1 foiz
1 foiz

 

Yaqinda Xalq demokratik partiyasining YouTube kanalidagi ''Bu muhim'' loyihasida ''Bankomatdan pul yechilganda 1 foiz komissiya yechib olinishi naqadar adolatli?'' degan savol bilan hamyurtlarimiz o'rtasida so'rov o'tkazilibdi. Turli yoshdagi aholi vakillarining aksariyati bank muassasalari tomonidan kiritilgan ayni tartibga qat'iy norozilik bildirib, buni yoqlamagan. Ayrimlargina, aksincha, ma'qullagan. ''Menga farqi yo'q'', deguvchilar ham bor.

 

Mazkur video ostidagi izohlarda esa plastik kartadagi mablag'ni bankomatlar orqali naqdlashtirishda 1 foiz olish amaliyoti kuppa-kunduzi kishini tunash bilan barobarligi, pensionerlardan ham 1 foiz olib qolish uyat ekani kabi negativ fikrlarni qayd etganlar nisbatan ko'pligini ko'ramiz. Shu qatorda yaqin o'tmishda kartadagi pulni naqdga aylantirishda hatto 25-30 foizdan ham voz kechilganini eslab, bunga shukr qilish kerakligini uqtiruvchilarni-da uchratamiz. Yana kimdir esa shunchaki ''Bizning qishloqdagi bankomatda pul yo'q'', deb qo'ya qolgan.

Xo'sh, nega bu mavzuni ko'taryapmiz? Chindan ham bundan 7-8 yil oldin ko'cha-ko'yda bankomatdan to'g'ridan to'g'ri plastik kartamizdagi mablag'ni naqdlashtirish biz uchun tasavvurga sig'mas holat edi-ku! Bugun esa qishloq tumanlarda aholi gavjum maskanlarda, bozorlarda, shaharlarda esa deyarli har qadamda bankomatlar xizmatidan beminnat foydalanyapmiz. Bir necha tugmani bosamiz va istagan summamiz qo'limizga tegadi. Bunday qulaylik hamda tezkorlik uchun daromadimizning atigi bir foizidan voz kechsak, nima bo'pti?

Lekin... insof, adolat, halollik mezonlari bilan qaraganda, ayni amaliyot rostdan ham bahstalab va e'tirozlarga loyiq.

 

Birniki mingga, mingniki tumanga

2024 yil 1 fevral holatiga mamlakatimizda muomaladagi bank plastik kartalari soni 46 million 73 ming 524 tani tashkil etgani holda joylarda o'rnatilgan bankomatlar va infokiosklar 28 ming 700 tadan oshgan. E'tibor qiling, aholi qo'lida 46 milliontadan ziyod plastik kartalari mavjud. Bilamizki, hozirda ish haqi, nafaqalar, stipendiyalar deyarli to'liq hajmda plastik kartalarga o'tkazib berilayotir. Deylik, aholimizning eng kamida 10 foizi bir oyda bankomatlar orqali o'rtacha 1 million so'mni naqdlashtirsa ham, oyiga 35 milliard so'mdan, yiliga esa 400 milliard so'mdan ortiq pul mablag'lari banklar hisobida qoladi. Bu endi minimal darajadagi raqamlar. Vaholonki, ish haqi va unga tenglashtirilgan to'lovlarni, xalqona aytganda, halol peshona teri bilan topgan daromadini naqdlashtirayotgan aholidan bankomatlar orqali olib qolinayotgan bir foizlik ustama tufayli banklar ixtiyoriga o'tayotgan ana shu milliardlab so'mlar bundan ko'p bo'lsa ko'p, aslo kam emas. Axir birniki mingga, mingniki tumanga, deydi dono xalqimiz.

Xullas, bugungi kunda mahalliy kartalardan (Humo, Uzkard) bankomatlarda naqd pulni olish badali 1 foiz bo'lib qolmoqda. Jamoatchilikni, deputatlarimizni, umuman, aholini o'ylantirayotgan holat ham shuki, naqdlashtirish uchun tijorat banklari tomonidan hamon maksimal darajadagi 1 foiz ushlab qolinyapti. Hali ana shu 1 foiz 0,7 yoki 0,5 foiz darajaga tushgan real vaziyatga duch kelganimizcha yo'q.

Tanganing ikkinchi tomoni ham borligini unutmasligimiz kerak, albatta. Shu ma'noda mavzu yuzasidan Markaziy bank matbuot kotibi Akmal NAZAROVga yuzlandik. Mas'ul xodim ushbu masalada quyidagilarni bayon etdi:

– O'zbekiston Respublikasining ''Banklar va bank faoliyati to'g'risida''gi Qonunining 61-moddasiga ko'ra, banklar va ularning mijozlari o'rtasidagi munosabatlar shartnomalar asosida amalga oshiriladi hamda mazkur Qonunning 62-moddasiga asosan kreditlar, depozitlar bo'yicha foiz stavkalari va bank operatsiyalariga oid vositachilik haqi miqdori bank tomonidan mustaqil belgilanadi.

Markaziy bank yuqoridagi qonun hujjatlariga zid ravishda tijorat banklarining operatsiyalariga oid vositachilik haqi miqdorini belgilashga aralashish yoki ularni bekor qilish vakolatiga ega emas, qonun hujjatlari bilan undirilishi taqiqlangan komissiyalar bundan mustasno.

Tijorat banklari ham iqtisodiyotdagi boshqa barcha tadbirkorlik subyektlari qatori o'z xizmatlari uchun narxlarni mustaqil belgilaydi. Bugungi kunda tijorat banklari tomonidan aholiga naqd pul bilan bog'liq operatsiyalar ko'rsatishda o'z operatsion xarajatlaridan kelib chiqqan holda tariflar belgilanib, xizmat haqlari undiriladi.

Xususan, banklarning naqd pul bilan ishlash bo'yicha operatsion xarajatlari bankomatlarni sotib olish, saqlash, naqd pulni tashish, kassa ishlarini tashkil etishdan tortib kassirlarning ish haqigacha bo'lgan bir qancha xarajatlarni o'z ichiga oladi. Mazkur xarajatlardan kelib chiqqan holda tijorat banklari bank kartasidagi mablag'larni bankomat yoki kassa orqali naqdlashtirishda undiriladigan komissiyalar miqdorini belgilashga, shubhasiz, haqlidir.

 

Xalqaro amaliyotda qanday?

Soha ekspertlarining fikricha, banklar uchun pul emissiyasi xarajat moddasi hisob lanadi: moliyaviy tashkilot o‘z likvidligining bir qismini yo‘qotadi, kredit limiti mavjud bo‘lsa, u ham qarzni to‘lamaslik xavfiga to‘qnash kelishi mumkin. Bankomatlarning butun ish sikli, jumladan, ularni sotib olish va saqlash xarajatlari, muntazam ravishda naqd pul to‘ldirish, xavfsizlikni ta’minlash kabi masalalar banklar uchun arzonga tushmaydi. Yirik banklar bu xarajatlarni boshqa daromad manbalari yoki hamkorlar bilan bankomat tarmoqlaridan o‘zaro foydalanish hisobiga qoplashlari mumkin, biroq kichik va o‘rta moliya institutlari uchun keng ko‘lamli tuzilmani saqlab qolish oson emas. Mijozlardan naqd pul yechib olishda foiz undirilishi ular uchun ayni zaruratdir.

Shunday qilib, uzoq-yaqin davlatlarda bu borada qanday amaliyot yo‘lga qo‘yilgani bilan qiziqdik.

Misol uchun, Qozog‘istondagi banklarda kartadagi elektron pullarni bir oyda ma’lum bir miqdorgacha naqdlashtirishda komissiya to‘lovlari undirilmas ekan. Masalan, plastik kartadan 1 oyda 500 ming tengeni komissiya to‘lovisiz naqdlashtirish mumkin, 500 ming tengedan ortiqcha qismidan esa bir foizgacha (ko‘pgina banklarda bir foizga ham bormaydi) komissiya to‘lovi undiriladi.

Rossiyada agarda naqdlashtirish plastik karta ochilgan bankka tegishli bankomatlarda amalga oshirilsa, komissiya to‘lovi undirilmaydi. Plastik karta ochilgan bankdan boshqa banklarda kartalardan pul naqdlashtirilganda 1 foiz komissiya to‘lovi olinadi.

Germaniyada ham bankomatlarda naqd pul yechishning o‘ziga xos tizimi qaror topgan. Ushbu davlatda aholining katta qismi YEC-karta («Electronic cash») dan foydalanadi. EC-kartasi ochilgan bankka tegishli bankomatlarda va ushbu kartani o‘qiydigan boshqa maxsus bankomatlarda kartadagi pullarni naqdlashtirish uchun komissiya to‘lovi yo‘q. Qolgan bankomatlarda esa kartadagi pul naqdlashtirilganda har bir operatsiya uchun o‘rtacha 5 yevro undiriladi.

Xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, plastik karta qaysi bankda ochilgan bo‘lsa, o‘sha bankka tegishli bankomatlarda pul naqdlashtirilganda ma’lum bir summagacha komissiya to‘lovi undirilmaydi. Faqatgina belgilangan limitdan oshgan qismidan 1 foizgacha bankka o‘tadi. Shuningdek, ayrim davlatlarda kartadagi pensiya va ijtimoiy to‘lovlar bo‘yicha mavjud pullar naqdlashtirilganda hech qanday foiz ushlab qolinmaydi.

 

XDP faollari taklif beradi

Davlat va jamiyat hayotida ijtimoiy muvozanat barqarorligini kafolatlash tarafdori bo‘lgan Xalq demokratik partiyasi faollari Saylovoldi dasturi uchun tayyorlayotgan takliflari orasida elektorat manfaatlaridan kelib chiqqan holda bank plastik kartalaridan foydalanishni yanada qulay qilish shartlarini ham ilgari surmoqdalar. Bunda:

– kommunal, davlat xizmatlari, ma’muriy jarimalar, ta’lim uchun to‘lovlar va boshqalar bo‘yicha to‘lov amalga oshirilganda amaldagi 1 foizgacha bo‘lgan vositachalik haqini aholiga bepul etib belgilash hamda vositachilik haqini to‘lovlarni oluvchi tashkilotlardan oldindan undirib qolish;

– plastik kartalardan pulni bankomatlar orqali naqdlashtirganda, agarda ushbu plastik karta bankomat qarashli bo‘lgan bankniki bo‘lsa, 1 foiz olish amaliyotini bekor qilish, boshqa bankniki bo‘lsa, 0,5 foizga tushirish;

– plastik kartadagi mablag‘lar bank kassalarida naqdlashtirilganda to‘lov undirishni bekor qilish amaliyotini joriy etish takliflari fuqarolarning konstitutsiyaviy haq-huquqlarini ta’minlashga, xalq roziligini olishga, «Inson qadri uchun» tamoyilining hayotbaxshligiga zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir.

 

Anvarxon TЕMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Aytish kerakki, Xalq demokratik partiyasi va deputatlik birlashmalari tomonidan joylarda aholi bilan o‘tkazilayotgan muloqotlarda, ayniqsa, ehtiyojmand qatlam vakillarining murojaatlarini o‘rganishda bank kartalaridan pulni naqdlashtirishda foiz ushlab qolinishi masalasi ham bot-bot o‘rtaga chiqadi. Bu bo‘yicha ijtimoiy himoyaga muhtoj toifa uchun qandaydir qonuniy yengillik yoki imtiyozlar mavjudmi-yo‘qmi, shular haqida ko‘p so‘rashadi.

Bir qarashda kartadagi pul mablag‘ini naqdga aylantirishda arzimas 1 foizning ushlab qolinishi yoki shuncha miqdorda vositachilik haqlari olinishi u qadar katta muammo emasdek. Biroq ish haqidan to‘lanadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan tashqari ixtiyorida qolayotgan muayyan bir summa tiyin-tiyinigacha fuqaroning daromadidir. Naqd va naqdsiz shakldagi pul qonunan teng qiymatga ega. Plastik kartadagi pulni naqdlashtirishda yoki kartadan kartaga o‘tkazishda yoki boshqa to‘lovlarni amalga oshirishda foiz ushlab qolinishi oxir-oqibat oddiy odamning hamyoniga zarar, u yuz so‘m bo‘lsa, ming so‘m bo‘lsa ham. Ayniqsa, pensionerlar, nogironligi bor shaxslar, kam ta’minlanganlarning bunday amaliyotga salbiy munosabatda bo‘lishlari asosli.

Shu nuqtayi nazardan navbatdagi saylov oldidan tayyorlanayotgan dasturda bank plastik kartalaridan foydalanishni aholi keng qatlami uchun yanada qulaylashtirish, bunda, avvalo, fuqarolar manfaati ustuvorligini ta’minlash g‘oyasi ham o‘rin olgani adolat tarozisi bilan o‘lchaganda oliy maqsadimizga uyg‘undir.

 

Farida MAHKAMOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 3.07.2023, №26 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish