2019 yili «Yangi O'zbekistonda yangi saylovlar» shiori ostida parlament va mahalliy Kengashlarga bo'lib o'tgan saylovda O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi bir qator muhim tashabbuslarni qamrab olgan Saylovoldi dasturini taqdim etgan edi. Oradan 5 yil o'tdi va, mana, navbatdagi saylov ostonasida turibmiz.
Mana shunday pallada partiya dasturida belgilangan ustuvor maqsadlarning qanchasi o'zining hayotiy isbotini topmoqda, degan savol tug'ilishi tabiiy, albatta. Saylovchilar, jamoatchilik bu savolga aniq javobni kutadi. Aytish kerakki, Xalq demokratik partiyasi ayni mas'uliyatni anglagan holda amaliy natijalarga erishish yo'lida sobitqadamlik bilan harakat qilmoqda.
Kuchli ijtimoiy siyosat — ijtimoiy davlatchilik poydevori, barqaror jamiyat va farovon turmush asosi hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, Xalq demokratik partiyasi tomonidan Saylovoldi dasturdagi asosiy maqsad sifatida yangi Konstitutsiyada belgilangan «davlatning ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish mexanizmlarini belgilash hamda demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish uchun» bir qator ustuvor yo'nalishlar taklif etilgan edi.
Partiya davlat aholi manfaatlarini to'laqonli ta'minlash maqsadida kuchli ijtimoiy siyosat yuritishi lozim, deb hisoblaydi. Dasturda mazkur yo'nalishda bir qator masalalarga e'tibor qaratish kerakligi ta'kidlangan.
- aholining ehtiyojmand qatlamlari yashash sharoitlarini yaxshilash;
- har bir insonning birlamchi hayotiy ehtiyojlariga yetadigan eng kam iste'mol xarajatlarini qonun darajasida belgilash, ya'ni «Eng kam iste'mol xarajatlarini belgilash tartibi to'g'risida''gi qonunni qabul qilish;
- fuqarolarning bandligini ta'minlash, ishsizlikdan himoya qilish, kambag'allikni qisqartirish choralarini ko'rish, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bo'lgan shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va ularga g'amxo'rlik qilish shular jumlasidandir.
Sir emas, yillar davomida kam ta'minlangan oilalarga nafaqalarni belgilashda aniq mezonlar yo'qligi, ajratilgan mablag'larning real ehtiyojga nisbatan kamligi kabi muammolar ijtimoiy adolatga erishish imkonini bermay kelayotgan edi. Ochig'i, shu paytga qadar qaysi oila qanday asosga ko'ra nafaqa olishi kerak, degan dolzarb savolga konkret javobning o'zi yo'q edi. Davlat budjetidan ajratilgan mablag'larning aynan muhtoj fuqarolarga yetib borishida ham qator tushunmovchiliklar yuzaga kelganini hammamiz yaxshi bilamiz.
Bugun esa vaziyat tamomila o'zgardi. Ijtimoiy himoya bilan bog'liq masalalar bo'yicha butunlay yangi tizim yaratildi. Xususan, oilalarga nafaqa belgilash asoslari aniq qilib qo'yildi. Tizimda ochiqlik, tenglik, adolat tamoyillariga qat'iy amal qilish vazifasi belgilandi.
O'zbekiston – ijtimoiy davlat
O'tgan yili yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ilk bor O'zbekiston – ijtimoiy davlat, deb e'lon qilindi. Ya'ni insonga e'tibor hamda g'amxo'rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani konstitutsiyaviy norma darajasida mustahkamlandi. Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog'liq normalar qariyb 3 barobar ko'paydi. Xususan, bandlikni ta'minlash, ishsizlikdan himoya qilish, kambag'allikni qisqartirish, har kimning uyli-joyli bo‘lish huquqiga oid qator majburiyatlar kiritildi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini yanada manzilli qo'llab-quvvatlash maqsadida ma'lumotlar bazalari shakllantirila boshlandi. 2021 yildan boshlab aholining kam ta'minlangan qatlamlarini «ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritish orqali ro‘yxatga olish mexanizmi joriy etildi, bu esa kam ta'minlangan oilalarga o'zlariga tegishli bo'lgan ijtimoiy yordamni byurokratik tartib-qoidalarsiz avtomatik tarzda olish imkonini berdi.
Albatta, har bir islohot, yangi o‘zgarish minglab, millionlab insonlar hayotida burilish yasaydi. Ijtimoiy sohada bugun ro‘y berayotgan yangilanishlar Xalq demokratik partiyasi g‘oyalari bilan uyg‘undir. Aynan bizning elektorat manfaatlari bilan bog‘liq masalalarning taqdiri hududlarda hal bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan joylarda mas’ullarning deputatlar korpusi oldidagi hisobdorligi, mahalliy vakillik organlari tomonidan jamoatchilik nazoratining kuchaytirilishi qonunlar, qarorlar, davlat dasturlari ijrosi ta’minlanishida muhim ahamiyatga ega ekanini unutmaslik lozim.
Laziza SHEROVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 17.07.2023, №28