Yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir!
Yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir!

 

Bugun O‘zbekiston katta bunyodkorlik, yaratuvchanlik maydoniga aylangan. Mehnat ruhi, Vatan ravnaqiga daxldorlik tuyg‘usi xalqimiz ongu shuuridan chuqur joy olmoqda.

Obro‘, hurmat-e’tibor o‘z-o‘zidan kelmaydi. Elu yurt manfaatlari yo‘lida xizmat qilish, halol mehnat va to‘kilgan peshona terining mukofoti bo‘ladi, albatta. Ayniqsa, xalqparvar, yurtparvar insonlarning xizmatlari Davlat mukofoti darajasida e’tirof etilsa, ehtiromga munosib topilsa, bu ikki hissa baxtdir. Zotan, yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir!

Shu kunlarda Davlatimiz Mustaqilligi 33 yilligi munosabati bilan Prezident Farmoniga binoan turli soha vakillari yuksak orden va medallar bilan taqdirlanmoqda. Ular orasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining jonkuyar hamda faol a’zolari, senator va deputatlar ham borligi quvonarli.

Partiyadoshlarimizni mukofotlar bilan tabriklash asnosida ularning hayajonlariga, qalb kechinmalariga sherik bo‘ldik.

 

Halol mehnatning qadri

Oyistaxon MIRZAYEVA,

O‘zbekiston XDP Izboskan tuman Kengashi deputati, «O‘zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» faxriy unvoni sohibasi:

– Men juda-juda baxtliman! Shunday tinch, farovon mamlakatda yashashning o‘zi chinakam saodat. Farzandlar bag‘rida sog‘-salomat yurish, oilada, el-yurtda aziz bo‘lish, halol mehnatingning qadrini ko‘rish kishini boshqacha to‘lqinlantirib yuboradi.

Dehqonchilik ota-bobolarimdan meros. “Toki yerga qor tushguncha hosil olish imkoni bor. Bu benazir imkoniyat, undan samarali foydalanish, tabiat ne’matini borida qadrlash kerak”, deb otam ko‘p uqtirar edi. Shunday muhitda men ham yoshlikdan yerga mehr berdim, yer bilan tillashdim.

Qishloq xo‘jaligida oson yilning o‘zi bo‘lmaydi. Tabiat injiqliklari, suv resurslari cheklangani kabi mashaqqatlar fermerdan katta azmu shijoat, mirishkorlik va tajriba talab etadi. Ammo mehnat qilgan odam kam bo‘lmaydi, harakatda barakat, deyishadi-ku.

20 yildan beri “Gulzor pari” fermer xo‘jaligi rahbariman. Paxta, g‘alla va sabzavotlar yetishtiramiz. Daromadimiz yaxshi, o‘zimizdan ortib, ehtiyojmandlarga, fermer xo‘jaligimizdagi ishchilarimizga ham yordam berib kelamiz. Shukrki, topganimizda baraka bor, yildan-yilga hosilimiz yomon emas, daromadimiz ham yaxshi.

Hozir 150 gektar yerimiz, yuz nafar ishchimiz bor. Tong sahardan dalaga chiqib ketaman. Bir kunim yo‘qki, dalaga chiqmagan, hosilni ko‘zdan kechirmagan bo‘lsam...

Men Xalq demokratik partiyasi a’zosiman, partiyadan tuman Kengashiga deputat bo‘lib saylanganman. Uzoq yillar partiya tizimida ham mehnat qildim. Hozir ham uning bir bo‘lagi sifatida ishimni davom ettiryapman. Bundan faxrlanaman.

Fursatdan foydalanib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda fidokorona mehnat qilib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni mustaqilligimizning 33 yilligi bilan tabriklayman. Vatanimizga, yuksalayotgan yurtimizga, xalqimizga ko‘z tegmasin!

 

E’tibor va e’zozning zavqi boshqacha

Muqaddas O‘ROZALIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi, «Do‘stlik» ordeni sohibasi:

– Zomin tumanidagi saylovchilarning murojaatini o‘rganish tashvishi bilan yurgan edim. Yo‘ldaligimda tanish-bilishlar, do‘stlar, qarindoshlardan birin-ketin qo‘ng‘iroqlar bo‘la boshladi. Bari “Orden muborak, mukofot qutlug‘ bo‘lsin”, der edi.

Kun bo‘yi murojaatlar bilan yurib, yangiliklarni o‘qishga ulgurmagandim. Ishlarimni tugatishim bilan davlatimiz rahbarining Farmonini ko‘rdim. Mukofotlanganlar qatorida ism-sharifimni o‘qib, to‘g‘risi, kuni bilan yig‘ilgan charchoqlar bir zumda tarqadi. Mehnatning qadri, e’tibor va e’zozning zavqi boshqacha bo‘ladi. Xursandchiligimni oila a’zolarim bilan bo‘lishdim.

Kamtarona mehnatimizning davlatimiz rahbari, xalqimiz tomonidan e’tirof etilishi yanada shijoat ko‘rsatib ishlashga ilhomlantirmoqda. Zotan, rag‘bat insonni yangi marralar, tashabbuslar sari chorlaydi.

Lekin bu mukofot berilgandan keyin hayajon bilan birga o‘zimda javobgarlik, mas’uliyat yanada oshganini ham dildan his qilyapman. Rejalar tuzyapman, oldimga yanada katta maqsadlarni qo‘yyapman.

Bizning oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri xalqimizning og'irini yengil qilish, ijtimoiy hayotdagi muammolarni vaqtida va samarali hal etishdan iborat. Buning uchun saylovchilar bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqotni yo'lga qo'yish, murojaatlarni qonuniy va o'z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta'minlashga qaratilgan tizim amalda to'la o‘zini oqlamoqda.

Umuman olganda, aholi turmush darajasini oshirish bilan bog‘liq islohotlarga befarq bo‘lmaslik, ularning takomillashuviga biroz bo‘lsa-da hissa qo‘shish biz, deputatlar uchun ham farz, ham qarz, deb bilaman.

Xalqimizning tolei doim baland bo‘lsin. Mustaqilligimizni munosib va yuksak natijalar bilan nishonlash hammaga nasib etsin!

 

Hayajon va quvonchga to‘la xabar

Anvar TUYCHIYEV,

Oliy Majlis Senati a’zosi, xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi deputati, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi:

– Prezidentimizning bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risidagi Farmonini tanishlardan kimdir chiqarmikin, degan xayol bilan o‘qiy boshladim. Qarasam, ro‘yxatda o‘zimning ham ism-familiyam turibdi. O‘sha lahzadagi hayajon va quvonchimni ta’riflab berolmayman.

E’tibor bersangiz, so‘nggi paytlarda katta-kichik rahbarlar, barcha tashkilotlarga birinchi navbatda odamlarni rozi qilish vazifasi topshirildi. Bir paytlar mahallaga qadami tegmagan mansabdorlar ham, kunini kabinetida, ish stolidan nariga o‘tmay o‘tkazgan idoralar rahbarlari ham hozir mahallalarga kirib boryapti, odamlar bilan muloqot qilyapti. Yurtdoshlarimiz davlat idoralari oldida sarson bo‘lishdan qutuldi. Pensiya va nafaqalar olishdagi navbat kutishlar, naqd pul yetishmovchiligi-yu turli byurokratik to‘siqlar barham topdi. Hududlarda aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib, yillar davomida yechimini kutgan muammolar birin-ketin hal bo‘lmoqda. Shuning uchun bugun odamlarimizda hayotga qarash o‘zgargan, islohotlarga befarq emas.

Shunisi aniqki, xalqimizni rozi qilish yo‘lidagi keng qamrovli islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lish biz, deputatlar zimmasiga ulkan sharaf va mas’uliyat yuklaydi.

 

Odamlarni rozi qilishni o‘rgandik

Ramazon RUSTAMOV,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Navoiy viloyat Faxriylar kengashi raisi, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi:

– Qariyb 40 yil Markaziy bankning Navoiy viloyati bosh boshqarmasida ishladim. Eng mamnun bo‘lganim shuki, odamlarni rozi qilishni o‘rgandik.

2016 yildan buyon nafaqadaman. Ammo jamoatchilik ishlaridan, mehnatdan, xalq xizmatidan to‘xtaganim yo‘q. Jamoatchilik asosida Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasining “Nuroniylar kengashi” rahbari, Xalq demokratik partiyasi Navoiy viloyat kengashi Faxriylar kengashi raisi, inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati viloyat bo‘limi boshlig‘i sifatida xayrli ishlarga baholi qudrat bosh qo‘shib kelyapman.

Kuni kecha Xalq demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, mukofot bilan tabriklashdi. Yaqinlarim, tanishlarim va hamkasblarimning qutlovlari, tabriklari haliyam uzilgani yo‘q. E’tirof va e’tibordan boshim ko‘kka yetdi. Chunki ozmi-ko‘pmi mehnatingiz yuksak darajada e’tirof etilsa, mamnuniyat, minnatdorlik hislari qalbingizni egallab olar ekan.

Partiyamiz tashkil topgan ilk yillardan buyon unga a’zoman. O‘tgan yillar davomida uning g‘oyalari, dasturiy maqsadlarini targ‘ib qilishda faol ishtirok etdim. Mehnatdan e’tirof, e’tibor topishning zavqi boshqacha bo‘lar ekan.

Bildirilgan ishonch hamda e’tibordan kuch olib, xalqqa xizmat qilish yo‘lida davom etamiz.

Mana shunday umidbaxsh kayfiyatda xalqimizni, saylovchilarimizni, elektoratimiz vakillarini eng ulug‘, eng aziz bayramimiz bilan chin dildan qutlaymiz.

 

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri

Laziza SHEROVA yozib oldi.

«O‘zbekiston ovozi», 28.08.2023, №34-35

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish