O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi tashabbusi bilan Xo‘jayli tumanida deputatlar va yoshlar muloqotini tashkil qilish, yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb etish, ularning muhim tashabbus va takliflarini olish, yoshlarning siyosiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, partiya safiga va tizimiga jalb qilish maqsadida «Deputat va yoshlar» forumi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiya a’zolari, Xalq deputatlari Xo‘jayli tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zolari, partiyaning «Yoshlar qanoti» faollari, Qoraqalpog‘iston Respublika, Xo‘jayli tuman partiya kengashi mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Forumni O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov kirish so‘zi bilan ochdi va bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shu jumladan, yoshlarga o‘z tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida va partiyaning yoshlar bilan ishlash borasidagi faoliyatiga to‘xtab o‘tdi.
Muloqotda so‘z olgan yoshlar partiya saylovoldi dasturida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha g‘oyalari, takliflari va fikr-mulohazalarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
Tadbir davomida partiya safiga yangidan qabul qilingan yoshlarga partiya a’zolik guvohnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.