Ishli bo‘lish hammamiz uchun muhim
Ishli bo‘lish hammamiz uchun muhim

 

Salohiyati va layoqatiga yarasha muqim ishi, barqaror daromad manbai bor odamning hayotga qarashi boshqacha bo‘ladi. Uning bugunidan, ertasidan ko‘ngli to‘q bo‘ladi. Ayniqsa, oilaparvar, bolaparvar xalqimiz uchun ishli bo‘lish nafaqat ro‘zg‘orni butlash, farovon hayot kechirish, balki farzandlarini oyoqqa qo‘yish, ular kelajagi uchun sarmoya kiritish omili ham hisoblanadi.

 

Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda joriy yil boshida ishsizlar soni 1 million 300 ming nafarni tashkil qilgani holda yil oxiriga qadar yana 2 million 400 ming aholi mehnat bozoriga kirib kelishi prognoz qilingan.

Ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekistonda bugunga kelib mehnat bozoridagi vaziyat o‘zgardi. Mehnat munosabatlariga nisbatan yangicha yondashuvlar yuzaga keldi. Mulkdorlar va ish beruvchilarning soni oshmoqda, jismoniy shaxslar ham ish beruvchi maqomiga ega bo‘lmoqda. Ishsizlik darajasini kamaytirish mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish va aholining turmush sifatini va to‘lov qobiliyatini oshirishning asosiy sharti sifatida qaralmoqda.

Ma’lumki, Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oyalaridan biri aholini ijtimoiy himoya qilishdir. Zero, ishsizlar ham ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam hisoblanadi. Shuning uchun partiya Saylovoldi dasturida bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, partiya fikricha, aholini ijtimoiy nafaqalardan yuqoriroq mehnat haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlash, mehnatga layoqatli fuqarolarning shaxsiy tashabbuslari va uddaburonligini rag‘batlantirish – kechiktirib bo‘lmaydigan masala. Yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash esa ijtimoiy va demografik xususiyatga ko‘ra hal qiluvchi kuch sanalgan bu qatlam manfaatlarini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

 

«Biz har bir shaxs munosib sharoitlarda mehnat qilishining tarafdorimiz!»

Partiyaning aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha oldiga qo‘ygan maqsadlari ana shu shior orqali ifoda etilgan. Bunda partiya demokratik ta’sir mexanizmlarini ishga solgan holda nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash uchun qonunchilikda belgilangan kvotalarga qat’iy rioya etilishiga erishishni ko‘zda tutgan.

Shuningdek, partiya ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan ayollar, «Mehribonlik uylari» bitiruvchilari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlar uchun ishga joylashish bo‘yicha huquqiy kafolatlarni oshirish hamda «Teng ish uchun – teng ish haqi» tamoyiliga qat’iy rioya etilishiga intiladi.

Ayni maqsadda partiya O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini tegishli norma va protsessual mexanizmlar bilan to‘ldirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va parlamentdagi fraksiyasi orqali ularni qonunchilik tashabbusi sifatida olib chiqishni rejalashtirgan.

Partiya uy mehnatini tashkil etishning yangi samarali shakllarini rivojlantirishga harakat qiladi. Xususan, maktabgacha yoshdagi bola tarbiyasi bilan mashg‘ul va ish joyiga ega bo‘lmagan ayollar uchun uy mehnati hamda ularning davlat-xususiy sherikligining tegishli shakllaridagi ishtirokini oshirish bo‘yicha ehtiyojlarini aniqlash, shu yo‘sinda ishlab chiqilgan takliflarni xalq deputatlari Kengashlarida ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan.

Olis qishloq hududlaridagi maktablar, birlamchi tibbiy muassasalar va boshqa ijtimoiy soha obyektlariga bilimli, tajribali mutaxassislarni jalb etish maqsadida partiya bunday xodimlarni moddiy-ma’naviy rag‘batlantirishning qonunchilik mexanizmlarini yana takomillashtirish kerak, degan fikrda.

 

Boymurod YUSUPOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:

– Partiyaning 2024 yilga mo‘ljallangan amaliy Harakat dasturida aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilangan. Joriy yilning o‘tgan davrida bu bo‘yicha 121 ta masala partiya guruhlarida, 109 ta masala doimiy komissiyalarda va 96 tasi sessiyalarda ko‘rib chiqildi.

Masalalarni qanday o‘rgandik? Avvalo, murojaatlarni ko‘rib chiqdik, saylovchilar bilan uchrashuvlarda ko‘tarilgan muammolarni tahlil qildik. Partiya elektorati bo‘lgan ehtiyojmand, kambag‘al oilalardagi haqiqiy muhitni o‘rganish, bunday oilalar vakillarining bandligini ta’minlashga to‘siq bo‘layotgan har qanday masala e’tibordan chetda qolmadi. Muammolarni yechish uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etildi, bu boradagi jo‘yali takliflarni doimiy komissiyalar va sessiyalar muhokamasiga olib chiqdik.

Aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalarni hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib ishlab chiqqanmiz. Masalan, qaysidir hududda kasanachilikni rivojlantirishga ehtiyoj bo‘lsa, qayerdadir kosibchilikni rivojlantirish imkoniyati keng. Qaysidir mahallada sartaroshxona kerak.

Har bir hudud bo‘yicha yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish masalasini o‘rganib chiqdik, ish boshlamoqchi bo‘lgan yigit-qizlar bilan suhbatlashdik. Kredit olishi, o‘z ustaxonasini yoki sartaroshxonasini ochishga yaqindan ko‘maklashdik. Bunday amaliy ishlarimiz juda ko‘p.

To‘g‘ri, ayrim holatlarda kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yildi. Belgilangan vazifalar ijrosida sustkashlik qilgan hududlar yo‘q emas. Bunday hududlarga alohida diqqat qaratish, deputatlik so‘rovi, nazorat institutlari orqali elektorat manfaatlarini himoya qilish choralari izchil olib borilmoqda.

 

O‘rol O‘ROZBOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadi ish o‘rinlarini ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirishdir. Bu jarayonda partiyamiz faol tashabbuskorlardan bo‘layotganini aytib o‘tishni istardim.

Joriy yilning 24-27 aprel kunlari Buxoro viloyatida «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi Qonun, shuningdek, 2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha dasturlar ijrosini nazorat-tahlil tartibida o‘rgandik. O‘rganishlar tanlov asosida Buxoro viloyatining Kogon shahri, Kogon, Peshku va Shofirkon tumanlarida o‘tkazildi.

Buxoro viloyatida 2024 yil 1 yanvar holatiga iqtisodiy faol aholi 858 ming 832 nafarni, shundan jami band aholi 829 ming 489 nafarni tashkil etgan. Ish bilan ta’minlanganlarning 70,3 foizi iqtisodiyotning rasmiy sektorida, 21,5 foizi norasmiy sektorda faoliyat yuritayotgani, xorijga ishlash uchun ketganlar 8,1 foiz ekani ma’lum bo‘ldi. Hududda ishsizlik darajasi 3,4 foizdir.

Joriy yilning yanvar-aprel oylarida viloyat mahallalarida hokim yordamchilarining tavsiyasi asosida 2 mlrd. 964 mln. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilishi hisobiga 587 nafar fuqaroga o‘zini o‘zi band qilish uchun zarur asbob-uskuna va mehnat qurollari olib berilgan.

Bugungi kunda Buxoro shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazida 1 ming 542 nafar, Jondor kasb-hunarga o‘qitish markazida 233 nafar, Romitan kasb-hunarga o‘qitish markazida 220 nafar hamda Qorako‘l kasb-hunarga o‘qitish markazida esa 550 nafar ishsiz fuqaroga malakali usta, o‘qituvchilar tomonidan ta’lim berilmoqda.

2024 yil 25 aprel holatiga 60 ming 100 nafar aholiga jami 14100 gektar yer maydonlari ijaraga berilgan. Ya’ni, dehqonchilik qilib ro‘zg‘or tebrataman, daromad topaman, degan talabgorlarga o‘rtacha 23 sotixdan yer to‘g‘ri kelgan.

Aholi bandligini ta’minlash orqali xonadonlar daromadini oshirish va mahallabay ishlash, hokim yordamchilari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va dasturda belgilangan vazifalarning ijrosi xalq deputatlari mahalliy Kengashlar va doimiy komissiyalar tomonidan muntazam muhokama qilingan.

Nazorat-tahlil tadbirlari davomida hududda aholi bandligini ta’minlash borasida mavjud muammolarni ham o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berdik.

Umuman olganda, bu kabi nazorat-tahlil tadbirlari nafaqat hududlardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish, balki elektorat manfaatlariga daxldor dolzarb masalalarning qonuniy yechimiga oid konstruktiv takliflarni, keng qamrovli fraksiya pozitsiyasini ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega, deb o‘ylayman.

 

Dilbar MAMADJANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma qarori bilan Hududlarda aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Unga muvofiq, 2023 yilda aholi bandligini ta’minlash dasturlarining tasdiqlanishi va amalga oshirilishi holati o‘rganildi.

Natijalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari sessiyalarida muhokama qilinmoqda. Aniqlangan muammolar hokimliklar, tegishli vazirliklar, idora va tashkilotlar bilan birga joyida hal etilmoqda.

Bandlik, yangi ish o‘rinlari, barqaror daromad manbai kabi muhim masalalar partiyamiz fraksiyasi kun tartibida har doim oldingi o‘rinlarda turishi zarur. Chunki bu masala bevosita partiyamiz elektorati manfaatlari bilan bog‘liqdir.

Bu boradagi faoliyatimizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, joriy yilning birinchi yarmida fraksiya a’zolari tomonidan 1 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Qonunchilik palatasiga kiritildi va qabul qilindi.

Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishda fuqarolarning mehnat huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga, ijtimoiy sohadagi islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga hamda saylovchilar bildirgan fikr-mulohaza va takliflarni inobatga olishga urg‘u berildi.

Shuningdek, shu yilning 25 aprel kuni o‘tkazilgan fraksiya majlisida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet davlatlarga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yetib borishida qulay va xavfsiz shart-sharoitlarni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining o‘rinbosari J.Choriyevning axboroti eshitildi. 21 may kuni kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Musayevga «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish hamda mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida» parlament so‘rovi yuborildi.

Hozir fraksiyamiz aynan aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha parlament eshituviga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biz joylarga chiqib, nazorat-tahlil ishlarini olib boryapmiz, saylovchilar bilan uchrashuvlarda vaqtinchalik ishsiz fuqarolardan tushgan murojaatlarni birma-bir o‘rganib, tahlil qilyapmiz. Shu asosida vazirlikka bir qator savol va takliflarni bayon qilishni rejalashtiryapmiz.

 

Akmal UMARALIYEV,

O‘zXDP Toshkent viloyat kengashi raisi:

– Partiyamiz Saylovoldi dasturidagi vazifalar ijrosi hamda viloyat partiya Kengashining 2024 yilga mo‘ljallangan ish rejasiga asosan aholi bandligini ta’minlash holatini o‘rganish yuzasidan deputatlik nazorati o‘rnatildi.

Viloyatda 2023 yilda 480 ming nafar aholini daromad keltiradigan mehnat bilan band qilish bo‘yicha tarmoqlar kesimida maqsadli ko‘rsatkichlar shakllantirildi va xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashida qizg‘in muhokama qilinib tasdiqlandi.

Nazorat-tahlil jarayonlarida ma’lum bo‘ldiki, o‘tgan yili mehnat bozori holatidan kelib chiqib, kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha viloyatda «Ishga marhamat» monomarkazi 4 ta (Bekobod shahar, Bekobod tuman, Piskent tumani, Qibray tumani), kasb-hunarga o‘qitish markazlari va nodavlat o‘quv markazlariga jami 28 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha 11 ming 324 nafar ishsiz fuqarolar qamrab olingan.

Yana bir muhim masala. O‘tgan yili deputatlik nazorati orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash masalasini ham o‘rgandik. Ma’lum bo‘lishicha, 1 ming 195 nafar imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga joylashtirilgan. 46 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan 83 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga qabul qilingani uchun ish beruvchilarga subsidiyalar ajratilgan. 372 nafar nogironligi bo‘lgan hamyurtlarimiz kasb-hunarlarga o‘qitilgan.

E’tiborlisi, bunday tizimli va samarali chora-tadbirlar viloyatimizda joriy yilda ham izchil davom ettirilmoqda. Biz esa deputatlarimiz bilan davlat va nodavlat sektorlarda yuqori malaka talab etmaydigan ish o‘rinlarini ko‘paytirish, xususan, o‘zini o‘zi band qilishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdik. Yaqinda bu boradagi takliflarimizni sessiyalar muhokamasiga olib chiqishni mo‘ljallayapmiz.

 

Inoyatxon HOSHIMOVA,

O‘zXDP Andijon viloyat kengashi raisi o‘rinbosari:

– Tuman va shaharlar iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan taklif va tashabbuslarimizda nafaqat ish o‘rinlarini ko‘paytirish, balki daromadni, mehnat sharoitini ham bosqichma-bosqich yaxshilab borishga e’tibor qaratilmoqda.

Shu yilning may oyida xalq deputatlari Andijon viloyat kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlik guruhining jamoatchilik eshituvini o‘tkazdik.

Unda dastlab Andijon viloyatida yangi ish joylari yaratish va aholi bandligini ta’minlash holatini o‘rganish yakunlari hamda viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i A. Nurmatovning hisobotini eshitdik.

Hisobotdan kelib chiqib o‘z takliflarimizni berdik. Masalan, kasbga o‘qitish muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan mahsulotlarni bozorga olib chiqib sotish amaliyotini joriy etish bo‘yicha viloyat hokimligiga taklif kiritdik. Pillachilikda yaratilgan mavsumiy ish o‘rinlari uchun imtiyozlar berish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni manzilli ro‘yxatlar asosida viloyat IIB (uzoq muddatga ketgan shaxslar axborot-elektron ma’lumotlar bazasi) orqali hokim yordamchilariga doimiy yetkazish, «Onlayn mahalla» elektron platformasini va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining «Labormigration» dasturiy majmuasi bilan integratsiya qilishga doir takliflarimiz ham mazmun-mohiyatiga ko‘ra ahamiyatlidir.

Shuningdek, partiya guruhi qarori bilan deputatlar, partiya faollari, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. Ushbu guruh 10-24 may kunlarida Andijon shahri, Oltinko‘l, Asaka, Ulug‘nor tumanlarida aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish masalasini o‘rgandi.

Andijon viloyatida 2023 yilgi dastur doirasida barcha yo‘nalishlarda 470 ming 341 nafar ishsiz aholining bandligini ta’minlash rejalashtirilgani holda amalda 531 ming 685 nafar kishi ishli bo‘lgan. Boshqacha aytganda, reja quruq gap bo‘lib qolmay, amalda ziyodi bilan uddalangan.

Joriy yilda ham barcha yo‘nalishlarda 293 ming 838 nafar ishsiz aholini daromad keltiriladigan mehnat bilan band qilish nazarda tutilgan. Dastur ijrosi yuzasidan investitsiyada 33,1 ming nafar, xizmat ko‘rsatishda 108,5 ming nafar, qishloq xo‘jaligida 145,3 ming nafar, qurilishda 6,8 ming ishsizlar bandligini ta’minlash «yangi ish.mehnat.uz» elektron platformasiga kiritilib, har oy yakuni bilan Soliq qo‘mitasi orqali haqqoniyligi o‘rganilmoqda.

Yaqinda deputatlarimiz ishtirokida biz ham joriy yil uchun belgilangan bandlik dasturlari ijrosini o‘rganish rejasini tuzdik. Dasturga kiritilgan, ko‘zda tutilgan ish joylarining o‘z vaqtida ochilishi bo‘yicha nazorat-tahlil ishlarini olib boramiz.

 

***

Fikrlarni tingladik. Darhaqiqat, partiya dasturiy maqsadlari bilan bog‘liq masalalarni joyiga chiqib, mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birga o‘rganish amaliyoti kengaymoqda. Natijalar ham shunga yarasha tarozi bosadigan. Ammo bu masalaga sustkashlik bilan yondashayotgan deputatlar, partiya tashkilotlari ham bor. Mahalliy Kengashlar aholini ish bilan ta’minlash masalasida tahliliy faoliyatni yanada kuchaytirishi, doimiy komissiyalar va sessiyalar muhokamasiga o‘z pozitsiyasini, taklifini taqdim qilib, ularni dadil himoya etishi kerak.

Har holda saylov yaqin. Saylovga va saylovchilar huzuriga yorug‘ yuz bilan peshvoz chiqishga nima yetsin?!

 

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 10.07.2023, №27

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish