Arzon elektr ta’minoti tizimini yaratish uchun huquqiy asoslar shakllantiriladi

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini atroflicha muhokama qilishdi.

Mazkur qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida ishonchli, xavfsiz, barqaror hamda arzon elektr ta’minoti tizimini yaratish uchun huquqiy asoslarni shakllantirish orqali sanoatni rivojlantirish, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va aholi farovonligini yuksaltirishdir. Shuningdek, iste’molchilarning narxlar, ishonchli elektr ta’minoti va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish, samarali, shaffof va raqobatbardosh elektr energiyasi bozorining rivojlanishini qo‘llab quvvatlash va xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirishdan iboratdir.

 

Qonun bilan elektr energetika korxonalarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilash hamda ularning o‘zaro va davlat hokimiyati organlari bilan munosabatlarining huquqiy asoslarini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, elektr energetika sektorining shaffof va diskriminatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik tamoyiliga asoslangan holda faoliyat olib borishini ta’minlash maqsadida elektr energetika korxonalarining bo‘linishiga doir qoidalarni ishlab chiqishga e’tibor qaratilgan.

Deputatlar qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar uning muhimligini, energiya ta’minoti tizimining xavfsizligini ta’minlash va bu tizimni takomillashtirishga xizmat qilishini e’tirof etgan holda savollar bilan murojaat qilishdi. Mazkur Qonunning qabul qilinishi elektr ta’minotining uzluksizligi, xizmat ko‘rsatish nuqtai nazaridan iste’molchilarni, xususan aholining zaif qatlamiga alohida e’tibor bergan holda ularning manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirilib, hujjat ma’qullandi.

Yig‘ilishda shuningdek, “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish” to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. So‘nggi yillarda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, aholining ishchanlik faolligini kuchaytirish uchun qulay sharoit yaratish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirish hamda ijtimoiy soha va aholining turmush darajasini yaxshilash yuzasidan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Qonun loyihasining asosiy maqsadi energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasini rivojlangan davlatlar modelida shakllantirish, sohani rag‘batlantirish, huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini yaratishdan iboratdir.

Shuningdek, qonun - hosil qilinayotgan elektr va issiqlik energiyasi, yoqilg‘i va boshqa noan’anaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada yanada oqilona va samarali foydalanishning, energiya resurslari iste’molining samaradorligini va zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish xizmatlarini ko‘rsatishning sohalararo mustaqil huquqiy asoslarini takomillashtirish vazifalarini belgilab beradi.

Shu bilan birga, mazkur qonun respublika iqtisodiyoti raqobatbardoshligi, moliyaviy barqarorligi, energetika va ekologiya xavfsizligini oshirish, energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish salohiyatini ko‘tarish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona foydalanish tartib-tamoyillarini belgilaydi.

Qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohazalar almashilgach, deputatlar tomonidan ma’qullandi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish