Bugun barcha joyda bo'lgani kabi Farg'ona viloyatida ham aholi sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xo'jaligi, qurilish, xizmat ko'rsatish sohalarida fidokorona mehnat qilib, O'zbekistonni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga munosib hissa qo'shmoqda. Vodiy javohiri - go'zal Farg'onada yangi-yangi loyihalar ishga tushurilib, odamlarning turmush tarzi yanada yaxshilanmoqda.
Xususan, Qo'qonda yangidan ochilgan aeroport endi xalqimizning uzog'ini yaqin qilish bilan birga, turizmni rivojlantirishga hissa qo'shadi.
Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi davomida Qo'qon shahridagi sobiq Qo'qon superfosfat zavodi negizida tashkil etilgan ''Indorama Kokand Ferilizers and Chemicals'' aksiyadorlik jamiyatida bo'ldi. Ushbu korxonaga 70 million dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, qo'shimcha 150 ta ish o'rni yaratildi. Korxona yiliga 30 million dollar mahsulotni eksport qilish quvvatiga ega. Tashrif doirasida korxonani keyingi bosqichlari haqida va unda yaratiladigan ish o'rinlari ko'lami ortishi haqida ma’lum qilindi.
Keyingi yetti yilda Farg'ona viloyatiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 77 trillion so'mni tashkil etmoqda. Buning natijasida 116 mingta ish o'rni va 4,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan.
Shuningdek, tovar aylanmasi 10 million dollardan oshgan 122 ta korxona paydo bo'ldi hamda Farg'ona korxonalari 60 ta yangi bozorga kirib bordi. Joriy yil viloyatimizda 1,3 milliard dollarlik mingdan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Farg'ona viloyatida xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 132 ta loyiha shakllantirilgan. Ushbu loyihalar ishga tushurilishi natijasida 23 mingdan ortiq aholi ish bilan ta'minlanadi. Mazkur loyihalar to'qimachilik, oziq-ovqat, tibbiyot, elektrotexnika, qurilish materiallari, xizmat ko'rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.
Kiritilayotgan investitsiya loyihalari Avstriya, AQSH, Xtoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Yaponiya va Ozarbayjon kabi mamlakatlar hissasiga to'g'ri keladi.
O'tgan yillarda viloyatga kiritilgan har bir ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumlarini o'rtacha 207 dollarga ko'paytirgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi davomida faollar bilan o'tkazilgan yig'ilishda viloyatning 19 ta tuman-shaharida Xitoy tajribasi asosida sanoatning aniq yo'nalishiga ixtisoslashtirish va ularda sanoat zonalarini tashkil qilish belgilandi.
Sanoatni tuman va mahallaga tushirish uchun infratuzilma xarajatlariga 50 million dollar ajratiladi.
Farg'onada sanoatga katta turtki beradigan loyihalar ko'paytiriladi. Xususan, energetika, neft-gaz va kimyo sohalarida 2 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilgan.
Viloyatning Beshariq tumanida 500 megavattli, O'zbekiston tumanida 180 megavattli fotoelektr stansiyalari qurilishiga start berildi. Quvasoy shahrida elektromobilni zaryadlash stansiyalarini ishlab chiqarish korxonasi joriy yilda ishga tushirilsa, Rishtonda yiliga 17 ming tonna biologik parchalanadigan noto'qima mato ishlab chiqarish bo'yicha loyiha ishlari jadallashtiriladi. Ushbu zamonaviy stansiyalar energetika xavfsizligini ta’minlashga, iqtisodiy samaradorlikni oshirishga, ekologik barqarorlikni yaxshilashga xizmat qiladi.
Bir so'z bilan aytganda, bugun Farg'ona viloyatida o'zgarishlar juda katta. Ayniqsa, sanoat, qurilish sohalarini rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar salmog'i nihoyatda keng. Davlatimiz rahbarining Farg'ona viloyatiga tashrifi tom ma'noda, hudud taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi.
Dilbar Mamadjanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O'zXDP fraksiyasi a'zosi.