Ijtimoiy masalalar yechimi iqtisodiy barqarorlik garovi
Ijtimoiy masalalar yechimi iqtisodiy barqarorlik garovi

 

Ijtimoiy siyosat va davlat ijtimoiy dasturlarini ishlab chiqib joriy etishda, shuningdek, mehnatga haq to'lash, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar va boshqa ijtimoiy to'lovlarning eng kam darajasini belgilashda xalqaro hamjamiyatda umumqabul qilingan ko'rsatkichlar, ya'ni yashash minimumi hamda uni qo'llash tartibini amaliyotga kiritish ayni zaruratdir.

Ochig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi(avvalgi tahrir)ning 39-moddasida “pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas“ligi qayd etilgan, biroq ushbu Konstitutsiyaviy norma amalda 27 yildan beri ishlamay kelayotgandi. Mamlakatimizda yashash minimumini aniqlashning huquqiy mexanizmlari va mezonlarning yo‘qligi, to‘g‘rirog‘i, shu vaqtgacha belgilanmagani o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalarga haqiqatan muhtoj oilalarni aniqlab olishga imkon bermayotgandi.

Bu Xalq demokratik partiyasi uchun o‘ta muhim masala hisoblanib, avvalo, kambag‘allikni belgilovchi mezonlarni aniqlashtirib olish maqsadga muvofiq edi.

2020 yilning 3 iyun kuni Prezident raisligida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2020 yil 1 oktabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor bo‘yicha huquqiy asoslarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Shu yili minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash uchun respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 ming 400 ta uy xo‘jaligida so‘rovnoma o‘tkazilib, ular 10 ta guruhga bo‘lindi va ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat va daromadga ega bo‘lgan 30% uy xo‘jaliklari ajratildi.

So‘rovnoma natijasida olingan ma’lumotlar asosida mazkur oilalarda jon boshiga kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste’mol xarajatlar 2021 yilda kishi boshiga 440 ming so‘mni tashkil etishi belgilandi.

2021 yil 27 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida” qarori qabul qilindi. Shu tariqa mamlakatimizda minimal iste’mol xarajatlari amaliyotga joriy qilindi. Bu kambag‘allik chegarasini aniqlashda ham asos qilib olindi.

Demak, partiya Saylovoldi dasturidagi eng muhim maqsadlardan biri amalga oshdi, minimal iste’mol xarajatlari rasman belgilanib, xalqimizga foydasi tegmoqda, davlatning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish kafolatlaridan biriga aylanmoqda.

Bundan tashqari, fraksiyamizning partiya bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash, pensioner hamda nogironlar huquqlarini himoya qilish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha tashabbuslari ham e’tiborga molik.

Xususan, «Deputat mahallada», «Mahallada ijtimoiy xizmat», «Mahallada kambag‘al oilalar sonini kamaytirish», «To‘siqsiz hayot», «Teng huquq, teng imkoniyatlar!», «Sog‘lom ona, sog‘lom oila», «Xotin-qizlar huquqlari - qonun himoyasida», «Safimizdagi yoshlar», «Deputat va yoshlar», «Qonunchilik – yoshlar nigohida» kabi qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyihalar doirasida fraksiya a’zolari hamda partiya xodimlari tomonidan 30 dan ortiq hududga tashrif buyurilib, 5 000 nafardan ziyod saylovchi, shu jumladan, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan aholi vakillari bilan muloqot qilindi, mavjud muammolar o‘rganilib, ularni hal etish yuzasidan zarur choralar ko‘rildi.

 

Mavjuda HASANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

«O‘zbekiston ovozi», 17.07.2023, №28

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish