Mehr-muruvvat, saxovat bayrami
Mehr-muruvvat, saxovat bayrami

 

Asrlar davomida xalqimizga xos mehr-oqibat, xayr-saxovat kabi ezgu umuminsoniy qadriyatlarni namoyon etib kelayotgan Qurbon hayiti jonajon Vatanimizda o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik va shukronalik fazilatlarini yanada mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ulug‘ ayyomga mamlakatimiz miqyosida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi. Ulug‘ ayyomning ma’naviy hayotimizdagi muhim ahamiyati shundaki, ushbu oyda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, ehtiyojmand va muhtoj oilalar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va qabristonlarni obod qilish kabi savobli ishlar davom ko‘lami yanada kengayadi.

Zero, bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, kechirimlilik va saxiylik xalqimizga xos xislat. Bu insoniy fazilatlar, ayniqsa, Qurbon hayiti kunlari yanada yorqin namoyon bo‘ladi. Shu kunlarda xalqimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarga hamohang tarzda bunyodkorlik kayfiyati bilan yashamoqda.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, e’tiqod erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, turli millat va elatlar o‘rtasida totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhiti tobora yuksalib bormoqda. Ayniqsa, xalqimizning islom madaniyati va sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini mamlakatimiz va dunyo jamoatchiligiga yetkazish, tabarruk qadamjolarni obod qilib, ziyoratgohlarga aylantirish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish borasida olib borilayotgan xayrli ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Shuningdek, Qurbon hayiti arafasida bir guruh yurtdoshlarimiz Haj safarini ado etmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan dinimiz arkonlarini ado etish uchun ulkan shart-sharoitlar yaratib berilayotganini ham e’tirof etish joiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda 5 ming nafar ziyoratchi Haj safariga borgan bo‘lsa, ushbu yilda esa 15 ming yurtdoshimiz Haj ibodatini ado etmoqda.

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida milliy an’ana hamda qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, ajdodlarimiz xotirasini ulug‘lash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarni obodonlashtirish, ularning musulmon olamida nufuzini yanada oshirish borasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. O‘tib borayotgan deputatlik faoliyatimiz davomida xizmat safari bilan yurtimizning turli viloyatlariga bordik. Xususan, Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi tarixiy obidalar, Toshkent viloyatida Zangiota, Surxondaryo viloyatida buyuk muhaddis Imom Termiziy, Qashqadaryo viloyatida alloma Abul Muin Nasafiy, Toshkent shahrida Suzukota ziyoratgohlarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarining guvohi bo‘ldik. Natijada so‘nggi yillarda mamlakatimizdagi ushbu muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish uchun keladigan turistlar oqimi yildan yilga ortib bormoqda.

Qurbon hayitini bayram sifatida nishonlash zamirida katta ma’no bor. Ushbu bayram kunlarida xalqimiz bir-birlariga mehr-muruvvat ko‘rsatib, qavmu-qarindoshlar bir-birlari bilan xabarlashadi. Yetim-esirlar, beva-bechoralarga xayru ehson qilinadi. Bu bayram qarindoshlik, qo‘ni-qo‘shnilik, quda-andalik rishtalarini yanada mustahkam bog‘lashga xizmat qiladi. Yoshlarimizni milliy qadriyatlarimizga sodiqlik ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shadi. Shuning uchun ham muborak Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizdagi o‘rni, ahamiyati beqiyosdir.

Prezidentimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar natijasida Muborak Hayit kuni musulmon ahli jamoat bo‘lib hayit namozini o‘qish uchun yig‘iladi. Hayit namozi vaqtida ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar va inson qadrini ulug‘lash borasida olib borilayotgan amaliy ishlar e’tirof etiladi.

Shuningdek, Qurbon hayiti namozidan so‘ng hamyurtlarimiz yaqinlari holidan xabar olish, bir-birini qutlash uchun yo‘l oladi. Qurbonlik qilinayotgan xonadonlarga boriladi. Allohning rahmati yog‘ilib turadigan ushbu kunda yurtimiz tinchligi abadiy bo‘lishini, birdamlik, do‘stlik va ahillik tuyg‘ularimiz yanada ziyoda bo‘lishini tilab turadigan nuroniy otaxon-onaxonlarimizni ziyorat qilish, farzandlarimizga ushbu muborak kunning tarixi va ahamiyatini uqtirish esa, avloddan avlodga o‘tib boradigan millliy qadriyatlarimizni asrab qolishga zamin yaratadi.

 

Dilbar Mamadjanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish