Bolalarning ta’lim olish huquqlari himoyalanadi
Bolalarning ta’lim olish huquqlari himoyalanadi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qildilar.

Ma’lumotlarga qaraganda ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z bolalarining umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki professional ta’limni tamomlamasidan turib diniy ta’limga jalb qilish uchun hujralarga yoki ta’lim berishga ruxsatnomasi va litsenziyasiga ega bo‘lmagan shaxslarga biriktirish holatlari ko‘paymoqda. Bu o‘z navbatida, qonunga xilof diniy faoliyatlarga qarshi kurashishga qaramasdan noqonuniy diniy ta’lim olish ehtiyojining ko‘payishiga ularning soni ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Voyaga yetmagan shaxslarning dunyoviy bilim va din tarixini o‘zlashtirmasdan, qonunga xilof diniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ta’lim muassasalari va shaxslardan diniy ta’lim olishi ularning turli yot g‘oyalar domiga tushib qolishi ehtimolini kuchaytiradi.

Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolalarni qonunga xilof ravishda diniy ta’limga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun loyihasi bilan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi beshinchi va oltinchi qismlar bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki professional ta’limni tamomlamagan bolani diniy ta’lim olishga jalb qilmaslik majburiyatini yuklash bo‘yicha “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga qo‘shimcha kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.

Deputatlar qonun loyihasining dolzarbligini inobatga olib, bolalarning ta’lim olish sohasidagi huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq savollar bilan murojaat qilishdi. Fikr-mulohazalar almashilgach, bolalarning diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari qurboniga aylanishining oldini olishga xizmat qiluvchi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Fraksiya yig‘ilishida shuningdek, «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur Qonun bilan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan turar joy bilan ta’minlashda mazkur ko‘chmas mulklarni ularning nomiga rasmiylashtirish bo‘yicha notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonida davlat bojini to‘lashdan ozod qilish belgilanmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasi partiya elektorati manfaatlariga to‘la mos kelishini e’tirof etib, hujjatni bir ovozdan ma’qullashdi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish