Qashqadaryoliklardan Saylovoldi dasturiga takliflar olindi

 

Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan muloqotlar Qashqadaryo viloyatida ham yuqori kayfiyatda o‘tmoqda.

O‘zbekiston XDP viloyat kengashida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatdagi tuman va shaharlar saylovchilari, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, yoshlar, partiya faollari ishtirok etdi.

Muloqotda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yangi Saylovoldi dasturi loyihasi konsepsiyasi bilan tanishtirdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z dasturiy maqsadlarini, avvalo, mamlakatda ijtimoiy barqarorlik, fuqarolar va millatlar o‘rtasidagi hamjihatlik, har bir oila hamda butun xalqning farovonligiga erishish kabi umummilliy manfaatlar ustuvorligiga asoslanib belgilaydi. Jahonda kuzatilayotgan aktual tendensiyaga mos ravishda eng asosiysi, xalqimiz, yurtdoshlarimiz uchun O‘zbekistonni amalda ijtimoiy davlatga aylantirish bilan bog‘liq ilgari surilayotgan yangi g‘oyalar haqida tanishtirildi.

Yangi Saylovoldi dasturida davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishga qaratilgan 100 ga yaqin taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Barcha ijtimoiy qatlamlar davlat va jamiyat boshqaruvida ishtirok etishiga real sharoit yaratish, huquqiy, ijtimoiy tafovutlar oshib ketmasligiga erishish, qonun ustuvorligini, davlatning xalqqa hisobdorligini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratilmoqda.

Masalan, ishsizlik bo‘yicha majburiy ijtimoiy sug‘urta milliy modelini joriy etish,zamonaviy tibbiyot va xalq tabobatini qo‘shgan holda davolash standartlarini joriy etish orqali doriga qaramlikni kamaytirish kabi takliflar bilan chiqilmoqda.

Bundan tashqari, partiya adolatli davlat pensiya ta’minoti tizimini joriy qilish, bunda sobiq jamoa xo‘jaligi va shirkat xo‘jaligida ishlagan fuqarolarning mehnat davrlarini to‘liq yil sifatida inobatga olish singari muhim masalalar, ustuvor yo‘nalishlar, g‘oya va tashabbuslarni ilgari surayotgani to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.

Qatnashchilar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturiga kiritish ko‘zda tutilayotgan takliflar, g‘oya va maqsadlar bilan tanishar ekan, ularning ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillariga asoslanganligi, aholi orasida ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, ehtiyojmandlarga yordam berish kabi ezgu g‘oyalarga asoslanganligini har tomonlama ma’qullashdi.

Muhokamada so‘zga chiqqan faollar O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro uchun adolat tamoyillari asosida munosib turmush tarzini yaratish, aholining bandligini ta’minlash va farovonligini oshirish kabi masalalar bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflarini bildirishdi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish