Hokim va Kengash raisi vakolatlari ajratilmoqda
Hokim va Kengash raisi vakolatlari ajratilmoqda

 

Hokim nomzodi ko‘rib chiqilayotganda u hududni rivojlantirish dasturini xalq deputatlari Kengashiga taqdim etishi tartibi belgilanmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kecha bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida ''Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida''gi qonuni loyihasi atroflicha muhokama etildi.

Loyihaga ko‘ra, ''Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida''gi hamda boshqa qonun hujjatlariga qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, mahalliy Kengashlarga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, jamoatchilik asosida faoliyat yuritishi va u muddatidan oldin lavozimdan ozod qilinishi mumkinligi belgilanmoqda.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari loyihadagi ayrim me’yorlar yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Qonun loyihasida xalq deputatlari Kengashi raisini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilayotganda Kengash doimiy komissiya raislaridan biri sessiyaga raislik qiladi, deb yozilgan. Keyingi moddalarda bu me’yorga qarama-qarshi jihatlar turibdi.

18-moddada esa xalq deputatlari Kengashi sessiyalarini chaqirish va o‘tkazish, sessiya muhokamasiga masalalar kiritish va ularni ko‘rib chiqish, xalq deputatlari Kengashi organlarini tashkil etish va saylash, ularning faoliyatiga doir hisobotlarni tinglash, Kengash so‘rovlarini, deputatlar so‘rovlarini, qaror loyihalarini ko‘rib chiqish, ovoz berish, qarorlarni e’lon qilish, sessiyaga taklif etiladigan shaxslar sonini aniqlash tartibi, shuningdek, deputatlarning mas’uliyati va sessiya ishini tashkil etishga doir boshqa masalalar xalq deputatlari Kengashining ish tartibiga muvofiq belgilanadi, deb yozilgan. Ammo Kengash tekshiruvi kiritilmagan. Bu ham asosiy konseptual masalalardan biri, deb hisoblayman.

 

Shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga yangi vakolatlar berilyapti. Misol uchun, har yili Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsmanning) mintaqaviy vakilining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitish nazarda tutilmoqda. Lekin Bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi va ularning mintaqaviy vakillari bor. Ular ham mahalliy Kengashlarga axborot berishi kerak. Ushbu jihat ham e’tibordan chetda qolgan. IIVning hududiy boshqarmalari har chorakda hisobot berishi Prezident farmonida ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa-da, qonun loyihasida bu muddat har 6 oyda shaklida o‘zgartirilgan. Umuman olganda, konseptual jihatdan yana bir bor ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan jihatlar oz emas.

Yalpi majlisda deputatlar yana qator me’yorlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Taklif hamda munosabatlar muhokama qilindi. Umuman, qonun loyihasidan o‘rin olgan me’yorlar joylarda hokimiyatlar bo‘linishini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga va hududiy boshqaruvni ''aholi manfaatlariga xizmat qilish'' tamoyili asosida yo‘lga qo‘yishga imkon berishi hamda qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishini inobatga olgan holda, deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi. Ular tomonidan bildirilgan takliflar ikkinchi o‘qishgacha ko‘rib chiqilishiga kelishib olindi.

Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati to‘g‘risidagi parlament so‘rovi ko‘rib chiqildi. Gap shundaki, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan mazkur sohalarda olib borilayotgan ishlar hamda ularning natijadorligi ustidan ta’sirchan parlament nazorati o‘rnatilib, sohalarni tartibga solishga doir qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilish holati nazorat-tahlil tartibida o‘rganilib kelinmoqda.

O‘rganishlar yakunlari, shuningdek, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili yechimini kutayotgan dolzarb masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, bugungi kunda respublikadagi 10165 ta umumta’lim maktabining 1503 tasida tibbiyot xonalari mavjud emas, mavjud tibbiyot xonalari ham zarur jihozlar bilan yetarlicha ta’minlanmagan.

Shuningdek, respublikadagi umumta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan pediatr shifokorlar soni 6357 nafarni tashkil etib, ulardan 890 nafari (14,0 foiz) doimiy ishlaydi, 5467 nafari (86,0 foizi) biriktirilgan, o‘rta tibbiyot xodimlari soni esa 10176 nafar, ulardan 7799 nafari (76,6 foizi) doimiy ishlaydi, 2377 nafari (23,4 foizi) biriktirilgan.

2023 yilda o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar natijalari tahliliga ko‘ra, maktablarda tahsil olayotgan 5 954 321 nafar boladan 5 797 691 nafari (97,4 foizi) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 1 615 695 nafar (27,9 foiz) bolalarda turli kasalliklar aniqlangan.

Ma’lumotlardan kelib chiqib, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri X.Umarovaga parlament so‘rovi yuborilgan edi. Fraksiya a’zolari vazirlik javobini eshitdi va o‘z munosabatini bildirdi. Tegishli tartibda qaror qabul qilindi.

Palata majlisida, shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining taklifi bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Musayevning ''2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida''gi axborotini eshitish haqidagi masala ham ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 10.07.2023, №27

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish