoida belgilandi. Bu esa partiyamizning saylovoldi dasturida ilgari surgan ijtimoiy tenglik va ijtimoiy adolat tamoyillariga to‘liq mos keladi.

 Biroq bugungi kunda fuqarolarni ularning yaqin qarindoshlarida sudlanganlik, shu jumladan tugallangan sudlanganlik holati mavjudligi sababli ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etish hollari uchrab turibdi. Hech kimga sir emaski, shu paytgacha davlat xizmatlariga ishga kirishda qarindosh urug‘ining yoki shaxsning yaqin qarindoshlari va o‘zi sudlangan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan ish berilmasdi. Bu esa fuqarolarimizning haqli e’tiroziga sabab bo‘lib, ularning huquqlari buzilib kelayotgandi. Iqtidorli va salohiyatli kadrlarimizning ishga kirish orzusi orzuligicha qolib ketayotgandi. Ko‘p yillik ijroda ishlagan inson sifatida bu kabi masalaga ko‘plab duch kelganmiz. Shunday bilimli, salohiyatli kadr yaqin qarindoshi sudlanganligi uchun boshqa lavozimga o‘ta olmagan holatlari insonlar umidini so‘ndirib, kelajagiga ishonchini so‘ndirardi.

Endilikda XDP fraksiyasi tashabbusi bilan «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasi “Qarindoshining sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishidagi va uni o‘tashdagi huquqlari cheklanishi uchun asos bo‘lishi mumkin emas” normasi bilan to‘ldirilmoqda. Bu norma davlat xizmatlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan fuqaroning qarindoshlari sudlangan bo‘lsa ham ishga kirishi mumkinligini va oldingi taqiqni olib tashlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, fuqarolarni ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishni taqiqlash, shuningdek fuqarolarning mehnatga oid huquqlarini ishonchli himoya qilish va ularning mehnat munosabatlarida qo‘shimcha kafolatlar yaratish maqsadida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Mehnat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur Qonun fuqarolarning mehnatga oid huquqlari himoyasining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, shuningdek mehnat munosabatlarida teng imkoniyatlar yaratilishiga xizmat qiladi.

Mavjuda Hasanova G‘aniyevna,
Qonunchilik palatasi  deputati

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish